O‘zbekiston | 09:34 / 26.02.2021
23755
12 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbek talabalar yetakchi kompaniyalarda ishlash o‘rniga, kundalik mayda ishlarga sho‘ng‘ib ketadi» - Varshavadagi universitet o‘qituvchisi bilan suhbat

Kun.uz'ning «Xorijdagi o‘zbeklar» rukni va Uzbek.Life loyihasining bu galgi mehmoni – Polshada yashab kelayotgan hamyurtimiz Jasur Boboyev. Varshava Vistula akademiyasi doktoranti ushbu akademiyada moliya-buxgalteriya o‘qituvchisi sifatida ishlab kelmoqda.

Asli xorazmlik Jasur Boboyev, 2003–2007 yillarda Toshkentdagi xalqaro Vestminster universitetida, Biznesni boshqarish yo‘nalishida tahsil olgan. Shundan so‘ng ayni universitetda marketing bo‘limida faoliyat yuritgan, shuningdek, Vestminster universitetiga tayyorlanadigan abituriyentlarga ingliz tilidan dars bergan.

Uning xorijdagi sarguzashtlari, o‘zining aytishicha, 2010 yildan boshlangan.

«2007 yilda, Vestminster universitetini tugatgandan keyin 2 yilcha ayni universitet marketing bo‘limida faoliyat olib bordim va bir paytning o‘zida u yerda o‘quvchi yoshlarga Vestminster universitetiga tayyorlov kurslarida ingliz tilidan dars berdim.

2010–2012 yillarda Janubiy Koreyaning Sejong universitetida AQShdagi Sirakuz universiteti (Syracuse University) bilan hamkorlikda ochilgan MBA magistratura bo‘limida tahsil oldim. MBAdagi o‘qishimiz ancha qiziqarli edi. Domlalar asosan AQShlik yoki AQShda ko‘p yillar tahsil olgan koreyaliklar edi.

U yerni 2012 yilda a'lo baholarga tugatdim (GPA 4,25/4,5). Shu yili MBA tugatganlar orasida eng kuchli 10 foizlikka kirganim sababli nufuzli Beta Gamma Sigma jamiyatining doimiy a'zosiga aylandim», – deydi Jasur Boboyev.

— Kimdir mavjud holatdan qoniqmay, kimdir yurt kezib karera qilish, yana kimdir o‘qib-ishlab vatanga qaytish, kimdir esa pul qilish uchun ketganini aytadi. Siz uchun xorijda o‘qish va ishlash nima?

— Universitetda o‘qir va ishlar ekanman, har doim chet elga borib o‘qish va bilim-ko‘nikmalar orttirishni orzu qilardim. Menimcha, hammada, ayniqsa, yoshlar orasida har doim chet elda o‘qish va ishlash bo‘lmasa ham, eng kamida borib ko‘rish orzusi bo‘ladi.

Chet elga chiqishimga asosiy sabab, albatta, chet elda o‘qishga bo‘lgan katta qiziqish edi. Vestminster universitetida chet elda ta'lim olib kelgan va chet ellik ustozlarimiz ko‘p bo‘lardi. Albatta, qo‘shimcha ravishda xorijda iqtisodiy imkoniyatlarning ham ko‘pligi odamning qiziqishini yanada orttiradi.

Xorijda o‘qish va ishlashni bir-biridan ajratish zarur, menimcha. O‘qish ancha qiziqarli o‘tadi. Har xil qiziqarli darslar, o‘qituvchilar bilan bahs-munozaralar, turli davlatlardan kelgan talabalar bilan turli-tuman mashg‘ulotlar – bular hammasi qiziqarli.

Xorijda ishlash biroz murakkab bo‘ladi va bu qiyinchiliklar orasida, menimcha, eng muhimlari bular: madaniyatlar farqliligi va mahalliy tilni juda yaxshi darajada bilmasligingiz.

Ingliz tili kundalik muomala uchun muhim va ingliz tilisiz odatda chet elda na o‘qish, na ishlash mumkin. Lekin mahalliy tilni bilish vaqt o‘tgan sayin birinchi o‘ringa chiqa boshlaydi. Menimcha, har qanday davlatda ham mahalliy tilni juda yaxshi biladigan xorijliklarga munosabat ijobiy ma'noda ancha yuqori bo‘ladi.

— Janubiy Koreyadan Polshaga ko‘chishingiz qanday ro‘y bergan? Bu yerda hozir qanday faoliyat bilan shug‘ullanasiz?

— Koreyada o‘qishimiz MBA yo‘nalishida edi. Asosan chet ellik talabalar bilan o‘qidim. Shu sababdan koreys talabalar bilan yaqindan tanishish imkoniyati bo‘lmadi.

