Jamiyat | 10:27 / 20.08.2024
6403
4 daqiqa o‘qiladi

Namanganda uyidagi yashirin sexda qalbaki dori ishlab chiqargan feldsher va uning sheriklari qamaldi

Jinoiy guruh “Anaferon”, “Zodak”, “Vitamin V6” va “Xilak Forte” kabi dori vositalarini qalbaki usulda tayyorlashgan. Yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon va Qo‘qon shaharlarida sotuvga chiqarilgan. Jinoiy ish doirasida 6 kishi turli muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Foto: Videodan kadr

Namangan viloyatida qalbaki usulda dori vositalari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruhga sud hukmi o‘qildi.

Joriy yilning 30 yanvar kuni DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri o‘zining yashash xonadonidan Cobalt mashinacbda chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning salonida hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 1000 dona “Zodak” dori vositasi borligi aniqlangandi.

Ma’lum bo‘lishicha, feldsher ushbu dori vositalarini sotish maqsadida Andijon viloyatiga yubormoqchi bo‘lgan. Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, dori vositalari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan yashirin sex borligi aniqlangan. Tsexda sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 763 dona “Anaferon”, 2125 dona “Zodak”, 4000 dona “Vitamin V6” dori vositalari, 570 dona nomsiz flakonlarda siroplar, dori preparatlarini qadoqlashda foydalaniladigan flakonlar, plastik qopqoq va probkalar, dori qutilari va yo‘riqnomalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Mazkur shaxs dori vositalarini tayyorlash va saqlash uchun o‘zining 1977 yilda tug‘ilgan opasini hamda 1974 yilda tug‘ilgan qarindoshini jalb qilgan. Tadbir davomida uning opasining yashash manzilidan ham 120 dona “Zodak”, 260 dona “Anaferon”, 96 dona “Xilak Forte” va 313 dona nomsiz flakonlarga soligan sirop holidagi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov jarayonida tez yordam feldsherini dori vositalari tayyorlashda kerak bo‘ladigan etiketka, flakon, qopqoq va probkalar, dori qutilari hamda yo‘riqnomalar bilan Andijon shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan shaxs ta’minlab turganligi aniqlangan. Shuningdek, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuv-tergov harakati davomida tez yordam feldsheridan sotib olingan, umumiy qiymati 27 mln 646 ming so‘mlik 150 dona “Zodak” va 146 dona “Xilak Forte” dori vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergov jarayonida qo‘lbola usulda tayyorlangan dori vositalarining oldi-sottisiga Chortoq tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan, tibbiyot yo‘nalishidagi davlat oliy ta’lim muassasasining talabasi ham aloqador ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, yashirin sex sharoitida tayyorlangan dori vositalari asosan Andijon va Qo‘qon shaharlarida sotuvga chiqarilgan.

JIB Yangiqo‘rg‘on tuman sudining hukmiga ko‘ra, jinoiy guruh a’zolari Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybli deb topilgan. Chortoq tuman tez tibbiy yordam feldsheri hamda uni xom-ashyo bilan ta’minlab turgan fuqaroga 5 yil 6 oy muddatga, qolgan 4 nafar shaxsning har biriga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Ashyoviy dalil sifatida olingan barcha dori vositalari esa tegishli tartibda yo‘q qilindi.

Mavzuga oid