Sport | 12:33
19346
22 daqiqa o‘qiladi

Husanovning «o‘g‘irlangan» goli va Londonda tennischa hisob. Kun o‘yinlari

«MYu» yirik hisobda yutqazdi, «Real» «Atletiko»ni quvmoqda. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: Londonda himoyasiz o‘yin

«Tottenhem» — «Liverpul» 3:6
Gollar:
Meddison (41), Kulusevski (72), Solanke (83) — Dias (23, 85), Mak Allister (36), Soboslai (45+1), Saloh (54, 61).
«Tottenhem» – Forster, Spens, Grey, Dregushin, Porro, Bissuma, Sarr (Bergvall, 58), Son (Verner, 82), Meddison (Jonson, 58), Kulusevski, Solanke.
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Gomes, Aleksander-Arnold, Mak Allister (Jons, 68), Gravenberh, Gakpo (Jota, 68), Soboslai, Saloh (Elliot, 87), Dias (Nunes, 87).
Ogohlantirishlar: Gakpo (31), Soboslai (52), Bergvall (79).

«Liverpul» o‘tgan mavsumning birinchi davrasidagi mojaroli o‘yindagi mag‘lubiyatni (Diogo Jota bahsli vaziyatda chetlatilishi, Luis Diasning toza goli inobatga olinmasligi, to‘qqiz kishi bo‘lib o‘ynagan mersisaydliklar qo‘shimcha daqiqalarda Matipning avtogoli tufayli yutqazishi) hali ancha vaqtgacha unutmaydi. Qizillar javob o‘yinida qasos olishgandi (4:2), ammo joriy mavsumning 17-turi markaziy uchrashuvida «Liverpul» mehmon emas, mezbondek harakat qildi. Mersisaydliklar yovvoyi pressingi bilan «Tottenhem»ni 3-daqiqadanoq qo‘rquvga sola boshladi, Forster to‘pni Salohning oyog‘iga tashlab berganida, misrlik hujumchi darvozaga to‘g‘ri zarba bera olmadi. Bir daqiqa o‘tib Diasning zarbasidan keyin to‘p ustun yonidan o‘tib ketdi, 10-daqiqada qizil futbolkadagi futbolchilar uchinchi xavfli vaziyatga ega bo‘lishdi — Salohning zarbasini darvozabon qaytardi.

Vaqt o‘tgan sayin qanot himoyachisi bo‘lgan 18 yoshli Greyni mudofaa markaziga qo‘yishga majbur bo‘lgan «Tottenhem» bunday bosimga dosh bera olmasligi oydinlashib bordi. Saloh aynan yosh himoyachini jarima maydonida aldab o‘tib, kuchli zarbasi bilan to‘sinni titratdi. 23-daqiqada esa Trent o‘z uslubidagi uzatmasi bilan to‘pni Diasning boshiga qo‘ndirib berdi. Kolumbiyalik hujumchining bu safargi golini hech kim bekor qila olmasdi.

Umuman olganda, «Liverpul» bu mavsumdagi eng kuchli bo‘limini o‘tkazdi. Slot jamoasi tom ma’noda «Tottenhem»ni jarima maydoniga qamab qo‘ydi va to‘pni qanotdan qanotga oshirish orqali himoyachilarni charchatib, Forster darvozasi qarshisida tahlikali vaziyat yuzaga keltirdi. Uzatmalardan biri Soboslaining boshiga keldi, u aniq zarba bera olmadi, ammo Mak Allister to‘pni darvozaga kiritib yubordi.

«Shporlar» esa uzun paslar evaziga raqib hududiga yetib borishga urindi. Bu ko‘pam ish bermadi, ammo mezbonlar baribir javob golini urishdi. Bu Mak Allisterning xatosi tufayli ro‘y berdi — Meddison to‘pni olib qo‘ydi va Alissonning yaqin burchagini nishonga oldi. «Liverpul» fanatlarida hakamga e’tiroz bo‘lgani tabiiy — Aleksisga qo‘pollik ishlatilgan bo‘lishi ham mumkin edi.

Ammo mehmonlar tempni tushirmadi va bo‘lim oxirida Trent uzun pasi bilan raqib pressingini ortda qoldirib, Salohni oldinga tashladi, u esa Soboslaiga pas berdi, to‘pni Forsterning oyoqlari orasidan o‘tkazildi va tabloda 1:3 hisobi porlay boshladi.

