O‘zbekiston | 21:19 / 06.01.2025
4593
6 daqiqa o‘qiladi

6 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

13 ming so‘mlik dovondan o‘tgan dollar, mashinasiga pechka o‘rnatgan bloger, marketpleyslar uchun yangi taqiq va oshayotgan poyezd chiptalari — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mashinaga pechka o‘rnatgan bloger

Yangi yilning ilk ko‘rsatuvini quvnoq xabar bilan boshlaymiz. Andijonlik blogerlardan biri Kia K5 avtomobilning tomini teshib, mashina saloniga o‘tinli pechka o‘rnatib, choy qaynatib ichdi va bu kontentni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdi.

Bloger mashina ichida pechda olov yoqib, shu holda ko‘chalarda avtomobilni boshqargani uchun unga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.

IIV axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu holat yo‘l harakati qoidalarini buzish va jamiyat qoidalarini mensimaslik sifatida baholangan. Shuningdek, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmagani ta’kidlandi.

Tezkor surishtiruv davomida bloger topilib, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirildi. Qo‘shimcha ravishda, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi ham blogerga tegishli choralar ko‘rgan.

Dollar 13 ming so‘mdan oshdi

6 yanvar kuni O‘zbekistondagi ayrim tijorat banklarida AQSh dollarining sotish kursi ilk bor 13 000 so‘mga yetdi.

Ko‘pgina banklarda 1 dollar 13 000 so‘mdan sotilmoqda. Ayrim banklarda sotish kursi biroz arzon – 12 945 so‘m.

Xarid kursi ko‘pchilik banklarda 12 880 – 12 910 so‘m atrofida.

Markaziy bank 6 yanvar kuni uchun dollarning rasmiy kursini 12 942,01 so‘m etib belgilagan.

Ro‘yxatdan o‘tmagan marketpleyslar faoliyati taqiqlandi

Dollar narxi oshmoqda, demak, Temu kabi marketpleyslardagi tovarlar ham qimmatlashadi. Ammo hukumat qaroriga ko‘ra, endi faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar elektron tijorat operatori sifatida faoliyat yuritishi mumkin. Bu qaror Temu kabi xalqaro platformalarni ro‘yxatdan o‘tishga majbur qiladi yoki ularning faoliyati cheklanishiga olib keladi.

Endi bunday marketpleyslar o‘z faoliyatlarini quyidagi shartlarga muvofiq olib borishi shart:

  • O‘zbekiston yuridik shaxsi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish;
  • shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, mualliflik huquqlari va reklama sohasidagi qonunlarga amal qilish;
  • vakolatli organlarga faoliyatga oid ma’lumotlarni bepul taqdim etish;
  • iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va chakana savdo qoidalariga rioya qilish.

2025 yil 1 iyuldan boshlab, elektron tijorat operatorlari xabardor qilish tartibida ro‘yxatdan o‘tadi. Qonunbuzarlik hollarida ro‘yxatdan o‘tmagan xorijiy platformalarning faoliyati cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin.

Poyezd chiptalari narxi oshmoqda

O‘zbekistonda nafaqat dollar, balki tezyurar poyezdlar uchun chiptalar narxi ham oshmoqda.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyatining ma’lum qilishicha, 1 fevraldan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdining VIP va biznes toifadagi chiptalari 25 foizga, ekonom toifasidagi chiptalari esa 20 foizga qimmatlashadi. Shuningdek, tezyurar «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» poyezdlari chiptalari ham 30 foizga oshadi.

Misol uchun Toshkentdan Buxoroga yo‘l olgan «Afrosiyob» poyezdida ekonom toifadagi chipta 484 ming so‘mga baholanmoqda. Toshkentdan Qarshiga ekonom chipta esa 406 ming so‘mni tashkil etadi. Toshkentdan Samarqandga esa eng arzon chipta 294 ming so‘m etib belgilandi.

1 fevraldan boshlab yotoqli yo‘lovchi poyezdlar chiptalari narxi ham 10,5 foizga oshiriladi.

Narxlardagi bu o‘zgarishlar vagonlar parkini yangilash, yo‘lovchi tashish sohasidagi moliyaviy zararlarni qisqartirish, jumladan temiryo‘l vokzallari faoliyatini ta’minlash, elektr energiyasi, yoqilg‘i va transport xarajatlarini qoplash kabi omillar bilan bog‘liq.

10 metr chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi

Toshkentning Yashnobod tumanida hojatxona uchun qazilgan 10 metrlik chuqurlikka tushib ketgan fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan qutqarildi. Hodisa 5 yanvar kuni Boyqo‘rg‘on mahallasida sodir bo‘ldi.

Fuqaro ehtiyotsizlik sababli chuqurlikka tushib ketgan. Qutqaruvchilar zudlik bilan manzilga yetib borib, maxsus anjomlar yordamida uni chiqarib oldi va birinchi yordamni ko‘rsatdi. Shundan so‘ng jabrlanuvchiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun tez yordam xizmatlariga topshirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro yengil tan jarohati olgan va hozirda shifokorlar nazorati ostida.

Dala chetlaridan samarali foydalaniladi

Prezident qaroriga muvofiq, aholi tomorqalari, ko‘p qavatli uylar oldi va mahallalar ichki ko‘chalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish tartibi joriy etiladi.

Dala chetlarida ekin ekish ishlari va mahsulot yetkazib berishdan tortib, uning eksportga yo‘naltirilishigacha barcha jarayonlar tashkil etiladi. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi har yili tuman va mahallaning iqlim sharoitiga mos ekin turlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi va ushbu yerlarga urug‘, ko‘chat yetkazib berishni ta’minlaydi.

Shuningdek, dala chetlarini o‘zlashtirish va ekin ekish uchun banklar orqali imtiyozli mablag‘lar ajratiladi. Mahalliy hokimliklar esa har yili dala chetlarida ekin ekish ishlarini tashkil etish hamda yetishtiriladigan mahsulot hajmining prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

Mazkur tashabbus qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish va aholi daromadini oshirishga qaratilgan.

Mavzuga oid