15:41 / 15.06.2015
1794

Gus Xiddink Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketishi mumkin

Futbol bo‘yicha Niderlandiya terma jamoasi bosh murabbiyi Gus Xiddink o‘z o‘rnini tark etishi mumkin. Bu haqda uning o‘zi De Telegraaf gazetasiga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

Gazeta jurnalisti bu mutaxassis bilan 12 iyun kuni Latviya bilan bo‘lib o‘tgan o‘yindan keyin gaplashgan. Yevro-2016 saralashi doirasidagi bu o‘yindan keyin Niderlandiya terma jamoasi "A" guruhida 6 o‘yindan keyin 10 ochko jamg‘argan holda uchinchi o‘rinda turibdi. Guruhda 15 ochko bilan islandiyaliklar yetakchilik qilishmoqda. Ikkinchi o‘rindagi Chexiyada esa 12 ochko mavjud.

"Men terma jamoadagi ishimni davom ettirish yoki ettirmaslik borasida o‘z qarashlarimga egaman. Ammo qaror qabul qilishdan oldin buni muhokama qilib olishim lozim. Bunga qancha vaqt ketadi? Balki bir soat ham yetadi", - deydi Xiddink.

O‘tgan yilning kuzida ham OAVda uning o‘z lavozimini tark etishi haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinroq Qirollik futbol uyushmasi uni ishdan bo‘shatmaslikka qaror qilgandi. Bunga uning o‘rniga munosib nomzod topilmagani sabab bo‘lgandi.

Ma'lumot uchun, 68 yoshli Gus Xiddink 2014 yilning martida Niderlandiya terma jamoasi boshqaruviga kelgan, undan oldin esa 2006-2010 yillar davomida Rossiya terma jamoasida, 2012 yildan "Anji" jamoasida ishlagandi.

Top