Iqtisodiyot | 14:03 / 15.04.2020
67110
10 daqiqa o‘qiladi

So‘m qadrsizlanishining asosiy sababi nima?

1930-yillarning boshida butun dunyo Buyuk tushkunlik ta'siridan aziyat chekayotgan paytda AQShning 32-prezidenti sifatida saylangan Franklin D. Ruzvelt birinchi inauguratsiya nutqida “Biz qo‘rqishimiz kerak bo‘lgan yagona narsa – bu qo‘rqishning o‘zidir” degan edi

Foto: KUN.UZ

Buyuk tushkunlik pandemiya sababli vujudga kelmagan bo‘lsa-da, u davrdagi vaziyat bugungi kundagi koronavirus inqirozidan ham yomonroq edi. Shubhasiz, xuddi Buyuk tushkunlik davrida bo‘lgani singari koronavirus pandemiyasi sharoitida jamiyat hayotida noaniqliklar oshib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, hozirgi sharoitda biz ishonishimiz kerak bo‘lgan yagona narsa – bu ishonchning o‘zidir. Bu O‘zbekiston hukumatiga ishonch, koronavirus tarqalishini kamaytirish, aholining yordamga muhtoj qatlamini himoyalash, inqirozdan katta talafotlarsiz chiqish va inqirozdan keyingi davrda iqtisodiyotni tezda oyoqqa turg‘azish bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralarga, shu jumladan Markaziy bank tomonidan olib borilayotgan pul-kredit va valuta siyosatiga bo‘lgan ishonchdir.    

2020 yil 14 aprel kuni ichki valuta bozorida so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 9 793 so‘mni tashkil etdi. Bank ish kuni yopilishi arafasida Markaziy bank tomonidan asosiy stavka 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajada belgilangani e'lon qilindi. Regulyatorning kutilmagan qaroridan keyin kunning boshida valuta ayirboshlash shoxobchalari orqali AQSh dollari oldi-sotdisini 9780-9850 so‘m koridorida taklif etishni boshlagan tijorat banklari kun oxiriga kelib koridorni 10140-10150 so‘mgacha ko‘tarishdi. Natijada, internet nashrlari orqali bir qator iqtisodchilar, ekspertlar milliy valuta qadrsizlanishi borasida o‘zlarining shaxsiy fikrlarini bildirdilar. Ba'zi ekspertlarning 2020 yil oxiriga so‘m almashuv kursi bo‘yicha prognozlari ham paydo bo‘ldi. 15 aprel kuni esa Markaziy bank valuta kurslarini yangiladi, so‘mning 1 AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 10 121 so‘mni tashkil qildi.

Ushbu vaziyatda so‘mning qadrsizlanishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar nimalar? Nima uchun yil boshidan beri AQSh dollariga nisbatan qadrini 9500 so‘m atrofida barqaror ushlab kelayotgan milliy valuta aprel oyining dastlabki kunlaridan boshlab yana qadrsizlana boshladi, kabi savollar tug‘ilishi tabiiy. Quyida mazkur savollarga javob berishga harakat qilamiz.

Eksport hajmining import hajmiga nisbatan ko‘proq kamayishi ichki valuta bozorida valuta taklifining kamayishiga sabab bo‘lmoqda

2019 yilning 1-choragida tovar va xizmatlar eksportidan tushum 2018 yilning mos davriga nisbatan 20,6 foizga oshib, ma'lum darajada ichki valuta bozorida valutaga bo‘lgan talabni qondirishga xizmat qilgan edi. Joriy yilning 1-choragida esa koronavirus pandemiyasi sababli kelib chiqqan inqiroz tufayli eksport hajmi 2019 yilning 1-choragiga nisbatan 10,9 foizgacha kamaydi. Bu esa joriy yilning o‘tgan davrida ichki valuta bozorida xorijiy valuta taklifining shuncha miqdorga kam bo‘lganligini bildiradi.

2020 yilning boshida O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori bo‘lgan Xitoyning koronavirus infeksiyasi tomonidan “qamal” qilinishi hamda iqtisodiyotining sekinlashishi natijasida jahon tovarlar bozorida xomashyo (neft, gaz, rangli metallar, shu jumladan mis) narxlari keskin tushib ketdi. 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasi ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

Shuningdek, koronavirusga qarshi choralar sababli Xitoyning O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarga bo‘lgan talabi miqdori sezilarli darajada kamaydi. Shu bilan birga, boshqa savdo hamkorlarimizning global qiymat zanjiri orqali Xitoyga tutash tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan talab kamaydi. Koronavirus epidemiyasi pandemiyaga aylanishi va chegaralarning yopilishi bilan uning ta'sir doirasi yanada kengaydi. Natijada, 2020 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning Xitoyga eksport hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 426 mln AQSh dollariga, Rossiyaga – 106 mln AQSh dollariga, Qozog‘istonga – 94,4 mln AQSh dollariga kamaydi.   

Izoh: Sharlarning hajmi davlatlarning O‘zbekistonning umumiy eksportidagi ulushini ko‘rsatadi. Qavs ichidagi raqamlar 2020 yil 1-chorakdagi eksport hajmining 2019 yilning mos davridagi eksport hajmiga nisbatan o‘zgarishini (- kamayish / + o‘sish) ko‘rsatadi. 
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasi ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

Boshqa tomondan, eksportdan valuta tushumlari kamaygan bir paytda import tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talab bir muncha kamaygan bo‘lsa-da, lekin yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Bu esa ichki valuta bozorida valuta talabi va taklifi o‘rtasida nomutanosiblikni keltirib chiqarib, almashuv kursiga bosimni oshirmoqda.

Masalan, O‘zbekiston umumiy importining 70 foiziga egalik qiluvchi yettita asosiy savdo hamkor davlatlardan import qilingan tovar va xizmatlar hajmi 2019 yilning 1-choragidagi ko‘rsatkichga nisbatan 294 mln AQSh dollarga kamaydi. 2020 yil 1-chorakda Xitoydan import qilingan tovar va xizmatlar hajmi 2019 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 73,5 mln AQSh dollarga, Janubiy Koreyadan – 147,6 mln AQSh dollarga, Qozog‘istondan – 13 mln AQSh dollarga, Turkiyadan – 66,4 mln AQSh dollarga, AQShdan – 17,7 mln AQSh dollarga kamaydi. Mazkur davrda Rossiyadan import hajmi deyarli o‘tgan yilning mos choragidagi miqdorda qolgan bo‘lsa, Germaniyadan 22,9 mln AQSh dollar miqdorida ko‘proq tovarlar va xizmatlar import qilindi.

Izoh: Sharlarning hajmi davlatlarning O‘zbekistonning umumiy importidagi ulushini ko‘rsatadi. Qavs ichidagi raqamlar 2020 yil 1-chorakdagi import hajmining 2019 yilning mos davridagi import hajmiga nisbatan o‘zgarishini (- kamayish / + o‘sish) ko‘rsatadi. 
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasi ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari milliy valutalarining qadrsizlanishi sababli so‘m almashuv kursining mazkur mamlakatlar milliy valutalari almashuv kursiga moslashish jarayoni ro‘y bermoqda

2020 yilning yanvar oyida Xitoyda koronavirus epidemiyasining jiddiy tus olishi va Xitoy iqtisodiyotining neftga bo‘lgan talabining kamayishi jahon bozorida neft narxining sezilarli darajada tushishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, OPEK davlatlarining neft ishlab chiqarishni qisqartirish bo‘yicha murosaga kela olishmagani va Saudiya Arabistoni va Rossiya o‘rtasida narx “urushi”ning boshlanishi neft narxining pasayishiga yanada katta bosim o‘tkazdi. Natijada neft narxi keskin darajada quladi. Neft narxining qulashi esa o‘z-o‘zidan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan Rossiya va Qozog‘iston milliy valutalarining almashuv kursida o‘z aksini topdi.

Manba: Markaziy banklar ma'lumotlari asosida hisob-kitoblar

2020 yil 14 aprel holatiga qozoq tengesi yil boshiga nisbatan 12,1 foizga va Rossiya rubli esa 18,8 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, so‘mning qadrsizlanishi 1,95 foizni tashkil etdi.

Tengi va rubl qadrining tushishi Qozog‘iston va Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarni O‘zbekiston uchun arzonlashishiga sabab bo‘ladi. Bunday vaziyatda mazkur savdo hamkorlarimizdan import qilish maqsadida ichki valuta bozorida valutaga bo‘lgan talab ortadi va so‘m qadrsizlana boshlaydi. Natijada so‘m almashuv kursi tenge va rubl almashuv kurslariga moslashadi.

   Koronavirus inqirozi tufayli pul jo‘natmalarining kamayishi ichki valuta bozorida valuta taklifining yetishmasligiga sabab bo‘lmoqda

O‘tgan yillarda mamlakatimizga transchegaraviy pul o‘tkazmalari ichki valuta bozorida valutaga bo‘lgan talabning ma'lum bir qismini qondirishga xizmat qildi.

Joriy yilda O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun migratsiya manzili hisoblangan davlatlar, xususan Rossiya va Qozog‘iston tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan karantin choralari sababli 2020 yilning 1-choragida mamlakatimizga kirib kelgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada kamaydi. Xususan, joriy yilning mart oyida pul o‘tkazmalari hajmi fevral oyiga nisbatan 23 foizga kamayib, 296 mln AQSh dollarini tashkil etdi.

Xulosa

Hozirgi kunda milliy valutamizning qadrsizlanishiga eksportdan valuta tushumlari va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining kamayishi, tovarlar va xizmatlar importiga talabning yuqoriligicha saqlanib qolayotgani hamda asosiy savdo hamkor davlatlar milliy valutalarining qadrsizlanishi ta'sir ko‘rsatmoqda.

So‘m almashuv kursining asosiy savdo hamkor davlatlarning milliy valutalari almashuv kursiga moslashishi bilan O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarning raqobatbardoshligi oshadi va eksportdan valuta tushumlari ko‘payadi. O‘z navbatida, milliy valuta devalvatsiyasi import tovarlari va xizmatlarining mahalliy tovar va xizmatlarga nisbatan qimmatlashishiga sabab bo‘ladi hamda import hajmining ma'lum darajada kamayishiga turtki bo‘ladi. 

Shuningdek, O‘zbekistonning moliya sektorida jozibador yuqori foiz stavkalari xorijiy investitsiyalarni mamlakatimizga oqib kelishini rag‘batlantiradi.

Yuqoridagi omillar ichki valuta bozorida valuta talabi va taklifini muvozanatga keltirishga xizmat qiladi.     

Xalilulloh Hamidov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Yetakchi ilmiy xodimi

Mavzuga oid