Jamiyat | 19:59 / 17.12.2024
1378
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda 1 mlrd so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi

Nukus tumanida davlat-xususiy sherikchilik bitimiga asosan ko‘mir yetkazib beruvchi MChJ 2,5 ming tonnadan ziyodni ko‘mirni talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatida ijtimoiy soha obektlarini isitish uchun yetkazib berilgan ko‘mirni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Qayd etilishicha, departamentning Nukus tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida davlat-xususiy sherikchilik bitimiga asosan ko‘mir yetkazib beruvchi «N.A.» MChJga ijtimoiy soha obektlarini isitish uchun yetkazib berilgan ko‘mir o‘lchovdan o‘tkazilganida MChJ mas’ul shaxslari umumiy bahosi 1 milliard so‘mlik jami 2 514 tonna ko‘mirni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Shu kabi departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda davlat-xususiy sherikchilik bitimiga asosan ko‘mir yetkazib beruvchi «O.D.» MChJ rahbari O.Q. va boshqalar kuz-qish mavsumida Kosonsoy tumanidagi budjet tashkilotlarini isitish uchun ajratilgan umumiy bahosi 263,1 million so‘mlik 609,9 tonna ko‘mirni boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Namanganda aholiga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan 13 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani, Surxondaryoda esa tegishli hujjatlari bo‘lmagan 100 tonna ko‘mirni 100 million so‘mga sotgan fuqaro ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid