O‘zbekiston | 21:50 / 06.09.2024
19917
5 daqiqa o‘qiladi

Texnogen ofat ro‘y bergan M25 koni. Bu loyiha haqida nimalar ma’lum?

“Mustaqillikning 25 yilligi” – O‘zbekistonda hali o‘zlashtirilmagan eng katta gaz koni. Uni o‘zlashtirish bo‘yicha hozirgi ishlar 2017 yilda boshlangan. Loyihaning rasmiy benefitsiarlari – o‘zbekistonlik va rossiyalik ikki tadbirkor, shuningdek, O‘zbekiston hukumati hisoblanadi. Pudratchilar esa – Eriell va Enter Engineering. Avariya loyihaning borishiga qanday ta’sir qilishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

1 sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi gaz konida avariya ro‘y berib, atmosferaga vodorod sulfid gazi tarqaldi. Zaharli gaz atrofdagi qishloqlarga tarqalib, shahar markaziga ham yetib borgan. O‘tgan 6 kun davomida gaz chiqishi to‘xtagani yoki davom etayotgani ma’lum emas – birlamchi rasmiy axborot berilganidan beri hech qanday qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilmayapti.

Davlat organlaridan tashqari, konga egalik qiluvchi va u yerda burg‘ulash ishlarini olib borayotgan kompaniyalar ham sukut saqlamoqda. Shu boisdan ushbu texnogen ofat loyihaning kelajagiga qanday ta’sir qilishi noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Xo‘sh, bu yerdagi ishlarni qaysi kompaniyalar amalga oshirayotgandi?

O‘zbekistonning o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz koni

“Mustaqillikning 25 yilligi” (avvalgi nomi “Gadjak”) koni ancha oldin, 1960 yillarda aniqlangan. Kondagi birinchi quduq ham 1975 yilda “O‘zbekneft” uyushmasi tomonidan burg‘ilangan. Ammo kon noqulay relefga ega Boysun tog‘larida joylashgani sabab, uzoq yillar uni o‘zlashtirishning imkoni bo‘lmay keladi.

2006 yilda Malayziyaning Petronas va Saudiya Arabistonining Delta Oil kompaniyalari konni o‘rganishni boshlaydi. Lekin konning murakkab geologik tuzilishi, gaz tarkibida oltingugurt va uglevodorod oksidi miqdorining yuqoriligi sabab 2013 yilda ishlar to‘xtab qoladi. Xorijiy kompaniyalar ham loyihadan chiqib ketadi.

M25 konini o‘zlashtirish va undan mahsulot qazib olish loyihasi 2017 yilda boshlangan. Bitim o‘sha yilning aprel oyida Moskvada imzolanadi. Bunda O‘zbekiston hukumati bir tomondan, investorlar konsorsiumi ikkinchi tomondan shartnoma tuzadi.

Konsorsium uchta kompaniyadan iborat: “Gas Project Development Central Asia AG” (Shveytsariya), “Altmax Holding Ltd” (Kipr) va “Uzneftegazdobicha” AJ (O‘zbekiston davlat korxonasi).

Foto: Eriell kompaniyasi matbuot xizmati

Loyiha amalga oshirilishi boshlanishida uning umumiy qiymati 5,27 mlrd dollar deb e’lon qilingan. 2018-2022 yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda yiliga 5 milliard kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega zavod qurilishi, 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi bosqichda 1,5 milliard kub metr gazni qayta ishlash hisobiga yiliga 500 ming tonna polimer mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega gaz-kimyo majmuasi barpo etilishi aytilgan.

M25 koni O‘zbekistondagi hozirda o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz koni hisoblanadi. Gaz zaxiralari 150 milliard kub metrdan ortiq deya baholangan.

Investorlar va pudratchilar kimlar?

O‘tgan yili energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov M25 koni bo‘yicha investorlar bilan tuzilgan shartnoma shartlarining ayrim jihatlarini ochiqlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kondan olingan foydani investor va davlat o‘zaro 50/50 nisbatda taqsimlashga kelishgan. Bitim kuchga kirganidan boshlab 35 yil davomida amal qiladi.

“Mustaqillikning 25 yilligi” koni bo‘yicha shartnoma 35 yilga tuzilgan, shundan 8 yili – geologik qidiruv ishlari”, – degandi Mirzamahmudov.

Tarmoqda tarqalgan videodan kadr

Loyiha operatori – “Surhan Gas Chemical Operating Company” MChJ XK. Gonkongda ro‘yxatdan o‘tgan bu kompaniya o‘tgan yili bayonot berib, yakuniy benefitsiarlari o‘zbekistonlik tadbirkor Baxtiyor Fozilov va rossiyalik tadbirkor Andrey Filatov ekanini ma’lum qilgan. Kompaniyaning 20 foiz ulushi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli.

Konni o‘zlashtirish bo‘yicha bosh pudratchi – Eriell. Gazni qayta ishlash zavodi, infratuzilma obektlari, gazni yig‘ish, tayyorlash va yetkazib berish tizimini loyihalashtirish, uskunalarni yetkazib berish va qurish ishlari, “tayyor holda topshirish” sharti bilan, Enter Engineering kompaniyasiga yuklatilgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, mazkur ikki kompaniyaga ham Baxtiyor Fazilov egalik qiladi.

2023 yilning noyabr oyidagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, konni o‘zlashtirishga 1 milliard 450 million dollar investitsiya kiritilgan. Loyihaning birinchi bosqichi 2024 yil may oyida ishga tushirilishi, 2025 yildan esa to‘la quvvatda ishlay boshlashi e’lon qilingandi.

Mavzuga oid