O‘zbekiston | 17:00 / 22.07.2025
1316
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholining 97 foizi raqamli ko‘nikmalarni muvaffaqiyat kaliti deb biladi

Foto: IT ta’lim uyushmasi NNT

21 iyul kuni Toshkentda “IT va raqamli ta’limni rivojlantirish forumi” bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida O‘zbekistondagi IT sohasi, raqamli ta’lim va kelajakda talab yuqori bo‘ladigan kasblar borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Forumda aholi o‘rtasida o‘tkazilgan keng qamrovli so‘rov natijalari e’lon qilindi.

Forum “O‘zbekistonda IT va raqamli ta’lim landshaftini yaxshilash: Tadqiqot bosqichi” loyihasi doirasida tashkil etildi. Ushbu tashabbus Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamda IT ta’lim uyushmasi NNT hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – IT sohasida bilim va ko‘nikmalarni oshirish, raqamli ishchi kuchi salohiyatini yuksaltirishdir.

2025 yilning mart–iyun oylari mobaynida o‘tkazilgan so‘rovnomada mamlakatning barcha hududlaridan 4 mingdan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Tadqiqot natijalari quyidagicha:

  • 96% ishtirokchi IT sohasiga qiziqishi borligini bildirgan;
  • 97% raqamli ko‘nikmalar ish samaradorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini aytgan;
  • 44% o‘z IT ko‘nikmalarini “yaxshi”, 17% “a’lo” deb baholagan;
  • 57% har hafta videoaloqa vositalaridan foydalanishini bildirgan;
  • 78% har oy Elektron hukumat tizimlaridan foydalanishini qayd etgan;
  • 52% aholi oyiga 2–3 marta onlayn xarid qiladi, 22% esa hech qachon bunday tajribaga ega emas.

So‘rovda erkaklar va ayollar soni deyarli teng – 50,7% ayollar, 49,3% erkaklar. Bu ko‘rsatkich IT sohasiga qiziquvchilar orasidagi gender muvozanatining shakllanayotganidan dalolat beradi.

Forumda shuningdek “Kelajak kasblari atlasi” ham taqdim etildi. Unda mehnat bozori tahlillariga asoslangan holda 45 ta eng istiqbolli IT kasblari qayd etilgan. Atlas yoshlar, ularning ota-onalari va ta’lim muassasalari uchun kasbiy yo‘nalish berish maqsadida ishlab chiqilgan.

Tadbir doirasida DigiSurvey.uz onlayn platformasi taqdimoti ham o‘tkazildi. Unda IT ta’lim resurslari, kasbiy yo‘nalishlar hamda tadqiqot natijalari joylashtiriladi.

Forumda IT Park, Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi, AlmaU universiteti va boshqa tashkilotlardan mutaxassislar ishtirokida panel muhokamalar, startaplar va innovatsiyalar bo‘yicha sessiyalar, netvorking, mahorat darslari va interaktiv o‘yinlar tashkil etildi.