Rossiya Donbassdagi yana bir muhim shaharni egallagan. Nimalar ma’lum?
RF mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shini Ukrainaning Donetsk oblastidagi mudofaasi uchun muhim hisoblangan Kuraxovo shahri egallab olinganini ma’lum qildi. Ushbu aholi yashash manzili uchun janglar qariyb to‘rt oy davom etdi.
RF mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, shahar ustidan «to‘liq nazorat o‘rnatilgan». Rossiya harbiy idorasi Kuraxovoni Ukraina qurolli kuchlarining jami 15 ming harbiy xizmatchisidan iborat 26 ta batalyoni mudofaa qilganini qo‘shimcha qilgan.
Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi esa Kuraxovo boy berilganini tasdiqlamayapti. Ukraina QK bosh shtabi dushanba kuni ertalab bergan hisobotida o‘tgan bir kun davomida bu yo‘nalishda raqibning 27 ta hujumi qaytarilgani aytilgan.
BBC Ukraina xizmatining «Hortitsa» operativ-strategik qo‘shinlar guruhidagi suhbatdoshlari ham bir necha kun oldin Rossiya tomonining Kuraxovo to‘liq egallangani to‘g‘risidagi bayonotlari — yolg‘on ekanini ma’lum qilgandi. Manbalar ukrain mudofaa kuchlari hali ham shaharning g‘arbiy qismidagi pozitsiyalarni ushlab turganini aytishgandi.
6 yanvar kuni oxirida esa Ukraina qurolli kuchlari shahar to‘liq raqib qo‘liga o‘tganini rasman rad etib, shahar ichkarisida hali harbiy harakatlar davom etayotganini da’vo qildi.
«Kuraxovo yo‘nalishida raqib shahardagi turar joylar hududida, Petropavlovka va Dachnoye yo‘nalishlarida hujum amaliyotlari o‘tkazmoqda. Raqibning bizning jangovar saflarimizgna suqulib kirishga urinayotgan shturmchi guruhlarini aniqlash va yo‘q qilish tadbirlari davom etmoqda», — deyilgan «Hortitsa» bayonotida.
Keng ko‘lamli urushga qadar Kuraxovo shahrida 18 ming atrofida odam yashagan, u Donbass janubidagi muhim sanoat markazi hisoblangan.
«Zaporijjya — Donetsk» trassasida joylashgani tufayli ushbu aholi yashash punkti ukrain qo‘shini Maryinka, Vuhledar va Krasnohorivka uchun janglar olib borganida ular uchun muhim logistik hab vazifasini o‘tagan.
Ammo 2024 yil mobaynida Rossiya armiyasi og‘ir janglar natijasida ukrainlarning ushbu shaharlar atrofidagi mudofaasini yorib o‘tdi va ularni okkupatsiya qildi. Bu Rossiya qo‘shiniga Kuraxovoga bir vaqtning o‘zida janub, sharq va shimol tomondan yaqinlashib kelishga imkon berdi.
Ukraina qurolli kuchlari ma’lum vaqt amalda yarim qurshov holatida pozitsiyalarni ushlab turishiga to‘g‘ri keldi.
So‘nggi kunlarda eng shiddatli janglar shaharning g‘arbiy chekkasidagi Kuraxovo IES va quvur zavodi joylashgan sanoat zonasida bo‘lib o‘tayotgandi. Ushbu uchastkalar hozirgacha ukrain qo‘shini nazoratida qolayotgandi.
Ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets 3 yanvar kuniyoq Ukraina qurolli kuchlari amalda Kuraxovoni tark etgani haqida yozgandi.
«Menga ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi bir necha kun ichida Ukraina qurolli kuchlarining ilg‘or bo‘linmalari Kuraxovo IES hududidan to‘liq olib chiqilgan va shu tariqa Kuraxovo mudofaasi amalda yakunlangan…», — deya yozgandi sharhlovchi.
U ukrainlarning ilg‘or qismlari hamon Dachnoye qishlog‘ini, shuningdek Yantarnoyega boruvchi yo‘lning bir qismini o‘z nazoratida ushlab turgani, ammo, katta ehtimol bilan, yaqin kunlar ichida Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo platsdarmining «qolgan qismi»ni ham tark etishga majbur bo‘lishini aytgandi.
Asta-sekin qurshab olish
Ukraina qurolli kuchlari 2024 yilning katta qismi davomida raqibni Kuraxovoning sharqiy chekkalarida — Georgiyevka va Maksimilyanovka qishloqlari hududida to‘xtatib turdi. Shahar shimoli yirik Kuraxovo suv ombori bilan himoyalangandi.
Ammo oktyabr oyi boshida Rossiya armiyasi Vuhledarni egallab olgach, vaziyat asta-sekinlik bilan yomonlashib bordi. Shundan keyin ruslar tezlik bilan Kuraxovoga janubiy qanotdan yaqinlasha boshladi.
Ukrainlar bu yurishni Suxiye Yali daryosi bo‘ylab, ya’ni shahardan 7-8 km janubroqda to‘xtatib turdi.
Ammo bu vaqtga kelib rossiyalik harbiylar boshqa yo‘nalishlarda Kuraxovoga kirib, ukrain kuchlarini g‘arbiy chekkadagi sanoat zonasiga siqib chiqarishni boshlagandi. Dekabr oyiga kelib Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalari faqat IES va truba zavodi hududida saqlanib qolgandi.
Shimol tomonda Ukraina qurolli kuchlari birin-ketin Krasnohorivka, Gornyak va Stariye Terni posyolkalarini qo‘ldan chiqardi.Shu tariqa, rossiyaliklar ukrainlarni suv ombori sohillaridan butunlay chekintirishga erishdi.
Vaziyatni Rossiya armiyasi dekabr oxirida Kuraxovodan g‘arbda, Andriyivka, Ulakli va Konstantinopol qishloqlari hududida «Zaporijjya-Donetsk» trassasiga chiqqani fakti ham murakkablashtirdi. Shu tariqa, ukrain garnizoniga ta’minot yetkazib berish maksimal darajada qiyinlashdi, trassalar to‘sib qo‘yilishi uni to‘liq qurshov xavfi ostida qoldirdi.
Bundan tashqari, yanvar boshida rossiyaliklar ukrainlarning Dachnoye qishlog‘idagi istehkomiga yaqinlashib keldi. Bu qishloq Kuraxovodan g‘arbda joylashgan.
Qurshovga tushib qolmaslik uchun ukrain armiyasi kuchlari bosqichma-bosqich g‘arbiy yo‘nalishdagi ushbu «cho‘ntak hudud»ni tark eta boshladi va yakunda shaharni tashlab chiqdi.
Rossiya uni okkupatsiya qilgach, amalda Donbass janubini to‘liq nazoratiga oldi va Dnipropetrovsk oblasti bilan ma’muriy chegaralarga deyarli yetib keldi.
Kuraxovo egallanishi RF armiyasiga kelgusida Zaporijjya tomon yurish qilish uchun sharoit yaratadi.
Mavzuga oid
14:54 / 07.01.2025
Ukrainaga Kursk oblastidagi yangi yurish nega kerak?
14:50 / 06.01.2025
Ukrainaning Kursk oblastidagi «katta yurishi». Bu haqda nimalar ma’lum?
12:52 / 31.12.2024
Donetsk oblasti chegarasigacha 8 km: Ukraina Rossiyaning Pokrovsk va Kuraxovoga yurishini to‘xtata oladimi?
20:21 / 29.12.2024