Jamiyat | 16:07 / 08.12.2018
12014
5 daqiqa o‘qiladi

Bugun katta yo‘l bo‘yidagi maktablarda yo‘l harakati xavfsizligi qay darajada ta'minlangan?

So‘nggi vaqtlarda ta'lim tizimiga e'tibor kuchaymoqda. Ayniqsa, maktablarga e'tiborni kuchaytirish, ularning moddiy texnik bazasini mustahkamlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunki maktablarda ertangi kun kelajagi hisoblangan bolalar bilim va tarbiya olmoqda. Ularning shu o‘quv maskaniga sog‘-salomat borib kelishlarini ta'minlash nafaqat ota-onalar, balki o‘qituvchi, haydovchi, YHXX xodimlarining ham burchi hisoblanadi.

Xo‘sh, bugun ularning xavfsizligini qay darajada ta'minlay olyapmiz? Qor-yomg‘irli kunlar allaqachon boshlanganiga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bugun maktablar oldidagi katta yo‘llarda harakat xavfsizligi to‘liq ta'minlanyaptimi? Respublikamiz bo‘ylab vaziyat qanday holatda? Dastlab poytaxtimizda joylashgan bir nechta maktablardagi ahvol bilan tanishdik. 

Youtube'da ko‘rish

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s
 
Mover'da ko‘rish (tas-ix)
 

Chilonzor tumani Al-Xorazmiy mahallasida joylashgan 126-maktab. Maktab oldidagi yo‘lda na svetofor, na tezlikni pasaytirishni ko‘rsatuvchi belgilar bor, hatto piyodalar yo‘lagidagi chiziqlar («zebra») ham o‘chib ketgan. Bunday vaziyatda ota-onasi bilan kelgan o‘quvchilar bir amallab o‘tib olar, lekin biror sabab bilan kuzatuvchisiz, maktabga yolg‘iz qatnaydigan o‘quvchilar bu yo‘llarda qiynalishadi. Bola, baribir bola – o‘yinqaroq bo‘ladi. Yo‘ldan yugurib o‘tib ketadi. Tasvirga olish jarayonida ham bunga guvoh bo‘ldik. Shuni alohida ta'kidlash joizki, rivojlangan g‘arb mamlakatlarida fuqarolar piyodalar yo‘lagiga qadam bosishi bilan barcha haydovchilar harakatdan to‘xtashadi. Biz guvohi bo‘lgan holatda esa, aksincha, hech kim maktab o‘quvchilariga e'tibor bermayapti. Na svetofor, na o‘qituvchi, na YHXX xodimi bor. Shu maktabga farzandlarini bir necha yillardan beri olib kelayotgan fuqarolarni eshitib ko‘rdik. Ular ham bu holat bir necha yillardan beri mavjud ekanligini, hech kim e'tibor qaratmayotganini ta'kidlashdi. Shuningdek, har safar farzandlarini yo‘ldan olib o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelishlarini aytishdi. 

Uchtepa tumanida joylashgan 107-maktabga olib o‘tuvchi yo‘lni tasvirga oldik. Bu yo‘lda faqat piyodalar o‘tish joyini anglatuvchi belgidan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Yo‘l torligi sabab o‘quvchilar yo‘lni kesib o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Zebra chiziqlari ham ko‘rinadigan holatda emas. Bu yo‘l maktabga o‘tish yo‘li ekanligini farzandi shu yerda o‘qiyotganlar biladi, xolos. Avtomashinalar harakati esa juda tez...

«Haqiqatdan ham bolalarni yo‘ldan o‘tkazishda muammoga duch kelamiz. Kup yillardan beri qilib kelgan murojatimiz sabab, YHXX xodimi ajratildi. Faqat ertalabki smenada kelib bolalarni o‘tkazishda nazoratni ta'minlaydi. Lekin tushdan keyin o‘qiydigan bolalar ham bor. Bu – yana 3 ming bola degani. O‘tgan yillar davomida yo‘l transport hodisasi ham yuz bergan. Faqat yo‘l chiziqlarining o‘zi kamlik qilyapti», – deya ta'kidlab o‘tdi 107-maktab direktori Nigora Salimova.

Nigora Salimova

Mavzuni poytaxtimizdagi ikki maktab misolida o‘rganib chiqdik. Kundan-kunga yo‘llarda avtomashinalar soni ko‘payib bormoqda. Shuningdek, hozir ko‘pchilikda zamonaviy telefonlar-u, ovozli quloqchinlar bor. Bu esa yo‘llarda e'tiborni bir joyga jamlashda qiyinchilik tug‘diradi. Maqsadimiz - ertamiz kelajagi bo‘lgan bolajonlar xavfsizligini ta'minlashga hissa qo‘shishdir. Ishonch bildiramizki, mas'ul tashkilotlar bu muammoga e'tibor qaratishadi.

Kun.uz muxbirlari respublika bo‘ylab maktablar yaqinidagi yo‘llarning o‘quvchilar kesib o‘tishi lozim bo‘lgan qismlaridagi holatlarni o‘rganishda davom etadi.

Rahmatillo Isroilov tayyorladi.

Mavzuga oid