Iqtisodiyot | 19:30 / 19.08.2025
10978
3 daqiqa o‘qiladi

Arzonlashayotgan dollar: sabablar va oqibatlar haqida iqtisodchi va tadbirkor bilan suhbat

Dollar kursi muttasil o‘sishdan to‘xtab, so‘m mustahkamlanib bormoqda. 19 avgust kuni kurs yana 12 500 lik chegaradan pastga tushdi. Ayrimlar valutani o‘yin qilishyapti degan mish-mish ham tarqatyapti. Lekin Kun.uz gaplashgan iqtisodchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, bu – fundamental omillar bilan bog‘liq. Tadbirkor Anvar Abduqayumga ko‘ra, bunga import mollarining savdosi o‘lib borayotgani ham ta’sir qilyapti.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda oxirgi yarim yildan buyon dollar kursining kunlik tebranish chastotasi oshgan. Shu bilan birga, kursning pasayishi ham kuzatilmoqda.

Fevral oyida 1 dollarning rasmiy kursi 13 000 so‘mga teng chegaradan o‘tgach, mana, oradan 7 oy o‘tib, 12 500 so‘mdan ham pastga tushdi. Markaziy bank 19 avgust uchun 1 AQSh dollarining rasmiy kursini 12 497 so‘m deb belgilagan.

Kun.uz mavzu yuzasidan iqtisodchi va tadbirkorga quloq tutarkan, AQSh valutasi qadrining tushishi iqtisodiy omillar hosilasi ekani oydinlashadi.

Iqtisodchi Shuhrat Rasulga ko‘ra, avvalo, O‘zbekistonning asosiy eksport tovari bo‘lmish oltin narxlarining rekord darajada o‘sayotgani bunga sabab bo‘lmoqda. Natijada tashqi savdo aylanmasida eksport va import o‘rtasidagi manfiy farq birinchi yarim yillikda 3,2 mlrd dollargacha qisqargan. Bu, o‘z navbatida, valuta oqimining ortishi va unga talabning muvozanatlashishini ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston shu yilning 6 oyi davomida 6,4 mlrd dollarlik oltin sotgan, bu avvalgi yillarnikidan sezilarli ravishda ko‘p. Aynan shu omil ham dollar kursi tushishiga ta’sir o‘tkazmoqda”, deydi iqtisodchi Shuhrat Rasul.

Tadbirkor Anvar Abduqayum ham oltin narxi qancha oshadi, dollar kursi shuncha tushadi deb hisoblaydi, shu sabab jamg‘armalarini oltinda saqlashga o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, dollar kursining pasaygani eksportchi tadbirkorlarning zarariga ishlayapti.

“Dollar kursining pasayishiga sabab import mollari bozorining o‘layotganida ham deb bilaman. Chunki o‘tgan yili import qilingan tovarlar bozorlarda yotibdi. Odamlar daromadining katta qismini kredit, muddatli to‘lovlarga sarflayapti”, deydi Anvar Abduqayum.

Suhbatdoshlar dollarning kursi sun’iy oshirilib-tushirilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan taxminlarni rad etdi. Kambag‘al va rivojlanayotgan iqtisodlar uchun dollarning beqarorligi tez-tez uchrab turadigan holat, deydi iqtisodchi Shuhrat Rasul.

Suhbatni Kun.uz'ning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid