O‘zbekiston | 21:04 / 27.11.2023
14178
2 daqiqa o‘qiladi

Hajga navbatda turganlarning yagona onlayn navbati 1 dekabrdan ishga tushadi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab hududlar kesimida Haj ziyoratiga borish uchun navbatda turgan fuqarolarning yagona onlayn navbati tegishli idoralarning rasmiy saytlariga joylashtirilishi talabi belgilandi. Ochiq e’lon qilinishi shart bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati kengaytirilmoqda.

Foto: Kun.uz

Bugun, 27 noyabr kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjatga asosan, 2023 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilib boriladi:

  • hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami);
  • bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami);
  • markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar;
  • davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar;
  • davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat).

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017 yildagi qaroriga asosan, Hajga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy saytlarida e’lon qilib borilishi belgilangan, lekin bu amalga oshmagan edi.

Mavzuga oid