Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yevropalik cho‘chqachalar qulashimizdan umid qilgan» - Putin Bayden ma’muriyati va yevropaliklarni urushni boshlashda aybladi
Rossiya mudofaa vazirligi yig‘ilishida nutq so‘zlagan Vladimir Putin - AQSh sobiq ma’muriyatini Ukrainadagi vaziyatni atayin urushga olib borishda aybladi. Shuningdek, Rossiya prezidenti yevropaliklarni haqorat qildi va «dunyoning hech bir mamlakatida yo‘q, modernizatsiya qilingan» yadro arsenali bilan maqtandi.
Foto: Kreml matbuot xizmati
17 dekabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligining yillik yig‘ilishida nutq so‘zlagan Vladimir Putin Kiyev va Yevropa tinchlik muzokaralarga kirishmasa, kuch ishlatish orqali ko‘proq hududlarni egallashini aytdi.
Putin Rossiya armiyasi barcha yo‘nalishlarda oldinga siljiyotganini va o‘z maqsadlariga kuch bilan yoki diplomatiya orqali erishishini bildirdi.
«Agar qarshi tomon va ularning xorijdagi homiylari mazmunli muzokaralarga kirishishni rad etsa, Rossiya o‘zining tarixiy yerlarini harbiy yo‘l bilan ozod qiladi», — dedi Putin.
Moskva talqiniga ko‘ra, bartaraf qilinishi kerak bo‘lgan bir necha «ildiz sabablar» bor. Euronewsʼning yozishicha, ular qatoriga Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilish istaklari, shuningdek, NATOning sharqqa kengaymaslik bo‘yicha majburiyatlarni buzishi, Kiyevning etnik ruslarni go‘yoki kamsitishi va «Ukrainani denatsifikatsiya qilish» deb ataydigan narsa kiradi.
Bundan tashqari, Putin AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiyani yo‘q qilishga uringanini, yevropalik siyosatchilar ham xuddi shu maqsadni ko‘zlaganini aytdi.
«AQShning avvalgi ma’muriyati vaziyatni ongli ravishda qurolli to‘qnashuvga olib kelgan. Nazarimda, buning sababi ham tushunarli. Hamma qisqa vaqt ichida Rossiyani barbod qilish, parchalab yuborish mumkin deb o‘ylagan. «Yevropalik cho‘chqachalar» esa darhol AQShning avvalgi ma’muriyatining bu ishiga qo‘shilib, mamlakatimiz qulashidan foyda ko‘rishga umid qilgan.
'European little pigs' teamed up with Biden, tried to profit from Russia 'collapse' but 'all their plans failed' - Putin pic.twitter.com/irzI8vEGYv
— Viory Video (@vioryvideo) December 17, 2025
Oldingi tarixiy davrlarda yo‘qotilgan nimanidir qaytarib olish va revansh olishga urinishgan. Endi barchaga ayon bo‘ldiki, Rossiyaga qarshi qaratilgan bu urinishlarning barchasi, bu buzg‘unchi rejalarining barchasi to‘liq barbod bo‘ldi, mutlaqo barbod bo‘ldi», degan Putin.
Nashrga ko‘ra, Putin yevropaliklarni haqoratlash uchun qo‘llagan «podsvinki» (cho‘chqachalar) atamasini avvalroq Dmitriy Medvedev ham G‘arb demokratiyalarini haqoratlash uchun ishlatgan.
U Yevropa siyosatchilarini «Rossiya bir kun kelib NATO davlatlardan biriga hujum qilishi mumkinligi» haqida ogohlantirishlar berish orqali vahimani ataylab kuchaytirishda aybladi.
«Men bir necha bor aytganman: bu yolg‘on, bema’nilik, Yevropa davlatlariga nisbatan qandaydir xayoliy Rossiya tahdidi haqidagi mutlaqo bema’ni gaplar. Ammo bu ataylab qilinmoqda», — dedi Putin.
Yana yadroviy tahdid
U Yevropani tanqid qilishda davom etarkan, g‘arbliklar Moskva bilan muloqotga qaytishga «umid qilishi»ni aytdi. Biroq «hozirgi yevropalik elitalar» bilan bunday ssenariy ehtimoldan yiroq, dedi.
