Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina asirligidan 20 nafar chechen qaytarildi. Ular jangsiz taslim bo‘lishganini aytishgandi
Ilgari Ramzan Qodirov «chechenlar taslim bo‘lmasligi»ni aytardi, endi – asirlar «tizimli ravishda» qaytarilayotganini aytmoqda.
Foto: Ramzan Qodirovning Telegram-kanali
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 5 fevral kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tkazilgan harbiy asirlar almashinuvi chog‘ida 20 nafar chechenistonlik vataniga qaytganini ma’lum qildi.
Qodirov o‘z telegram-kanalida yozishicha, uning jamoasi anchadan beri chechenlarni qaytarish masalasi bilan shug‘ullanib kelgan. Checheniston rahbari bu masalada BAA prezidenti Shayx Muhammad ibn Zayd Ol Nahayon bilan gaplashganini aytdi. Qodirov u bilan yanvar oyida, BAA prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga kelganida uchrashgandi.
«Umuman olganda, asirga olingan harbiy xizmatchilarni qaytarish bo‘yicha tadbirlar biz tomonimizdan doimiy va tizimli ravishda olib borilmoqda», – dedi Qodirov. U o‘z jamoasi «bundan keyin ham rossiyalik harbiy xizmatchilarning uyga qaytishiga yordam berish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi»ni qo‘shimcha qilgan.
«Agenstvo» ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina asirligidan qaytarilganlar «Axmat-Checheniston» polkining 2024 yil avgustida Kursk oblasti hududida qo‘lga olingan harbiy xizmatchilaridir. Asirlik chog‘ida bergan intervyularida ular ofitserlar tashlab ketishgani hamda jangsiz taslim bo‘lishganini aytishgandi. Masalan, 36 yoshli harbiy xizmatchi Zaur Chaarov Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi boshlanganidan keyin «kombat va uning o‘rinbosari, shtab boshlig‘i o‘rinbosari – to‘rt-besh kishi darhol o‘rmonga qochib ketgani» haqida so‘zlab bergan.
Axmatchilardan yana biri Magomed Zaraxmatov 14 avgust kuni Sverdlikovo qishlog‘ida asirga tushganini aytgan: «Bizga yaqinlashishdi, o‘rab olishdi. Ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ldik, qarshilik ko‘rsatmadik. [Qarshilik ko‘rsatish] nega kerak?»
«Pervaya polosa» nashri qayd etishicha, o‘tgan yillarda Qodirov asirga tushuvchi chechenlarni tanqid qilgandi. Xususan, 2023 yil fevralida u «Grozniy-inform» nashriga «chechenlar asir tushmasligi»ni aytgandi. O‘sha yil aprelida esa asirlikdan qaytib kelgan besh nafar chechen bilan uchrashishdan bosh tortgandi. «Men chechen jangchisida asir tushish uchun hech qanday sabab bo‘lmasligi kerak, deb hisoblayman», – degandi o‘shanda respublika rahbari.
«Axmat» komandiri Apti Alaudinov ham 2024 yil sentabrida «o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan» chechenlarni asirlikdan qutqarishga harakat qilmasligini ma’lum qilgandi. Ammo, «Agenstvo» nashri qayd etishicha, 2024 yil oxirida chechenistonlik Akramon Asxabov asirlikdan qaytib kelgandi. U asirga olinganida ustida Stefano Ricci brendining ikki ming dollardan ortiq narxdagi kiyimi bo‘lgan.
Mavzuga oid
14:47 / 12.01.2026
Ukraina razvedkasi: Qodirovning sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli Kreml unga voris izlamoqda
19:43 / 04.01.2026
Qodirov omma oldida hassa tutgan holda ko‘rinish berdi
02:36 / 06.12.2025
Dronlar Chechenistondagi «Grozniy-Siti» kompleksiga hujum qildi
14:53 / 12.11.2025