Ta’lim | 10:23 / 06.09.2025
14341
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘quvchilar avtobusga chiqarilmadi: hokimlik bepul qatnov joriy qildi

Paxtachi tumanida avtobus haydovchisi maktabga ketayotgan o‘quvchilarni avtobusga olmagani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘ldi. Hodisadan so‘ng haydovchi ishdan bo‘shatildi va o‘quvchilar uchun bepul avtobus qatnovi tashkil etildi.

Foto: Videodan kadr

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 3 sentabr kuni tumanning Fay mahallasiga qarashli Nazarobod qishlog‘ida sodir bo‘lgan. “Oqtosh-Shaxzod trans” MChJga tegishli davlat raqami 30 E 881HB bo‘lgan “Saxoba-Oqtosh” yo‘nalishida harakatlanuvchi avtobus haydovchisi maktab o‘quvchilarini avtobusga olmagan. Haydovchi bu holatni “o‘quvchilar yo‘lkira haqini to‘lamasligi” bilan izohlagan.

Samarqand viloyati hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, avtobus haydovchisi Musurmon Bobojonov jamiyatning 2025 yil 4 sentabrdagi buyrug‘iga asosan ishdan ozod etilganini ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Nazarobod qishlog‘idan 19 nafar o‘quvchi Paxtachi tumani 28-maktabiga, yana 3 nafar o‘quvchi esa 34-maktabga qatnab o‘qiydi.

4 sentabrdan boshlab ushbu o‘quvchilar uchun bepul avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Paxtachi tuman hokimligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, endi o‘quvchilarning yo‘lkira xarajatlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Viloyat hokimligi bunday kamchiliklar yana takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rilayotganini bildirib, muammoni ko‘tarib chiqqan ijtimoiy tarmoq faollariga minnatdorlik bildirgan.

 

Исомиддин Пулатов
Tayyorlagan Исомиддин Пулатов

Mavzuga oid