Polshada esa avval moliya va buxgalteriya hisobi bo‘yicha magistraturada o‘qidim va endi doktoranturada davom ettiryapman. Asosan, to‘liq ish shtatida ishlaganim uchun ham PhD darajasini olish ancha cho‘zilib ketyapti.

Men Polsha poytaxti Varshava shahridagi Vistula Biznes va moliya akademiyasida 2015 yildan beri faoliyat yuritib kelaman. Bu ta'lim maskanida asosan moliya va buxgalteriya sohasidagi fanlardan dars beraman. «Buxgalteriyaga kirish» (Introduction to Accounting), «Moliyaga kirish» (Introduction to Finance), «Korporativ moliya» (Corporate Finance), «Moliyaviy buxgalteriya» kabi darslardan saboq beraman.

Vistula universiteti talabalari – asosan chet elliklar. Bu universitet Polshadagi nufuzli Perspektywy jurnali reytingiga ko‘ra mamlakatdagi eng nufuzli xalqaro universitetlardan sanaladi.

Ayni paytda, Vistula universitetida xalqaro aloqalar bo‘limida Erasmus va Tashqi aloqalar bo‘yicha koordinator vazifasida ham ishlayman. Erasmus dasturi doirasida talabalar asosan Yevropa Ittifoqidagi hamkor universitetlarimizda bir yoki ikki semestr stipendiya asosida ta'lim olishlari va yoz ta'tilida pullik staj qilish imkoniyatiga egalar.

Qo‘shimcha ravishda, Erasmus+ dasturi doirasida universitetimiz o‘qituvchilari va ishchilari bir haftalik mehnat safarlariga ham jo‘natiladi. Bu doirada Erasmus bo‘limimiz har yili bir paytning o‘zida yarim million yevroga yaqin loyihalarni amalga oshiradi.

Aslida, Erasmus+ dasturi doirasida universitetimizda boshqa juda ko‘p loyihalar amalga oshiriladi.

Shu jihatdan, Erasmus dasturi – jahondagi eng yirik ta'lim dasturlaridan biri. Dasturning muvaffaqiyatidan kelib chiqib, Yevropa Ittifoqi yaqinda qabul qilgan 2021–2027 yillar uchun budjet rejasida Erasmus+ dasturi uchun ajratilgan mablag‘ni o‘tgan yetti yilgi rejadan 60 foizga ko‘proq qilib, 25 milliard yevroga chiqardi.

— O‘zbekiston bilan ish yuzasidan aloqalaringiz bormi?

— Oliy ta'limda internatsionalizatsiya hozirgi kunda eng dolzarb mavzulardan biriga aylanib bo‘ldi. Internatsionalizatsiya – universitetlar uchun ta'lim sifatini oshirish, talabalar va o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalar orttirishi va ta'limda muvaffaqiyatli, sinovdan o‘tgan jahon tajribasini o‘zlashtirishida katta ahamiyatga ega.

Internatsionalizatsiyaning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – xorijdagi universitetlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish. Bu hamkorlik doirasida talaba va xodimlarni ayirboshlash, konferensiyalar uyushtirish va har xil loyihalarga qo‘l urish mumkin.

Bu doirada juda katta imkoniyatlar bor. Xalqaro hamkorlik – hozirda OTMlar befarq bo‘lmasligi shart bo‘lgan masalalardan biri hisoblanadi. Masalaning muhimligini Polsha misolida olsak, bu yerdagi universitetlarda internatsionalizatsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim va prorektor faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zim oid bo‘lgan internatsionalizatsiya va xalqaro aloqalar masalasida O‘zbekiston bilan hamkorligimiz haligacha yo‘q, afsuski. O‘zbekistondan bir-ikki takliflar bo‘ldi, lekin taklif qilingan sohalar bizga yaqin bo‘lmagani uchun qabul qila olmadik.

Kuzatishimcha, oxirgi paytlarda xalqaro hamkorlik mavzusida Markaziy Osiyoda Qozog‘iston universitetlari ancha faol harakat qilishmoqda. Vistula universitetining Qozog‘istondagi 5 ta universitet bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Shulardan ikkitasi bilan muntazam talaba almashish dasturimiz bor.

— Faoliyatingiz davomida talabalar bilan ishlaysiz. Chet ellik yoki polyak talabalar va o‘zbek talabalar o‘rtasida qanday farqlarni kuzatgansiz?

— Oxirgi paytlarda Vistula universitetida o‘zbek talabalari soni ham ortib boryapti. Hozir bizda 500 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ya'ni o‘zbek talabalarini Polshada ham yaqindan kuzatish imkoniyatiga egaman.