«Bu hozirgi siyosiy elitalar bilan mumkin bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Ammo har qanday holatda ham biz o‘z pozitsiyamizni mustahkamlashda davom etamiz. Agar hozirgi siyosatchilar bilan bo‘lmasa, unda Yevropada siyosiy elitalar almashganda».
Putin shuningdek, AQSh ma’muriyati muloqotga «tayyorlikni namoyish etayotganini» bildirdi. «Biz ular bilan muloqotdamiz. Umid qilamanki, xuddi shu narsa Yevropa bilan ham bo‘ladi».
Yuqori martabali harbiy zobitlariga murojaat qilar ekan, Putin yana bir bor Rossiya yadro arsenali modernizatsiyasi bilan maqtandi.
«Yadro kuchlarimizning 92 foizi modernizatsiya qilingan. Dunyoning boshqa hech bir mamlakatida, hech bir yadro davlatida bunday narsa yo‘q. Biz yangi qurollar va yangi yo‘q qilish vositalarini ishlab chiqyapmiz. Dunyoda boshqa hech kimda ular yo‘q va yaqin vaqt ichida paydo ham bo‘lmaydi», degan Putin.

Rossiya, yetakchisi shuningdek, Rossiyaning yadro kallagi o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan, o‘rta masofali yangi «Oreshnik» ballistik raketasi bu oydan rasman jangovar navbatchilikka kirishini aytdi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousovga ko‘ra, 2026 yilga mo‘ljallangan vazifalardan biri hujumlar sur’atini oshirishdir. Uning nutqi davomida ko‘rsatgan slaydda Rossiya 2025 yilda urushga yalpi ichki mahsulotining 5,1 foizini sarflayotgani qayd etilgan.
Sulh muzokaralari
Putinning bu qat’iy ohangdagi bayonotlari – AQSh rasmiylari Ukrainaga doir muzokaralarda qariyb 90 foiz murakkab masalalar hal qilinganini aytgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Biroq Rossiya yetakchisi o‘zining keng qamrovli talablaridan murosaga tayyormi yoki yo‘qmi degan savollar hanuz saqlanib qolmoqda.
AQSh Rossiya bilan ham, alohida ravishda Kiyev va Yevropa yetakchilari bilan Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda.
Kiyev va Yevropa Ittifoqi Ukrainadan hududiy yon berishlar talab qilinayotganidan xavotirda. Ukraina esa AQShdan kuchli xavfsizlik kafolatlarini xohlamoqda.
Reutersʼning yozishicha, Rossiya hozirda Ukrainaning qariyb 19 foiz hududini nazorat qilayotganini aytib keladi. Bunga – anneksiya qilingan Qrim, Donbass mintaqasi, Xerson va Zaporojiya viloyatlarining katta hududi hamda yana to‘rtta viloyatning ayrim qismlari kiradi.
Putin esa bir necha bor Kiyevdan sharqiy Donbass mintaqasining Ukraina nazoratida qolayotgan qismlarini ham topshirishni talab qilgan. Oq uy ayrim paytlarda bu talabni qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, Ukraina uni qat’iyan rad etib kelmoqda.
Moskva shuningdek, Ukraina armiyasiga qat’iy cheklovlar qo‘yishni, Ukraina hududida G‘arb qo‘shinlari joylashtirilishini taqiqlashni va G‘arbning harbiy yordamini to‘xtatishni talab qilmoqda.
Yevropa yetakchilari esa Kiyevni qo‘llab-quvvatlashlarini va Ukrainadagi urush uchun Rossiya mukofotlanmasligi kerakligini aytadi.
Mavzuga oid
23:06
Turkiya mamlakat hududiga Rossiya droni qulaganini ma’lum qildi
22:42
Ukraina O‘rtayer dengizida birinchi marta Rossiyaning «yashirin floti» tankeriga zarba berdi
22:17
Putin katta matbuot anjumanini o‘tkazdi va jang maydonidagi muvaffaqiyatlarni e’lon qildi
21:57