O‘zbekiston | 18:56 / 30.10.2023
10650
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston O‘zbekistondan tranzit to‘lovini pasaytirishni so‘radi

Kobuldagi hukumatlararo uchrashuvda Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston orqali o‘tadigan afg‘on yuklarining tranzit to‘lovini kamaytirishni so‘radi. O‘zbekiston Transport vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ikkala davlat hududida milliy tashuvchilardan undiriladigan to‘lovlarni solishtirish va yechimlar topish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzilgan.

Foto: Afg‘oniston hukumatining matbuot xizmati

29 oktyabr kuni Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Barodar Oxund va O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligida hukumatlararo uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Afg‘oniston hukumatining rasmiy saytida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston rahbarining qarorgohi bo‘lmish Arkdagi Chahar Chinor saroyida o‘tgan yig‘ilishda savdo-iqtisodiy, tranzit, temiryo‘l, transport, konchilik, qishloq va suv qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlik masalalari muhokama qilingan.

Barodar Oxundning aytishicha, Afg‘oniston mintaqada asosiy tranzit nuqtasi bo‘lib xizmat qilishga intilyapti hamda bu borada Janubiy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqani kuchaytirish uchun yo‘llarni rekonstruksiya qilishga sarmoya kirityapti. U uchrashuvda O‘zbekiston orqali olib o‘tiladigan afg‘on yuklarining yuqori tranzit to‘lovlari masalasini ko‘tarib, o‘zbek tomonidan bu to‘lovlar miqdori kamaytirilishini so‘ragan.

“Tolibon” rasmiysi, shuningdek, Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalarini yuqori baholab, Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksporti sezilarli darajada oshishini kutayotganini aytgan. Shu munosabat bilan u O‘zbekistonga maxsus imtiyozli tariflar va do‘stona savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yish haqida o‘ylab ko‘rishni taklif qilgan.

Jamshid Xo‘jayev Afg‘onistonning O‘zbekistonga eksportini ko‘paytirishga mo‘ljallangan savdo yo‘llari xaritasini taqdim etgan. Bu yo‘l xaritada ko‘zda tutilgan choralar bilan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 3 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston tomoni afg‘on tadbirkorlari va haydovchilari uchun viza olish jarayonini ham soddalashtirish, Toshkentda Afg‘oniston mahsulotlari ko‘rgazmasini o‘tkazish va afg‘on ishbilarmonlari uchun Termiz shahrida yirik biznes markazini barpo etish reja qilinayotganini bildirgani aytilmoqda.

O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning Kun.uz so‘roviga javoban bergan ma’lumotiga ko‘ra, afg‘on yuklarining tranzit to‘lovlari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Bu masala bo‘yicha uchrashuvda ikki davlat hududida milliy tashuvchilardan undiriladigan yig‘im va to‘lovlar miqdorini solishtirish, yuk tashuvlarida mavjud muammolarni ikki davlat tashuvchilari, mutasaddi davlat idoralari ishtirokida muhokama etish va yechimini topish maqsadida idoralararo qo‘shma ishchi guruh shakllantirishga kelishildi”, – deydi vazirlik matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi boshida “Tolibon” Qo‘shtepa kanali qurilishining 1-bosqichini yakunlab, so‘nggi 2-bosqichga start bergandi.

Mavzuga oid