O‘zbekiston | 21:19 / 09.09.2024
14911
5 daqiqa o‘qiladi

Enter Engineering xodimlari apreldan buyon maoshsiz ishlayotganini aytmoqda

Kun.uz'ga murojaat qilgan Enter Engineering kompaniyasining ofis xodimlari bahor oylaridan beri maosh olishmayotganini bildirdi. Ular Boysundagi konda yuz bergan avariya oqibatini yumshatish ishlari oyliklarning yana kechikishiga sabab bo‘lishidan xavotirda. Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimlarga kamida har yarim oyda bir marta ish haqi to‘lanishi kerak.

Foto: Enter Engineering

Kun.uz'ga Enter Engineering kompaniyasining boshqaruv ofisida ishlaydigan xodimlar ularga bir necha oydan beri maosh to‘lanmayotganidan shikoyat qilib murojaat yo‘lladi.

“Sentyabrda bizga (ofis ishchilariga) oylik ish haqi to‘lashmayotganiga 6 oy bo‘ldi. Hech kimning bular bilan ishi yo‘q, hech kimning bularga tishi o‘tmaydi. Iltimos, shu masala bo‘yicha surishtiruv olib boring, zora holat yaxshi tomonga o‘zgarsa”, – deyiladi murojaatda.

Ta’kidlanishicha, Boysundagi konda ro‘y bergan avariya oqibatini yumshatish harakatlari sabab oyliklar yana kechiktirilishi mumkin.

1 sentabr kuni texnogen ofat ro‘y berib, atmosferaga vodorod sulfid gazi tarqagan Mustaqillikning 25 yilligi koni loyihasida Eriell va Enter Engineering kompaniyalari pudratchi sifatida qatnashmoqda. Konni o‘zlashtirish bo‘yicha bosh pudratchi – Eriell. Gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlari esa “tayyor holda topshirish” sharti bilan Enter Engineering kompaniyasiga yuklatilgan.

Murojaatda Enter Engineering'ning ofis xodimlari aprel oyidan beri oyliksiz ishlayotgani, nima sababdan oylik berilmayotgani haqidagi savollarga rahbarlar javob bermayotgani, “shunchaki pul yo‘q” deyish bilan kifoyalanayotgani, bir qator xodimlar ishdan bo‘shayotgani aytilgan. Ishdan bo‘shayotgan xodimlarning ayrimlari bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ham yozgan.

7-8 sentabr kunlari Enter Engineering xodimlariga kechikkan maoshlarning bir qismi tarqatilgan. / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar /

Avvalroq, Daryo.uz Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibidagi 3-mis boyitish fabrikasi qurilishida ishlayotgan Enter Engineering ishchilari O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligini pulsiz kutib olgani haqida yozgandi. Xodimlar 2024 yilning may oyi uchun “avans” berilganini, o‘shandan beri maoshsiz ishlab kelishayotganini aytishgan.

Keyinroq, ishchilarning nashrga bildirishicha, 7-8 sentabr kunlari fabrikani qurayotgan kompaniya – Enter Engineering ishchilariga maosh tarqatgan: may oyining 30 foiz qoldig‘i va iyun oyi maoshining 70 foizi berilgan.

Murojaatchilarning bildirishicha, maoshlar dastlab 7 sentabr kuni Olmaliq 3-mis boyitish fabrikasi qurilishida ishlayotgan ishchilarga, keyin Samarqand va Qorako‘ldagi ishchilarga tarqatilgan. Lekin kompaniyaning boshqaruv ofisi va viloyatlaridagi ofislari ishchilariga maosh hamon berilmagan.

Dastlabki maqoladan keyin Daryo.uz so‘roviga javob berarkan, Enter Engineering matbuot xizmati maoshlar sekin-asta berilayotganini bildirib, bu mavzuni hozircha olib chiqmaslik haqida maslahat bergan.

Kompaniya xodimlarning maoshlarini bir necha oylab kechiktirishi yangi masala emas. Aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda OKMK misni boyitish fabrikasi qurilishida ish haqi to‘lanmayotgani sababli xodimlar jamoaviy norozilik blidirgani haqida xabarlar tarqaldi. Enter Engineering ishchilari Gazeta.uz'ga 2024 yilning yanvar, fevral va a oylari uchun ularga maosh berilmayotganini ma’lum qilgandi. Nashrga ko‘plab ishchilar ko‘chada to‘planib, ish haqi kechikayotganidan norozi ekanini bildirgan video kelib tushgan.

Bundan tashqari, Enter Engineering'ga affillangan Eriell kompaniyasida ham xodimlarning ish haqlari borasida muammolar bor. Kun.uz'ga murojaat qilgan Eriell xodimlariga 3 oylik maoshlari to‘lanmagan. Kompaniya xodimi oyliklar bir necha oy kechiktirilgach, iyunda ishdan bo‘shaganini aytadi.

“Iyunda ishdan bo‘shadim, yaqinda may oyining maoshini to‘lashdi. Hozir ishlayotganlar 3 oylik maoshlarini olmagan”, – deydi u.

Mehnat kodeksiga binoan, xodimlarga ish haqini to‘lash muddati yarim oyda bir martadan kam bo‘lmasligi kerak.

Ma’lumot uchun, Enter Engineering kompaniyasi 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, muqaddam “Gazprombank” nazoratida bo‘lgan; neft va gaz, sanoat va fuqarolik obektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi. Eriell esa neft va gaz qazib oluvchi kompaniyalar uchun ekspluatatsiya va qidiruv (razvedka) quduqlarini burg‘ilash xizmatlarini ko‘rsatadi.

Xorijda ro‘yxatdan o‘tgan har ikkala kompaniyaning benefitsiari o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov ekani aytiladi. Uning biznes faoliyati, shuningdek, Enera kompaniyalar guruhi nazoratidagi aktivlar, shuningdek, mamlakatdagi eng yirik gaz omborini kengaytirish loyihasini ham o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid