“Vertolyotda kelib, ko‘zimizni bog‘lab olib ketishdi” - BAAda hibsga olingan o‘zbekistonlik
Noyabr oyida isroillik ravvinning o‘ldirilishi ortidan BAAda O‘zbekistonning o‘nlab fuqarolari qo‘lga olingani ma’lum bo‘ldi. Ularning ayrimlari qo‘yib yuborilgan, ayrimlari deportatsiya qilingan, 5 kishiga nisbatan jinoiy ish ochilgan. 15 kundan ortiq hibsda bo‘lib, keyin amirlikdan chiqarib yuborilgan vatandoshlardan biri boshdan kechirganlarini Kun.uz'ga so‘zlab berdi.
Kun.uz ixtiyoriga Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olingan O‘zbekiston fuqarolariga doir qo‘shimcha ma’lumotlar kelib tushdi.
Avval xabar berilganidek, amirlik hududida isroillik ravvinni o‘ldirishda gumonlanib 3 o‘zbekistonlik qo‘lga olinishi fonida, 25 noyabr kuni Dubayda bir joyda yashab, turli ishlarda ishlagan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari ham hibsga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, ularning soni 9 nafar emas, ancha ko‘proq.
Hozirgacha qo‘lga olinganlardan 7 nafari qo‘yib yuborilgani ma’lum. Ulardan 4 nafarida BAA ishchi vizasi bo‘lgan, ular 25 noyabrdan 7 dekabrgacha ushlab turilgan. “Ularga yaxshi muomala qilishgan, jismoniy kuch ishlatilmagan. Qo‘yib yuborilgach, O‘zbekiston konsulligiga chaqirib, suhbat qilingan. Hozirda ishlab yuribdi”, – dedi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ushbu fuqarolardan birining akasi.
Qo‘lga olinganlarning yana 3 nafari esa so‘roq qilish jarayonlaridan keyin O‘zbekistonga majburiy qaytarib yuborilgan. Qaytarib yuborilgan fuqarolardan biri Dubayda qo‘lga olinishi va 15 kundan ortiq ushlab turilishi doir tafsilotlarni Kun.uz'ga so‘zlab berdi.
“O‘sha yahudiy rohibning o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgach, biz ijarada turgan villa ustidan 3 kun davomida dronlar aylanib, bizni kuzatdi. Biz tushunib turdik, nimadir bo‘lishi mumkinligini. Lekin hech qayerga ketmadik, ishlab yuraverdik.
Keyin kechasi vertolyotda qora kiyimda “omonchilar” keldi, lazerli qurollari bilan vahimali tarzda bizni bosib olib ketdi. Ko‘zimizni bog‘lashdi, qayerga borganimizni ham bilmaymiz, davlat tashkilotimi yoki boshqa joymi…
U yerda 50 tacha o‘zbek va tojiklar bor edi. Birga yashaydiganlardan boshqasini tanimadim. Dastlabki 3 kun davomida faqat tergov va so‘roq qilishdi. O‘sha qotillik haqida gap bo‘lmadi. Qayerda yashagansan, nimalar qilasan, qiziqishing nima – shu kabi savollar berishdi. Telefonlarimizni tinmay titishdi. Jismoniy kuch yoki ruhiy bosim qilishmadi. Kim tergov qilganini ham bilmaymiz. Qaysi tilni bilasan, dedi, ruscha va turkcha desam, bittasi ruschada qiynalibroq, aksent bilan savol-javob qildi.
3 kundan keyin hamma alohida, qorong‘i kapsulada, faqat yeb-ichib izolyatsiyada bo‘ldik. Hech narsa gapirishmadi ham, so‘rashmadi ham. Bir-birimiz bilan ham gaplasholmadik. Dastlab ishchi vizasi bo‘lgan 4 kishini qo‘yib yubordi, ular Dubayda qolib ishlayotganini keyin bildim. Biz 3 kishini esa ko‘zimizni boylab, kishanlarda samolyotgacha olib kelib, uyga qaytardi. Telefon va pasportimizni berdi. Qolgan narsalarimiz: pullar, kiyimlarimiz, mening "pravam" ham qolib ketdi. Deport urdimi yoki yo‘qmi, bilmayman. Agar biz aloqamiz yo‘q ish uchun shunchalik holatga tushgan bo‘lsak yoki deport bilan borolmasak, judayam adolatsizlik bo‘ladi”, – deydi O‘zbekiston fuqarosi.
