O‘zbekiston | 08:00 / 05.12.2024
5388
2 daqiqa o‘qiladi

321 mln so‘mni talon-toroj qilgan MIB xodimi ushlandi

Buxoro, Toshkent va Navoiy viloyatlarida hokim yordamchilari hamda MIB xodimiga oid qonunbuzilish holatlari aniqlandi. 

Foto: O‘zA

Ma’lum qilinishicha, Bo‘ka tumanidagi MFY hokim yordamchisi fuqaroga uy-joy sharoitini yaxshilash uchun mansabdor tanishlari orqali 120 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishida ko‘maklashish evaziga 5 mln 200 ming so‘m olgan vaqtida ushlandi. Hokim yordamchisi muqaddam sudlangan.

Shuningdek, MIBning Kogon tuman bo‘limi mutaxassisi bo‘limning hisob raqamlariga kelib tushgan 321 mln 79 ming so‘mni o‘ziga tanish bo‘lgan 4 kishining plastik kartalariga o‘tkazish orqali naqdlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi MFYdan birining muqaddam sudlangan hokim yordamchisi sovun mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari bilan kelishgan holda mazkur MChJ va tumanda faoliyat yurituvchi xususiy o‘quv markazi nomiga 200 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilishiga erishgan. Lekin ushbu pulni o‘ziga tegishli xususiy korxona hisob raqamiga o‘tkazish orqali talon-toroj qilgan.

Mavzuga oid