Uchrashuvning birinchi bo‘limi voqealarga boy bo‘ldi, ammo ikkinchi bo‘limdagi ishlarni tushuntirib berish qiyin. 54-daqiqada Saloh «Tottenhem» darvozasiga to‘rtinchi golni urdi, biroz o‘tib Soboslaida hisobni 5:1 ko‘rinishiga keltirish imkoniyati bo‘ldi.

Bu ishni baribir Saloh uddaladi va bu hali hammasi emasdi. «Tottenhem» kutilmaganda uyg‘ondi yoki «Liverpul» juda erta xotirjamlikka berildi. 72-daqiqada Kulushevski Solankening uzatmasidan keyin hisobni qisqartirdi, o‘n daqiqa o‘tib Dominikning o‘zi jamoasining uchinchi goliga mualliflik qildi. O‘yinga baribir yakuniy nuqtani «Liverpul» qo‘ydi — Dias olis burchakka aniq zarba yo‘llab, dublni rasmiylashtirdi.

Natijada hisob yoki hokkeycha, yoki tennischa ko‘rinish oldi. To‘qqiz gol – APLning bu mavsumida rekord. Bu shou homiysi – «Tottenhem»ning jarohatlari (yaqinda Postekoglu asosiy tarkibning 10 futbolchisidan ayrilganidan shikoyat qilgandi). Londonliklarda himoyachilardan faqat Porro safda (Romero, van de Ven, Udoji va Devis kabilar yo‘q). Qolaversa, Vikario o‘rniga zaxira darvozabon tushmoqda.

Endi Slot jamoasi eng yaqin ta’qibchisidan to‘rt ochkoga ilgarilab ketdi va zaxirada bir o‘yini ham bor.

«Manchester Yunayted» — «Bornmut» 0:3
Gollar:
Haysen (29), Klyuyvert (61, penalti), Semeno (63).
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, Maguayr, Mazraui, Fernandesh, Diallo, Malasia (Yoro, 46), Maynu, Ugarte (Garnacho, 55), Dalot, Zirkze (Hoylund, 54).
«Bornmut» – Arrisabalaga, Kerkez, Haysen, Zabarniy, Smit (Kuk, 46), Kristi, Adams (Hill, 89), Uattara, Klyuyvert (Billing, 78), Semenyo (Bruks, 89), Evanilson (Unal, 71).
Ogohlantirishlar: Smit (35), Ugarte (37), Arrisabalaga (82), Haysen (90+1).

«MYu» qanday o‘ynashini oldindan aytib bo‘lmaydigan jamoaga aylandi. «Bornmut» bilan o‘yindagi asosiy voqealar Malasiya qanotda keraksiz fol ishlatishi bilan boshlandi. «Giloslar» belgilangan jarima zarbasidan maksimum natija chiqarib oldi va himoyachi Heysen Kristining uzatmasidan keyin bosh bilan zarba yo‘llab, olis burchakni aniq nishonga oldi. Standart vaziyatlar mankunianlarning og‘riqli nuqtasi bo‘lib qolmoqda. Mezbonlardagi ilk xavfli vaziyat tanaffus arafasida yuzaga keldi, ammo Kepa Brunu Fernandeshning zarbasidan keyin o‘zini ko‘rsatdi, keyinroq portugaliyalik yarimhimoyachining jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi ustun yonidan o‘tib ketdi.

Ruben Amorim tanaffusda jamoadagi eng bo‘sh o‘yin ko‘rsatgan futbolchi Malasiyani maydondan oldi, ammo mudofaada boshqa muammo paydo bo‘ldi. «Yunayted» bosimni kuchaytirib, Hoylund maydonga tashlanganida, Mazraviy jarima maydonida Klyuyvertni o‘tkazib yubordi va uning oyog‘iga tepib yiqitdi. Jabrlanuvchining o‘zi odatdagi kabi penaltini benuqson ijro etdi, «iblislar» o‘ziga kelib ulgurmasidan Semenyo uzil-kesil o‘yin taqdirini hal qildi. Jamoasidagi eng faol futbolchi bo‘lgan Garnacho o‘z reydini kuchsiz zarba bilan yakunlab, intrigani jonlantirish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi.

Bir yil oldin ham «Old Trafford» mezbonlari «Bornmut»dan uchta javobsiz gol o‘tkazib yuborgandi. Amorim — kuchli murabbiy, ammo baribir sehrgar emas. Qolaversa, «Bornmut» bu mavsumda kuchli o‘yin namoyish etmoqda. Birinchi davrada «Arsenal», «Manchester Siti» va «Tottenhem» kabi raqiblarni yenggan Iraola shogirdlari endilikda turnir jadvalida beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. «MYu» esa 1989 yildan buyon ilk marta «Boksing dey»ga jadvalning ikkinchi qismida yetib keldi. Payshanba kuni ular xavfli zonada borayotgan «Vulverhempton» mehmoni bo‘ladi.

«Everton» — «Chelsi» 0:0
«Everton» – Pikford, Mikolenko, Brentueyt, Tarkovski, Yang (Koulmen, 74), Dukure, Guyye, Mangalya, Ndiay, Kelvert-Lyuin (Betu, 73), Harrison (Lindstrem, 73).
«Chelsi» – Sanches, Gyusto, Koluill, Adarabioyo, Disasi, Fernandes, Kaysedo, Sancho, Palmer, Netu (Madueke, 76), Jyekson (Nkunku, 75).
Ogohlantirishlar: Ndiay (40), Pikford (45+1), Yang (57), Disasi (82), Betu (88).

«Everton» o‘tgan haftada Londonda «Arsenal» hujum chizig‘i vakillariga o‘yin bermagandi, bu yakshanbada esa Shon Daychning retseptlari «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham ish berdi. Ko‘klar birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha birorta tayinli vaziyat yarata olmadi. Hujumlar yakuniy bosqichga qadar yetib borganida esa ijroda oqsash kuzatildi. Avvaliga Jyeksonning havodagi to‘pga yo‘llagan zarbasi Pikfordga qiyinchilik tug‘dirmadi. Keyin Disasining bosh bilan yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi ustunga bordi.

Shu bilan birga, Sanches ham darvozada zerikib qolmadi. Ayniqsa tanaffusdan keyingi seyvi yodda qolarli bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa «Chelsi» darvozasi darvozabon va himoyachilarning birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli daxlsiz qoldi. Shunday ekan, yakuniy 0:0 hisobi o‘yin mantig‘iga mos bo‘ldi. «Irislar» darvozasida turgan Pikford uchun yakshanba kungi «quruq» o‘yin — joriy mavsumdagi yettinchisi bo‘ldi va u hozircha APLda bu ko‘rsatkich bo‘yicha tengsiz.

Ispaniya: Xesus Navasning xayrlashuv o‘yini

«Real» — «Sevilya» 4:2
Gollar
: Mbappe (10), Valverde (20), Rodrigo (34), Dias (53) — Romero (35), Lukebakio (86).
«Real» – Kurtua, Ryudiger, Kamavinga, Tchuameni, Vaskes, Valverde, Seballos (Guler, 71), Rodrigo (Modrich, 71), Bellinghem (Asensio, 77), Dias, Mbappe.
«Sevilya» – Fernandes, Salas (Montiel, 86), Gudel, Bade, Karmona, Lokonga (Bueno, 86), Agume, Idumbo-Muzambo (Navas, 65), Romero (Garsiya Paskual, 74), Lukebakio, Huanlu Sanches (Peke, 73).
Ogohlantirishlar: Lokonga (12), Salas (76), Valverde (78).

«Real» bu mavsumda o‘zining eng yaxshi futbolini ikkinchi bo‘limlarda ko‘rsatishga o‘rgatib qo‘ydi. «Sevilya» esa bu stereotipga ishondi va birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha ikki gol o‘tkazib yubordi. Ikki holatda ham — uzoq masofadan. Mbappe jarima maydoni tashqarisidan gol urishda bu boradagi qirol Valverdedan kam emasligini eslatib qo‘ydi. Fransuz va urugvaylik futbolchilarning zarbalari kuch borasida ham, aniqlik borasida ham o‘xshash chiqdi, farq shundaki, to‘p turlicha «to‘qqizlik»larga bordi. Fransuz hujumchisi professional darajadagi gollari soni bo‘yicha o‘zining taniqli vatandoshi Jiru bilan tenglashib oldi (355 gol).

