Jamiyat | 14:04 / 15.06.2017
63412
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda gaz tizimi «o‘lgan» - «O‘zbekneftgaz» rahbari

Foto: "Kun"

Xalqaro Press-klubda "O‘zbekneftgaz" milliy xolding kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda istiqboldagi rejalar va yangi loyihalar bilan bir qatorda sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tildi. 

"So‘nggi yillarda gaz sohasini loyihalashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Hech kim unga egalik qilmagan. Deylik, quvurlar bor, lekin loyihalar tizimi bo‘yicha hech kim hisob-kitob qilmagan. Hamma o‘z bilganicha ulanib olgan. Umumiy bir quvur yo‘q, e'tibor bergan bo‘lsangiz. Shu tariqa O‘zbekistonda gaz tizimi "o‘lgan". Natijada chekka hududlarning gaz bilan ta'minlanishi izdan chiqqan", - deydi "O‘zbekneftgaz" MXK boshqaruv raisi Alisher Sultonov. 

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda gaz bormaydigan hududlar o‘rganilib, ularga gaz ballonlari, suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.

Alisher Sultonov avval gaz bilan ta'minlangan, so‘nggi yillarda esa ta'minot darajasi past bo‘lgan hududlarga gazni qaytarish masalasiga ham to‘xtalib, bunday hududlarga davlat dasturi asosida ko‘mir va suyultirilgan gaz yetkazib berish choralari ko‘rilayotganini ta'kidladi. 

"O‘zbekneftgaz" rahbari kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani, yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilayotgani va 2020 yilning to‘rtinchi choragiga qadar bu borada aniq, katta natijalarga erishilishini qayd etdi.

 

Mavzuga oid