Tibbiyot muassasalarida imtiyozli orderlar berish to‘xtatildimi? Vazir o‘rinbosari vaziyatga oydinlik kiritdi
2021 yilning 1 oktyabridan 14ta davlat tibbiyot muassasasida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilindi.
Bu imtiyozli order olish uchun navbat kutayotgan bemorlarda tushunmovchilikni keltirib chiqargan. Bunga alohida tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasalariga kiraverishda order berish to‘xtatilgani haqida yozilgan e'lonlar sabab bo‘lgan.
Kun.uz muxbiri ushbu vaziyatga oydinlik kiritish uchun Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov bilan bog‘landi.
Vazir o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, navbatga olish to‘xtatilmagan, balki elektron ro‘yxat asosida order berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
“Orderga navbat faqat qog‘oz variantda berish uchun to‘xtatildi, ammo elektron tarzda davom etyapti. Imtiyozli order uchun tegishli tibbiyot muassasasiga borgan bemor o‘sha zahoti elektron tarzda ro‘yxatga kiritishlari uchun murojaat qilishi kerak. Avval tumanlarga ajratilgan kvota bor edi – har bir tumanga 10-15 ta order ajratilar edi. Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlar orderni kutib o‘tirishardi va navbati kelganda o‘sha qog‘ozni qo‘liga olib kasalxonaga borar edi. Hozir bemor o‘sha shifoxonaga kelgandayoq ro‘yxatga olinadi va shu zahoti jarayon boshlanadi. Tuman tibbiyot birlashmasida kiritilgan ma'lumotlar darhol viloyat va respublika tibbiyot birlashmalariga uzatiladi. Tegishli davlat tibbiyot muassasasida joy bo‘shashi bilan elektron tarzda ko‘rinadi va bemorga xabar beriladi. Ilgari joy bo‘shagan taqdirda ham bemorning qo‘lida order bo‘lmasa shifoxonada davolanishning imkoni yo‘q edi” dedi o‘rinbosar.
Abdulla Azizov imtiyozli orderlarning elektron tizimga o‘tkazilishi korrupsion holatlarning oldini olishi haqida gapirdi.
“Aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflikka asoslangan tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish harakatidamiz.
2021 yil 1 oktyabrdan ushbu axborot tizimi 14 ta davlat tibbiyot muassasalarida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yana 13 ta davlat tibbiyot muassasalarida joriy etiladi.
2021 yil 1 oktyabrdan bugunga qadar mazkur axborot tizimi orqali 7639ta tibbiy yo‘llanma shakllantirildi” deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Azizovga ko‘ra, imtiyozli yo‘llanma berish jarayonini raqamlashtirishning afzalliklari:
- bemorning ovoragarchiligini kamaytirish;
- korrupsiyaning oldini olish;
- order berish jarayonida shaffoflikni ta'minlash;
- axborot almashinuvini optimallashtirish;
- imtiyozli yo‘llanma shakllanish jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Ta'kidlanishicha, elektron order tizimi Sog‘liqni saqlash vazirligi muassisligidagi «IT-MED» MChJga yuklatilgan.
Mavzuga oid
09:30 / 09.06.2023
Nogironligi bor shaxslar OTMga kirishda qanday imtiyozlarga ega?
11:44 / 02.06.2023
Uyali aloqa virtual operatorlari hamda tele- va radiokanallarga davlat bojini to‘lashda imtiyozlar beriladi
19:00 / 04.04.2022
Surxondaryoda va Sirdaryoda fuqarolarni tibbiyot muassasalariga ishga kiritib qo‘yishni aytib pul olgan shifokor hamda xo‘jalik bekasi ushlandi
08:26 / 29.01.2022