Bu mavsumda kichik jarohatlar xalal berayotgan Rodrigo omilini ham qayd etish kerak. Hozirda braziliyalik vinger to‘liq sog‘ va so‘nggi uch uchrashuvda beshta (3+2) golli harakat amalga oshirdi. Bu mavsumda undan oldingi barcha o‘yinlarda jami shuncha bo‘lgandi. Ikkinchi bo‘limda esa Braim Dias Lukas Vaskes va Mbappe ishtirokidagi kombinatsiyani ajoyib zarba bilan yakunlab, amalda o‘yin masalasini hal qildi. 

«Atletiko»ni bir ochkolik farq bilan ta’qib etayotgan «Qirollik klubi» yangi yilni ikkinchi o‘rinda kutib oladi. Shu bilan birga, Madridning ikki klubida ham bittadan qoldirilgan o‘yin bor va bu o‘yinlarda g‘alaba qozonish orqali so‘nggi haftalarda peshqadamlikni boy bergan «Barselona»dan o‘zib ketishi mumkin. «Sevilya» esa bu o‘yinni faqat Xesus Navas tufayli esda qoldirishi mumkin. Olqishlar bilan kutib olingan 39 yoshli faxriy futbolchi «Santiyago Bernabeu»da futbolchilik faoliyatining so‘nggi daqiqalarini o‘tkazdi. JCh-2010, Yevro-2012 va Yevro-2024 chempioni, shuningdek UYeFA Kubogi/Yevropa Ligasining to‘rt karra g‘olibi uchun bu «Sevilya» safida la ligada o‘tkazilgan 516-o‘yin bo‘lib qoldi. Turnirda bir klub uchun bundan ko‘proq o‘yinni faqat «Real»ning sobiq futbolchilari Raul (550) va Sanchis (523), shuningdek kataloniyaliklar safida Messi (520) o‘tkazgan.

Italiya: «Atalanta» skudettoni ko‘zlamoqda

«Atalanta» — «Empoli» 3:2
Gollar:
de Ketelare (34, 86), Lukman (45+1) — Kolombo (13), Espozito (56, penalti).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats, Jimsiti (Hin, 70), Kossunu, Lukman (Samarjich, 70), de Ketelare, Zappakosta (Rujyeri, 70), Ederson, Pashalich, Bellanova (Kuadrado, 80), Retegi (Zaniolo, 21).
«Empoli» – Vaskes, Kakache, Ismayli, Goglichidze (Maryanuchchi, 80), Henderson (Sambiya, 84), Kolombo, Petssella, Grassi (Male, 70), Anjorin, Gyasi, Espozito (Fatssini, 71).
Ogohlantirishlar: Zaniolo (22), Petssella (64).

«Napoli»ning shanba kungi g‘alabasidan keyin peshqadamlikni o‘ziga qaytarish maqsadi bilan tushgan «Atalanta» debyutdayoq raqibning autdan maksimal foyda chiqarib olishi tufayli gol o‘tkazib yubordi. To‘p qanot chizig‘idan jarima maydoni ichidagi Hendersonga yetkazildi, u esa to‘pni qulay vaziyatdagi Kolomboga tashlab berdi. Bergamoliklar esa Dzappakostaning qanotdan uzatmasi evaziga hisobni tenglashtirishdi. Jarima maydoni ichida De Ketelare barchadan ildamroq harakat qilib, bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi.

Tanaffus arafasida esa Lukman «Atalanta»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Unda bu ishni qilish uchun oldinroq ham imkoniyatlar bo‘lgandi, ammo standart vaziyatlarda yo‘llangan zarbalardan keyin «Empoli»ni ikki bor ustun qutqarib qoldi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa VAR jarima maydoni ichida arbitr ko‘rmay qolgan folni ko‘rdi va mehmonlar foydasiga belgilangan penalti muvozanatni tiklashga imkon berdi. «Empoli» durangni ushlab qolish uchun bor kuchi bilan harakat qildi, ammo De Ketelare beton devordan ham teshik topa oldi. Ushbu belgiyalik yosh yarimhimoyachi burchakdagi bayroq oldidan chiziq bo‘ylab harakatlanib, uch himoyachi bilan qurshalganiga qaramay, darvozabonning bo‘sh qoldirilgan qanotiga zarba berdi. G‘alaba goli — jamoa uchun yil boshidan buyon 125-goli bo‘ldi va bu klub rekordi sanaladi.

