O‘zbekiston | 09:47 / 30.01.2018
32826
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumat achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish bo‘yicha qaror qabul qildi

Foto: Illyustrativ foto

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mamlakatda xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi kanalida xabar berildi.

Qarorga asosan qishloq xo‘jaligi ekinlari tarkibini diversifikatsiya qilish, fermer va dehqon xo‘jaliklari daromadini oshirish hamda eksport hajmlarini ko‘paytirish maqsadida  xorijiy tajriba asosida achchiq qalampir yetishtirilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Shu maqsadda yuqori hosilli qalampir urug‘lari xorijdan, shu jumladan Indoneziya Respublikasidan olib kelinadi.

Hujjatda qayd etilishicha, 2018 yilda Respublika bo‘yicha jami 17117 gektar maydon, shu jumladan tomorqa yer uchastkalarida qalampir ekilib, undan jami 207015 tonna hosil olish rejalashtirilgan.

Qalampir mahsulotlarini yetishtiruvchi fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga qalampir yetishtirish uchun shartnoma asosida bo‘nak mablag‘lari va zaruriyatga ko‘ra moddiy-texnika resurslari bilan ta'minlash maqsadida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasining hududlardagi “Qalampir” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari tashkil etilmoqda.

Mazkur tashkilot yetishtirilgan achchiq qalampirni qayta ishlash va eksport qilish bilan ham shug‘ullanadi.

Mavzuga oid