O‘zbekiston | 12:34 / 28.02.2020
28774
3 daqiqa o‘qiladi

«Xodimlarning kadastr hujjatlarini qilinglar deb uylarga kirish vakolati yo‘q» – «Yergeodezkadastr» qo‘mitasi

Parlamentning yuqori palatasi a'zolari “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Abdushukur Abdullayev/Foto: KUN.UZ

So‘zga chiqqanlar qonunning maqsadi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat ekanligini qayd etdilar. Aholini ro‘yxatga olish bu – O‘zbekiston Respublikasining aholisi to‘g‘risida ishonchli va xolis axborot yig‘ishdir. Aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat: davriylik; umumiylik va bir paytdalik; ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi (nomma-nomligi); shaxsga doir ma'lumotlarning maxfiyligi; aholini ro‘yxatga olishning markazlashganligi.

Muhokamalar davomida senator Ergash Soliyev Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisiga savol bilan murojaat qildi.

Senator “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida obodonchilik, qurilish ishlari amalga oshirilgani, yangi ko‘chalar paydo bo‘lgani, ko‘p qavatli binolar qurilganini aytib, fuqarolarning ko‘pchiligi turar-joylari uchun kadastr hujjatlarini qilmagani – ana shu masalalar aholi to‘g‘risida xolisona axborot olishda muammolar tug‘dirmasligi, bu borada Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida so‘radi. 

Bunga javoban Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Abdushukur Abdullayev quyidagicha javob berdi:

“Qonun qabul qilinishi bilan bog‘liq bevosita va bilvosita ishlar bor. Bevosita bog‘liq bo‘lgan ishimiz – mahalla, turar-joy, tumanlarning chegaralarini belgilab olish. Bir-biriga kirib ketgan joylari bor. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 299-qarori bilan o‘tgan yildan beri ishlar boshlab yuborilgan.

Hozirgi kunda bizdagi ro‘yxat bo‘yicha respublikada 7 million 2 yuz mingdan ortiq turar, noturar-joylar bo‘lsa, ular kadastr hujjatlarining qilinganlik darajasi 82 foizni tashkil etadi. Lekin qolganlari bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborilgan. 

Xodimlarning kadastr hujjatlarini qilinglar deb uylarga kirish vakolati yo‘q. Buni yaqinda tashkil etilgan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ish boshlaganmiz. 

Mana shu 82 foizda [kadastr hujjatlari] bor deyilgani bilan bularning ichiga kirib ko‘riladigan bo‘lsa, aksariyatining kadastr hujjatlari bobosi, otasi – shularda qolib ketgan. O‘ziga mulk huquqi e'tirof etilmagan. Bu bo‘yicha ham bizda rejali ishlar boshlangan”, - dedi Abdushukur Abdullayev.

U bo‘yicha joriy yilda kadastr hujjatlarini tayyorlash va rasmiylashtirish katta ishlar amalga oshirilayotgani va 2021 yilda to‘liq oxiriga yetkazilishini aytdi.

Qonun senatorlar tomonidan qabul qilindi.

Mavzuga oid