«Monsa» — «Yuventus» 1:2
Gollar:
Birindelli (22) — Makkenni (14), Gonsales (39).
«Monsa» – Turati, Karboni, Mari, D`Ambrozio (Itsso, 83), Kaprari (Marich, 86), Birindelli (Sensi, 86), Kiriyakopulos, Byanko, Bondo, Pedru Pereyra (Churria, 71), Mota.
«Yuventus» – Di Gregorio, Kalulu, Gatti, Makkenni (Fajoli, 90+1), Savona, Kopmeyners (Tyuram, 46), Lokatelli, Yildiz, Gonsales (Kambiyazo, 64), Konseysau (Ajich, 85), Vlahovich (Mbangula, 85).
Ogohlantirishlar: Pereyra (15), Konseysau (57).

«Yuventus» bu mavsum duranglar virusiga chalingan. Oldingi to‘rt turda — to‘rt ochko, muxlislar faqat boshqa turnirlardagi natijalar bilan ovunishmoqda. Chempionlar ligasida turinliklar «Manchester Siti»ni yengishgandi, o‘tgan hafta o‘rtasida esa Italiya Kubogida «Kalyari» tor-mor etildi (4:0). «Monsa» maydonida esa oson bo‘lmadi. Bir tomondan — Makkenni o‘yin boshidayoq Kopmaynersning burchakdan uzatgan pasini golga aylantirdi, bo‘lim oxirida esa Niko Gonsalesning aniq zarbasi byankonerilarga g‘alabali hisobni qaytardi. Boshqa tomondan — mehmonlar mudofaasi ishonchli harakat qilmadi va raqibning Birindellidan boshqa futbolchilaridan ham gol o‘tkazib yuborishi mumkin edi. Tiagu Motta shogirdlari faqat ikkinchi bo‘limda ishonchli o‘ynay boshlashdi va A seriyada uzoq kutilgan g‘alabaga erishildi.

Germaniya: komplekslardan qutulish

«Volfsburg» — «Borussiya» D 1:3
Gollar:
Vavro (58) — Malen (25), Bayyer (28), Brandt (30).
«Volfsburg» – Grabara, Kulerakis, Vavro, Fisher (Tiagu Tomash, 46), Mele (Kaminski, 86), Gerhardt (O‘zjan, 75), Arnold, Svanberg (Nmecha, 46), Baku, Amura (Vimmer, 86), Vind.
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni, Shlotterbek, Jan, Gross, Nmecha, Gittens (Adeyyemi, 87), Brandt (Reyna, 87), Malen (Anton, 63), Girassi, Bayyer (Yan Kouto, 75).
Ogohlantirishlar: Kulerakis (50), Gerhardt (55), Malen (63), Vavro (70), Kouto (90+4).
Chetlatish: Gross (62).

«Borussiya» muxlislari bundesliganing joriy mavsumida safar o‘yinlaridagi ilk g‘alabani faqat yangi yil arafasiga kelib nishonlashdi. Bu g‘alabaga Volfsburgda erishildi, dortmundliklar bu yerda oktyabr oyida ham o‘ynagan va minimal hisobda yutqazib (0:1), Germaniya kubogini tark etgandi. Bu safar esa Malen hisobni ochgach, «asalarilar» raqibning ko‘zini ochirishmadi. Bayyer shvedka uslubidagi zarbasi bilan ikkinchi golni urdi, yana bir necha daqiqa o‘tib Bayno-Gittens ortidagi sherigini his qilib, to‘pni qulay vaziyatdagi Brandtga o‘tkazib yubordi. «Bo‘rilar» to‘rt daqiqa ichida uch gol o‘tkazib yuborishdi.

Mezbonlar faqat ikkinchi bo‘limda o‘ziga kelishdi. Nuri Shahin shogirdlari ancha erta xotirjamlikka berildi va Vavro hisobni qisqartirishidan oldinroq «Volfsburg» yana kamida ikkita gol urishi mumkin edi. Qolaversa, 62-daqiqada Gross maydondan chetlatilishi mehmonlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Ammo fakt bo‘yicha — bunaqasi kamdan kam kuzatiladi — ozchilik bo‘lib o‘ynash «Borussiya» foydasiga xizmat qildi. Shundan keyin jamoa jipslashdi va fidokorlik bilan ustunlikni saqlab qoldi. Safar o‘yinlaridagi ilk g‘alaba darhol effekt berdi: Dortmund yangi yilni yevrokuboklar zonasida (6-o‘rinda) kutib oladi va Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi oxirgi o‘ringa ikki ochko qolgan.

