Jahon | 12:26 / 06.05.2015
13849
2 daqiqa o‘qiladi

9 may kuni Moskvadagi paradda dunyodagi eng kuchli tank namoyish etiladi

9 may kuni Ikkinchi Jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlanib Moskvada o‘tkaziladigan tantanalar doirasidagi harbiy paradda Rossiya dunyodagi eng kuchli tankni namoyish etadi.
The Telegraph nashrida yozilishicha, Rossiya harbiy texnikada chinakam inqilob yasab, texnik ko‘rsatkichlari G‘arb davlatlaridagi muqobillaridan ancha ustun bo‘lgan tankni yaratgan. Nashr paradning oxirgi repetitsiyalariga qadar sir tutilgan T-14 “Armata” tankining rasmlarini e'lon qildi.
Harbiy ekspertlarning fikricha, ekipaj uchun zirhli kapsula va masofadan boshqariluvchi minoraga ega bu tank AQShning “Abrams”, Britaniyaning “Chellenjyer” va Germaniyaning “Leopard” harbiy mashinalariga nisbatan qudratliroqdir.
Ma'lum bo‘lishicha, Moskvadagi paradga 16 ming askar va 300 harbiy texnika jalb qilinadi. Bunga javoban Polshaning Gdansk shahrida ham parad o‘tkaziladi. Ko‘pgina Yevropa davlatlari rahbarlari Rossiyaning taklifini rad qilib, Polshadagi tadbirlarda ishtirok etishga rozilik bildirgan.