21:38 / 15.06.2015
4571

Maldiv orollari chempionatida o‘zbekistonlik darvozabon faoliyat yuritmoqda

Maldiv orollari chempioni “Nyu Radiant SK” jamoasida o‘zbekistonlik Alisher Ahmedov harakat qilmoqda. U bu jamoanin asosiy darvozaboni hisoblanadi. OFKning futboli jadallik bilan rivojlanib borayotgan a'zo mamlakatlaridan biri sanaladigan Maldiv orollarining yetakchi jamoasi sharafini himoya qilayotgan futbolchi bilan intervyu uyushtirilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, u avvaliga Qozog‘iston chempionati vakili "Gefest" jamoasida o‘ynagan, 2015 yilning boshida Toshkentning "Lokomotiv" jamoasida ko‘rikdan o‘tgan. Lekin, u "temiryo‘lchilar"ning asosiy tarkibiga kira olmasligiga ko‘zi yetgach, Maldiv chempionatidan kelgan taklifni qabul qilgan.

U o‘zining hozirgi jamoasida muhit yaxshiligini, bu jamoaning ko‘pgina muxlislari borligini ta'kidlagan.

"Jamoadoshlarim bilan muloqotga kirishishda umuman muammo yo‘q. Ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirganman. Shu sababdan jamoadoshlarim va murabbiylar bilan inglizchada suhbat quramiz. Bu borada qiynalayotganim yo‘q", deydi u.

Ma'lumot uchun, "Nyu Radiant" oxirgi mavsumda mamlakat chempioni bo‘lgani evaziga 2014-2015 yilgi OFK kubogida ishtirok etdi va guruhda uchinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Alisher Ahmedovning ma'lum qilishicha, Maldiv chempionatida 8ta jamoa ishtirok etadi va bu ligada kurash qizg‘in kechadi. Maldivda jamoalar infrastrukturasi ancha yaxshi tuzilgani ta'kidlangan.

Qayd etish joizki, Alisher Ahmedov bu jamoa bilan 1 yillik shartnoma imzolagan va bu shartnomasi muddatini uzaytirish arafasida turibdi.

Top