Import avtomobillar sinovi uchun uzoq muddatli elektron navbat paydo bo‘la boshladi
Piskentdagi avtopoligonda muvofiqlik sertifikati beradigan ayrim tekshirish laboratoriyalari noma’lum sabablarga ko‘ra, vaqtincha yopilgani aytilyapti. Buning ortidan uzoq muddatli elektron navbatlar paydo bo‘lgan. Avvalroq, avtopoligonning mavjud quvvati real talabdan 3,5 barobarga kamligi ma’lum bo‘lgandi.
2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Buning ortidan avtomobillarini poligonga olib kelganlar uzun navbatlarga ro‘baro‘ keldi va noroziliklar boshlandi.
UzTest davlat muassasasi vakillarining Kun.uz muxbiriga aytishicha, bitta mashinani sinovdan o‘tkazishga 30-35 daqiqa vaqt ketadi. Bu degani 24 soat ishlayotgan markaz kuniga 50 tagacha, yiliga esa 18 mingta avtomobilni sinovdan o‘tkaza oladi. Bu – o‘tgan yili berilgan sertifikatlar soni, ya’ni mavjud talabdan 3,5 barobarga kam.
Vaziyatni yumshatishga harakat qilgan rasmiylar navbat olishni elektron shaklga o‘tkazishdi. Ammo hammaga ko‘rinib turgan va tanqidlarga sabab bo‘layotgan bu navbatlarni ko‘zdan panadagi bojxona omborlariga ko‘chirish amaliyoti ham samara bermagan ko‘rinadi.
Telegram’dagi «autodeklarant» kanalining xabar berishicha, 8 yanvar soat 15:45 holatiga ko‘ra 12 kunlik navbat shakllangan.
«Hozir tizimga kirib, avtomashina muvofiqligini baholash uchun elektron navbat olmoqchi bo‘lsangiz, eng kam muddat 20 yanvar soat 20:00 dan keyingi navbatlar hisoblanadi», deyiladi xabarda.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda Piskentdagi poligonda muvofiqlik sertifikati berish uchun ayrim tekshirish laboratoriyalari noma’lum sabablarga ko‘ra, vaqtincha yopilgani aytilmoqda. Mashinasini tekshirtirmoqchi bo‘lganlar kamida fevralgacha kutishi kerak bo‘lishi mumkin.
Texnik regulyatsiya agentligi va UzTest holat yuzasidan hozircha izoh bermadi.
Avvalroq iqtisodchi Otabek Bakirov UzTestʼni monopolistlar ro‘yxatiga kiritish va monopolistlardan talab qilinadigan tartiblarni UzTestʼdan ham so‘rashga chaqirgandi.
«UzTest DM degan misoli ajdarho – avtomobillar va elektromobillar muvofiqligini tekshirish (aslida elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha tekshiruv bahonasida importni cheklash) O‘zbekistonda yagona sinovchi. Qoraqalpog‘istonlik, surxondaryolik, andijonlik iste’molchi va tadbirkorlar ham 1 noyabrdan boshlab hech bir oldindan ogohlantirishsiz shu ajdarhoning Piskentdagi uyasiga kelib sinovidan o‘tmasa bo‘lmaydigan qilib qo‘yilgan. Sinov to‘lovini istasa 6 mln so‘m, istasa 9 mln so‘m qilib belgilaydi. Na kalkulyatsiya, na tannarx degan o‘lchovlar bor. Istasa 2 soat, istasa 2 kun, yoqmasangiz 2 hafta kuttiradi. Hech qanday protseduraviy cheklovlar ham yo‘q bu o‘zbilarmonlarga”, – deya yozgandi Bakirov.
Ma’lumot uchun, «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga muvofiq, texnik jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari ichidan davlat nazoratiga va muvofiqlikni baholashga doir vakolatlarning bir organ tomonidan birga qo‘shib bajarilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasida tadbirkorlik sub’yektlarining kamsitilishiga va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilmasligi kabilar joy olgan.
Ushbu sohada davlat nazoratini amalga oshiruvchi organ – Texnik jihatdan tartibga solish agentligi. Avtomobillar muvofiqligini baholashni yakka tartibda amalga oshirayotgan UzTest tashkiloti esa shu agentlik qoshidagi, ya’ni bo‘ysunuvchi tashkilot hisoblanadi.
Mavzuga oid
20:51 / 02.01.2025
60 turdagi mahsulotlar uchun bojsiz import rejimi yana bir yilga uzaytirildi
18:59 / 02.01.2025
O‘zbekiston Rossiyaning eng yirik savdo sheriklari qatoriga kirdi
08:45 / 24.12.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi salkam 60 mlrd dollarga yetdi
10:06 / 17.12.2024