Jahon | 12:20 / 20.06.2024
2331
2 daqiqa o‘qiladi

YeK Italiya va Fransiyani ortiqcha budjet taqchilligi uchun jarimaga tortmoqchi

Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, YeI yettita davlati Bryusselning davlat budjeti taqchilligi darajasi bo‘yicha talablarini buzmoqda. Ularga nisbatan jazo choralari qo‘llanishi mumkin.

Foto: DW

Yevrokomissiya (YeK) budjet taqchilligi haddan tashqari ko‘p bo‘lgani uchun YeIning yettita davlatiga nisbatan jazo choralari qo‘llashi mumkin. Yevropa Ittifoqining 19 iyun, chorshanba kuni chop etilgan budjet hisobotida Belgiya, Vengriya, Italiya, Malta, Polsha, Slovakiya va Fransiya qonunbuzarlar sifatida ko‘rsatilgan.

Bu masala Yevropa Ittifoqi moliya vazirlari tomonidan iyul oyi o‘rtalariga rejalashtirilgan yig‘ilishda muhokama qilinishi kerak. Agar ular kelishuvga erisha olsa, koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri birinchi marta qoidabuzarlarga qarshi yana choralar ko‘riladi - mamlakatlar katta jarimaga tortiladi.

Yevropa parlamenti aprel oyida Yevropa Ittifoqining budjet qoidalarini isloh qilishni ma’qulladi. Avvalgi Barqarorlik pakti o‘rnini bosgan yangi Barqarorlik va o‘sish paktiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida davlat moliyalashtirish taqchilligi, ya’ni davlat daromadlari va kreditlar hisobidan qoplanadigan xarajatlar o‘rtasidagi tafovut yalpi ichki mahsulotning 3 foizidan past bo‘lishi va budjet qarzi yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan oshmasligi kerak.

Germaniya hozircha Bryussel tomonidan sanksiyalarga duch kelmayapti, chunki uning yangi qarz darajasi (1,6 foiz) ruxsat etilgan 3 foizdan ancha past, garchi umumiy qarz Yevropa Ittifoqining 60 foizlik chegarasidan oshib ketgan. Shu munosabat bilan Yevrokomissiya Berlinni moliyaviy nomutanosiblik uchun tanqid qildi. 

Barqarorlik pakti Yevropa Ittifoqi tomonidan COVID-19 pandemiyasi paytida va keyin Ukrainadagi urush paytida mamlakatlarga o‘z iqtisodiyotlariga yordam berish maqsadida milliardlab dollar qarz olishga ruxsat berish uchun to‘xtatildi.

Mavzuga oid