Jamiyat | 13:10 / 18.07.2015
3549
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda mashinalarning texnik sozligi hujjatlarini soxtalashtirish bilan shug‘ullangan qallob qo‘lga olindi

Qarshi tumanining Lagandi qishlog‘ida yashovchi Umidjon Rahimov mashinalarning texnik sozligi hujjatlarini soxtalashtirishda ayblanib qo‘lga olindi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Aytilishicha, 2014 yildan buyon Mercedes-Bens 0303D rusumli avtobusda litsenziya asosida ishlab kelgan I. Qulmamatov mashinaning texnik sozligi va litsenziyasining amal qilish muddati tugaganligi bois faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik u tanishi Ravshan orqali Rahimov haqida eshitib, unga murojaat qilgan va texnik sozlik hujjatlarini rasmiylashtirib berishni iltimos qilgan. Rahimov bu ishni qilib, buning evaziga 650 ming so‘m olgan. Ammo ikki kundan keyin hujjatlar soxtaligi aniqlangan.
Avtobusni tekshiruvdan o‘tkazgan YHXB xodimlari hujjatlar bilan tanishib chiqib, ularning soxtaligini bilib qolishgan. Shundan so‘ng ular Qulmamatov orqali Rahimovni topib, qo‘lga olishgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, Rahimov bu ishni yolg‘iz qilmay, Qarshining Qarluqbog‘ot mahallasida yashaydigan Bahodir Hakim uning sherigi bo‘lgan. Ular birgalikda bir qancha odamlarga shunday “xizmat ko‘rsatib”, pul evaziga soxta hujjatlar to‘g‘irlab bergani ma'lum bo‘ldi.