Kun.uz'ning diplomatik vakolatxonalardagi bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, BAAda noqonuniy bo‘lib turgan o‘nlab O‘zbekiston fuqarolarini qo‘lga olish holatlari – haqiqat. Ularning aniq soni ma’lum emas. Qo‘shni davlatlardan ham migrantlar ushlangan bo‘lishi mumkin.
“Qo‘lga olinganlarning ishchi yoki talaba vizasi borlari qo‘yib yuborilgan, ular ishlarga qaytgan. Vizasiz yoki sayyohlik viza bilan yurgan ayrimlar deport qilingan. Deport qilinganlardan bir nechtasi uy yoki avtomobillarni ijaraga olib, boshqalarga ijaraga berib yuborgan. Shuningdek, shu kabi boshqa mahalliy qonunlarni buzadigan huquqbuzarliklar uchun deport qilingan.
Ushlanganlar orasida 5 nafar O‘zbekiston fuqarosiga esa jinoiy ish ochilgan. Ular har biri alohida ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatda gumonlanmoqda. Ularga nisbatan tergov davom etmoqda. Ushbu 5 nafar o‘zbekistonlik isroillik ravvinni o‘ldirishda gumon qilib ushlangan 3 nafar o‘zbekistonlik ishi bilan aloqador emas. Ularning tergovi ham alohida davom etmoqda. Ular BAA hududida va ikki davlat maxsus xizmatlari hamkorlikda ishlamoqda”, – dedi Kun.uz bilan gaplashgan ismi sir qolishini so‘ragan TIV rasmiysi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayni vaqtda BAA mas’ul idoralari o‘zbekistonlik diplomatlarga qo‘lga olingan fuqarolar bilan muloqot qilish imkonini bergan. Shuningdek, ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralari darajasida bu masala kun tartibida ushlab turilibdi.
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari BAA tegishli davlat tashkilotlari bilan to‘liq aloqa o‘rnatgan.
“Vaqtinchalik ushlangan fuqarolarning aksariyat qismi qo‘yib yuborilgan va ular hozirda BAA hududida bemalol faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, fuqarolarimiz orasida BAA hududida noqonuniy faoliyat yuritgan shaxslar ham aniqlangan bo‘lib, ular yaqin orada deportatsiya qilinishi kutilmoqda”, – dedi Burhonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
BAAda isroillik ravvinning o‘limi va o‘zbeklar masalasi
21 noyabr kuni BAAning Al-Ayn amirligida Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti bo‘lgan rohib Tsvi Koganning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. BAA Ichki ishlar vazirligi jinoyatda gumonlab uch nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olgan. Isroil nashrlariga ko‘ra, “Mossad” gumondorlarni Eron bilan bog‘liq guruhga aloqador deb hisoblamoqda.
25 noyabr kuni Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari politsiya tomonidan olib ketildi. Politsiya holat bo‘yicha izoh bermagan, ushlab turilganlar bilan hech kim gaplasha olmagan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Kun.uz'ga 6 dekabr kuni bergan izohida holat yuzasidan BAA TIVga nota yuborilgani va javob kutilayotganini ma’lum qilgandi.
26 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroil elchisi bilan uchrashib, O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi.
30 noyabr kuni Toshkent–Abu-Dabi yo‘nalishida uchgan O‘zbekiston fuqarolaridan 31 nafari – faqat erkaklar – amirliklar hududiga kiritilmadi. Ular Abu-Dabi xalqaro aeroportida chegaradan o‘tkazilmagan. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi aeroport ma’muriyati va amirliklarning mutasaddi idoralari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Keyinroq Abu-Dabi xalqaro aeroportida qolib ketgan vatandoshlarning bir qismi O‘zbekistonga qaytarilgani xabar qilindi.
2 dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev BAAning O‘zbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi. TIV axborotiga ko‘ra, tomonlar so‘nggi kunlarda O‘zbekiston fuqarolarining BAAga kirishida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bo‘yicha fikr almashgan hamda holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olgan.
17 dekabr kuni esa tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BAA elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi. Rasmiy relizda amirlikdagi o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq holat muhokama qilingani haqida ma’lumot yo‘q.
Mavzuga oid
19:59 / 18.12.2024
O‘zbek migranti: u vataniga oltin eksportidan ham ko‘proq foyda keltiryapti
16:47 / 18.12.2024
Rossiyadagi o‘zbeklar kengashi rahbari Kirillovni o‘ldirishda gumonlanayotgan o‘zbekistonlikni haqorat qildi
13:20 / 17.12.2024
Rossiyadagi YTHda 5 nafar o‘zbekistonlik vafot etdi
08:21 / 16.12.2024