Fransiya: Rossiyalik darvozabon ikki penalti qaytardi

«Lans» — «PSJ» 1:1
Penaltilar seriyasi — 3:4.
Gollar:
Nzola (66) — Ramush (70).
«Lans» – Koffi, Mashadu (Chaves, 90), Frankovski, Medina, Danzo, Husanov (Sarr, 90+6), Diuf, Al Enaui, Tomasson (Sotoka, 89), Fyuljyeni (David Koshta, 70), Nzola.
«PSJ» – Safonov, Mendesh, Pacho, Markinos, Hakimi, Joau Nevesh, Vitinya, Fabian Ruis (Zair-Emeri, 57), Due (Gonsalu Ramush, 66), Li Kan In (Barkolya, 66), Dembele.
Ogohlantirishlar: Markinos (67), Husanov (75).

Fransiya kubogida «PSJ» va «Lans» juda erta uchrashdi. Mezbonlar bu o‘yinda jarohat tufayli asosiy darvozaboni Sambaning xizmatlaridan foydalan olmadi, parijliklar ustozi asosiy yetakchilari Zair-Emeri (57-daqiqagacha) va Barkolyani (66-daqiqagacha) zaxirada qoldirdi.

Donnarummaning ichki chempionatda «Monako»ga qarshi o‘yindagi qo‘rqinchli jarohatidan keyin parijliklarning ikkinchi darvozaboni, rossiyalik Matvey Safonov o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U ikkinchi bo‘limda bir necha bor o‘zini ko‘rsatdi, ammo 67-daqiqada baribir gol o‘tkazib yubordi. Burchak zarbasi ijro etilganida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodirov Husanov raqib futbolchisi Joau Nevesh orqali o‘ziga kelib tushgan to‘pga kuchli zarba berdi. Gol avvaliga Husanovning nomiga yozilgandi, ammo keyinroq to‘p yo‘l-yo‘lakay Mbala N'Zolaga tekkani va rikoshet bo‘lib darvozaga borgani tufayli gol muallifi o‘zgartirildi.

Shu gol urilishi arafasida zaxiradan maydonga tushgan Gonsalu Ramush esa bir necha daqiqa o‘tib hisobni tenglashtirdi — jarima maydoni ichida bir harakat bilan yo‘ldan olib, yaqin burchakni aniq nishonga oldi va hisob tenglashdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Husanov boshi yorilgani uchun almashtirildi, o‘yinda boshqa gol urilmadi va jamoalar penaltilar seriyasiga o‘tishdi. 

Futbol lotereyasida esa Matvey raqib futbolchilarining oxirgi ikki zarbasini qaytardi: N'Zolaning zarbasidan keyin to‘pni to‘singa yo‘naltirishga ulgurdi, Andi Diufning o‘ng burchakka yo‘llagan zarbasi yo‘nalishini aniq topdi va parijliklarni 1/16 finalga olib o‘tdi.

Kun statistikasi

«Liverpul» hujumchisi Saloh APL tarixida rojdestvoga qadar gollar va golli uzatmalar soni bo‘yicha ikkita raqamda ifodalanadigan ko‘rsatkich qayd etgan 1-futbolchi bo‘ldi.

«Utrext» himoyachisi Virgever Niderlandiya chempionatida 8 ta qizil kartochka oldi. Ligada hech kim bu qadar ko‘p maydondan chetlatilmagan.

«Atalanta»ning Italiya chempionatidagi 13 g‘alabasi — ayni vaqtda top-5 ligalarda maksimal ko‘rsatkich.

O‘n yetti turdan keyingi 22 ochko — «MYu»ning 1989 yildan buyon eng yomon natijasi.

«Dyunkerk» 26 yil o‘tib kubok turnirida liga 1 klubini yengishga muvaffaq bo‘ldi.

«Galatasaroy» Turkiya chempionatining joriy mavsumida 16 turda 47 gol urishga ulgurdi. Bu birinchilikning shu davri uchun rekord darajadagi sermahsullik hisoblanadi.

«Roma» hujumchisi Dibala A seriyadagi gollari sonini 126 taga yetkazdi. U Gonsalo Higuainni ortda qoldirib, turnir tarixidagi eng yaxshi uchinchi argentinalik to‘purarga aylandi. Undan yuqorida faqat Gabriel Batistuta (184) va Ernan Krespo (153) bor.

 

Mavzuga oid