Kaliforniyada dahshatli o‘rmon yong‘inlari - fotosuratlar
Ben Afflek va Kamala Harris yashaydigan Pasifik-Paliseyds shahri xavf ostida. Yong‘in turar joylarni o‘z domiga tortmoqda, o‘n minglab kishilar olovdan qochmoqda, favqulodda holat rejimi e’lon qilingan.
Kaliforniya hukumati Los-Anjyeles g‘arbidagi bir necha tumanni qamrab olgan o‘rmon yong‘inlari tufayli favqulodda holat rejimi e’lon qildi. Aholiga evakuatsiya bo‘lish buyurilgan.
Yong‘in 7 yanvar kuni Santa-Monika va Malibu oralig‘ida, sohildagi Pasifik-Paliseyds hududida boshlangan. Uning maydoni 1182 gektarni tashkil etmoqda. Olov turar joylarni yakson qilmoqda, o‘tni o‘chirish uchun vertolyotlar jalb etilgan.
30 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelgan, shu tufayli ayrimlar avtomobillarini qoldirib, hududni piyoda tark etmoqda. Olov yo‘llargacha chiqqani tufayli odamlar plyajda jon saqlamoqda.
Mahalliy rasmiylar matbuot anjumanida 10 mingga yaqin uy xavf ostida ekanini ma’lum qilgan.
Pasifik-Paliseyds hududida Hollivudning bir necha yulduzlari yashaydi, masalan, Ben Afflekning uyi shu yerda joylashgan. NBC News xabariga ko‘ra, yong‘in tufayli AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisning qarorgohi ham evakuatsiya zonasida qolgan. Aktyor Jyeyms Vuds olov ichida qolgan hududdan evakuatsiya jarayoni aks etgan videoni e’lon qilgan.
Los-Anjyeles o‘t o‘chirish xizmati rahbari Kristin Krouli evakuatsiya shoshilinch va tartibsiz olib borilganiga qaramay, tabiiy ofatdan jarohatlanganlar yo‘qligini bildirgan.
Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom ko‘plab binolar allaqachon olov domida qolganini aytgan. Kaliforniya janubidagi boshqa hududlariga ham yangi yong‘in o‘choqlari paydo bo‘lishi xavfi tufayli o‘t o‘chiruvchilar joylashtirilgan.
Kaliforniyaning boshqa qismida, Los-Anjyelesdan 50 kilometr masofada yana bir yong‘in o‘chog‘i yuzaga kelgan, olov 160 gektar hududni qamrab olgan. Los-Anjyeles okrugida 96 000 kishi elektr ta’minotidan uzilgan.
Yong‘in tufayli AQSh prezidenti Jo Bayden Kaliforniyaga tashrifini bekor qilgan, u bu yerda ikkita yangi milliy yodgorlikni barpo etish marosimida ishtirok etishni rejalashtirgandi. «Men Pasifik-Paliseydsdagi dahshatli yong‘inni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan har qanday federal yordamni taklif qildim», — degan Bayden.
Rasmiylar yong‘inlar shamol tufayli kuchayishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Milliy meteorologiya xizmati ayrim hududlarda shamol tezligi soatiga 160 kilometrgacha yetishi mumkinligini aytishmoqda.
Yuqori darajali xavotirli holat payshanba kuni kechqurungacha saqlanib qolishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
20:07
Kaliforniyada dahshatli o‘rmon yong‘inlari: qurbonlar bor, mashhurlarning uylari yonib ketmoqda
19:42
Bayden Kaliforniyadagi yong‘inlar sababli oxirgi xorijiy safarini bekor qildi
12:54 / 23.12.2024
Toza havo va salomatlik uchun – Kaliforniya shtati 2035 yildan faqat elektromobillar sotuviga ruxsat beradi
00:41 / 06.12.2024