Polsha iqtisodi – Yevropa Ittifoqidagi eng dinamik iqtisodlardan biri. Bu davlatda talabalar va bitiruvchilar uchun juda ko‘p ish imkoniyatlari bor. Ko‘plab xalqaro kompaniyalar Polshada sarf-xarajatlar G‘arbiy Yevropadan kamroqligi va malakali kadrlar ko‘pligi uchun o‘z faoliyatlarining bir qismini bu yerga transfer qilishgan.

Kuzatishimcha, bizning o‘zbekistonlik talabalar ana o‘sha rivojlanayotgan kompaniyalarda karera qilish o‘rniga, o‘qishni chala-chulpa qilib, kundalik mayda ishlarga sho‘ng‘ib ketishgan. O‘zbek talabalar boshqa ko‘pchilik davlatlardan kelgan talabalardan shu jihati bilan farq qilishini kuzatish mumkin.

Aslida, o‘qishga ham e'tibor berib, ayni paytda moddiy ehtiyojlar uchun qilayotgan ishlarini ham davom ettirsalar bo‘ladi.

— Polsha nimasi bilan talabalar uchun qulay deb hisoblaysiz?

— Polsha ta'lim maskanlarida sifatli ta'lim berilishiga alohida urg‘u beriladi. Universitetlarda dars beradigan domlalar katta bilim va salohiyatga ega. Shu sababdan talabalar sifatli ta'lim olishlari uchun tez mashhur bo‘lib ketayotgan joylardan biri Polsha bo‘lib qolmoqda.

Yuqorida ham aytganimdek, Polsha – dinamik iqtisodga ega davlat. Bu degani talabalar uchun ham, bitiruvchilar uchun ham keng ish imkoniyatlari bor.

Polsha 2017 yildan beri ishchi kuchiga katta ehtiyoj bo‘lgani sababli talabalarga ham to‘liq stajli (full-time) ishlash huquqini berdi. Bu tomonlama qaraganda ham Polsha oliy ta'lim olish uchun muhim maskan bo‘lib qolmoqda.

Bundan tashqari, boshqa Yevropa davlatlariga nisbatan yashash xarajatlari Polshada ancha hamyonbop. Ruscha biladigan talabalarimiz slavyan tillari guruhiga mansub polyak tilini qisqa muddatda o‘rganib olishlari mumkin.

— Xorijdagi bir necha yillik hayot sizga nima berdi?

— Xorijda hayot beradigan eng katta tuyg‘u bu – vatan sog‘inchi. Chet elda yashash insonni har tomonlama toblaydi, desam xato bo‘lmaydi. Yaqinlaridan uzoqda, yot insonlar orasida o‘z o‘rnini topishga harakat qilish natijasida inson ancha ulg‘ayadi, hayotga ancha jiddiy va teran nazar bilan qaraydigan bo‘ladi.

Yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Har xil madaniyat va dunyoqarashlarga ega, turli-tuman xalqlar va dinlarga mansub odamlar bilan yashash va ishlash natijasida dunyoga boshqacha, keng nazar bilan qarashni o‘rganadi.

— Xorijda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahat berasiz?

— O‘z tajribamdan va ko‘rgan-kechirganlarimdan kelib chiqqan holda talabalarga bir nechta maslahatlar bergan bo‘lardim.

Birinchisi, bu avvalambor ingliz tilini chuqur o‘rganish. Shunchaki amallab o‘qishni bitiradigan darajada emas, balki kundalik va professional hayotda bemalol ishlata oladigan darajada bilish zarur. Keyinchalik borgan joylarida mahalliy tilni ham yaxshilab o‘zlashtirish lozim. Bu ularga keng imkonlar eshigini ochadi.

Ikkinchidan, Yevropa universitetlarida bizda bo‘lmaydigan staj, har xil kurslar va talaba ayirboshlash imkoniyatlari bo‘ladi. Ba'zan Vistula universiteti pullik staj uchun talaba axtarib topolmaganiga guvoh bo‘lganman. Talabalarimiz bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishlari kerak.

Odatda, pullik stajirovkalardan keyin kompaniyalar talabalarga ishlash imkoniyatini ham taklif qiladi.

Shu bilan birga, albatta, darslariga e'tibor berib yaxshi o‘qishlari kerak.

Mahalliy tilni yaxshi o‘zlashtirgan va mahalliy madaniyatdan xabardor talabalar kelajakda O‘zbekiston bilan xorij davlatlari orasida muhim iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishda katta rol o‘ynashlariga ishonaman.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid