O‘zbekiston | 01:29 / 01.09.2020
6788
3 daqiqa o‘qiladi

Eng aziz bayram – hadya ulashish uchun munosib kun

Mustaqillik bayrami kunida tahririyatimizga samarqandlik hamyurtimizdan maktub kelib tushdi. O‘ziga xos taklif ilgari surilgan maktubni quyida qisqartirilgan holda e'tiboringizga havola etamiz.

Foto: KUN.UZ

— Har yili bayram arafasida mustaqillik kuniga bag‘ishlangan tadbirlar, uchrashuvlar, ijodiy kechalar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilardi. Pandemiya sabab bu yil bunday uchrashuvlar haqida kamroq eshitdik. Boshqalarni bilmadim-u, shaxsan menda ana shu holat sezildi. Nafaqat sezildi, birozgina dilim og‘ridi ham.

Men shu yurtning oddiy fuqarosi sifatida mustaqillikni qanchalik qadrlashimni pandemiya sabab o‘zim uchun kashf qildim. Qisqargan targ‘ibot tadbirlari-yu, uchrashuvlar borasidagi kemtiklikni o‘zimcha to‘ldirishga qaror qildim.

Bugun qilgan eng yaxshi ishim – farzandlarimga Mustaqillik bayrami munosabati bilan sovg‘alar olib berish bo‘ldi. Bu ishni umrimda birinchi marta qilyapman. Endi har yili shunday qilmoqchiman. Buning ham sababi bor.

O‘zim bolaligim davomida bayramlar ichida eng ko‘p yangi yil bayramini kutganman. Sababi oddiy, bu kunda bayram sovg‘alari olardik. Kechga borib yil davomidagi eng to‘kin dasturxon bizni kutardi. Qarang, ana shu ikki arzimas narsa uchun shu bayramni yil davomida kutgan ekanmiz.

Nima uchun Mustaqillik bayramini kutmaganmiz? Keling, boshqacharoq yondashamiz. Hozir yoshim 37da. Men uchun hech qaysi bayram sovg‘asi qiziqmas, to‘kin dasturxonga ham mutlaqo hushim yo‘q. Ammo yangi yil kechasi yaqinlashaversa, qandaydir entikish his etaman ich-ichimda. Bolalik xotiralarimni qo‘msayman.

Xo‘sh, nima uchun kelajakda bolalarimiz Mustaqillik kunini sog‘inmasligi, bu kun yaqinlashaversa, ich-ichidan xursand bo‘lmasligi kerak? Hammasi o‘z qo‘limizda va oson-ku!

Farzandlarimiz mustaqillik qanday ne'mat ekanini anglashi uchun ular kamolotga yetishi kerak. Ammo ungacha-chi?

Agar biz, kattalar bugun Mustaqillik kunini uyda bayram qilsak, bolalarimizga sovg‘alar olib bersak, ularga shirinliklar ulashsak, bolalarimiz garchi yosh bo‘lsa-da, mustaqillik qandaydir ne'mat ekanini his eta boshlashadi. Vaqt o‘tib, ulg‘aygan sari mustaqillik nima ekanini anglashga harakat qilaveradi.

Xullas, biz nimani qadrlasak, ular ham shuni qadrlashadi.

Mard bo‘lib ayting, shu yurtning bir fuqarosi sifatida mustaqillikni qadrlay olishingizni biror-bir vosita bilan farzandingizga ko‘rsata olganmisiz? Unda hozir ayni vaqti.

Ehtimol, juda mayda taklif bildirayotgandirman, ammo ana shu arzimas ishni ham qilayotganimiz yo‘q shu vaqtgacha.

Demoqchimanki, bugun ongga qandaydir tantana sifatida muhrlanayotan bu sana, bizdan keyingi avlod hayotida tom ma'nodagi eng yaxshi bayramga aylansin. Muhimi, ularning qalbiga eng asosiy, muhim bayram ekanligini singdiraylik.

Endi shunday qilaylikki, farzandlarimiz mustaqillikni yaxshi ko‘rishsin!

Mavzuga oid