O‘zbekiston | 21:32 / 09.01.2025
4294
6 daqiqa o‘qiladi

9 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Ov qilishga moratoriy, AI-80 benzin, mazut va polietilen paketlarga taqiq, O‘zbekistonda soyali sayr ko‘chalari tarmog‘i va joriy etiladigan yangi elektron retsept tizimi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

AI-80 benzin, mazut va polietilen paket taqiqlanishi mumkin

2025 yilgi davlat dasturi loyihasi muhokama uchun taqdim etildi. Unda Yevro-4 standartidan past ekologik toifadagi yoqilg‘idan foydalanish va sotishni cheklash taklif qilingan. Shunday qilib, past sifatli Ai-80 benzinining sotuvi cheklanishi mumkin.

Shuningdek, issiqlik markazlari va elektr stansiyalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanishni taqiqlash ham taklif etilgan. Faqat hukumat bilan kelishilgan holda, avariyaviy holatlarda mazutdan foydalanish istisno sifatida belgilanishi mumkin.

2027 yildan O‘zbekistonda polietilen paketlarni ishlab chiqarish, olib kirish va ulardan foydalanishni to‘liq taqiqlash ham taklif etilmoqda.

Loyihada bir martalik plastik mahsulotlarning o‘rniga ekologik jihatdan zararsiz (bioparchalanuvchi) paketlardan foydalanishni rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, plastik mahsulotlarda zararli kimyoviy moddalardan foydalanishni cheklash va qayta ishlangan plastikdan foydalanish me’yorlarini belgilash rejalashtirilmoqda. Jumladan, 2025 yil 1 noyabrga qadar plastik qadoqlarni yoki plastik qadoqlarda mahsulot ishlab chiqaruvchi hamda import qiluvchilarga «taralarni qaytarish», ushbu turdagi chiqindilarni qabul qiluvchi maxsus joylar va uskunalarni o‘rnatish orqali yig‘ib olish va utilizatsiya qilish yoki utilizatsiya yig‘imini to‘lash bo‘yicha kengaytirilgan majburiyatni joriy qilish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda.

2028 yilgacha ov qilishga moratoriy

Mamlakatda atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida ov qilishga cheklovlar joriy etiladi. Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, 2025 yil 1 sentabrdan 2028 yil 1 yanvargacha yovvoyi hayvonlarni ovlashga moratoriy joriy qilinishi rejalashtirilgan.

Moratoriy fermalar, pitomniklar, inkubatorlar va baliqchilik xo‘jaliklarida saqlanayotgan hayvonlarga tatbiq etilmaydi.

Sanitar maqsadlarda amalga oshiriladigan ov qilishga cheklov qo‘yilmaydi.

Shuningdek, 2025 yil 1 sentabrdan yovvoyi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash uchun ruxsatnomalar elektron auksion orqali beriladi.

2025 yildan boshlab, respublika markaziy shaharlaridagi daryo va soylarda har yili 15 tonnadan kam bo‘lmagan chavoqlantirish ishlari amalga oshiriladi. Bu choralar tabiiy suv havzalaridagi baliqlar populyatsiyasini qayta tiklashga qaratilgan.

O‘zbekistonda soyali sayr ko‘chalari tarmog‘i yaratiladi

Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muhitni yaxshilash maqsadida bir qator yangi tashabbuslar amalga oshiriladi.

2025 yilda rejalashtirilgan ishlar sirasiga jumladan, «Soyali sayr ko‘chalari» tarmog‘ini yaratish ham kiritilgan. Piyoda va velosiped yo‘laklarida daraxtlar ekilib, aholi uchun qulay muhit ta’minlanadi.

Shuningdek, sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obekti va 110 km sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi.

«Yashil makon» va «Mening bog‘im» loyihalari doirasida 200 mln tup daraxt va butalar ekiladi. Yashil bog‘ va parklarda quyosh panellari yordamida quvvatlanadigan yoritgichlar o‘rnatiladi.

Orol dengizi tubida 100 ming gektar yashil maydon barpo etiladi, Orolbo‘yi o‘rmonzorlari 2,1 mln gektarga yetkaziladi.

«Yashil texnikumlar» tashkil etiladi

O‘zbekistonda ta’lim va inson salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan yangi tashabbuslar amalga oshiriladi.

Prezident farmoni loyihasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti yetakchi ta’lim muassasasi sifatida belgilanadi va u ekologiya, iqlim o‘zgarishi hamda sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi.

Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda «yashil texnikumlar» tashkil etiladi.

Tabiiy fanlar, muhandislik-texnika va iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalariga «Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish» fanlari joriy etiladi.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha grant o‘rinlari 25 mingtagacha ko‘paytiriladi. Kambag‘al oilalarning 3,5 ming farzandlari oliy ta’lim muassasalariga grant asosida qabul qilinadi.

2025 yilga qadar oziq-ovqat xavfsizligi va jismoniy salomatlikni targ‘ib qilish maqsadida milliy dasturlar ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonda elektron retsept tizimi joriy etiladi

Prezidentning «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida yangi tartiblarni joriy etishni nazarda tutuvchi davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Bu loyiha tibbiyot xodimlari faoliyati va dori-darmonlar ta’minoti bo‘yicha yangi mexanizmlarni qamrab oladi.

2025 yil 1 iyuldan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimi joriy etiladi. Bu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosqichma-bosqich mexanizmlarning belgilagan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlaydi.

Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrga qadar tibbiy sug‘urta mexanizmlari amal qiladigan hududlarda «elektron retsept» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tizim orqali retsept asosida beriladigan dori vositalari elektron shaklda tayinlanadi.

Yangi tizimlar tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan. Ular orqali bemorlarga qulayliklar yaratish va tibbiyot sohasini raqamlashtirish kutilmoqda.

 

Mavzuga oid