19:21 / 24.06.2015
2858

Sardor Rashidov: Qatar orqali Yevropaga ketmoqchiman

“Bunyodkor” jamoasi yarim himoyachisi Sardor Rashidov Qatarning “al-Jaysh” jamoasiga o‘tib, u orqali Yevropaga ketmoqchi. Bu haqda futbolchi Championat.asia saytiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Ilgariroq Sardor Rashidov “al-Jaysh” jamoasi tarkibiga o‘tishi haqida axborot tarqatilgan edi.
"Qishdayoq menga ko‘plab klublardan takliflar kelib tushgandi. Natijada meni munosib bo‘lgan jamoaga qo‘yib yuborishmoqchi edi. Lekin “Bunyodkor”ning oldida Osiyo Chempionlar ligasi bahslari ham bor edi. Shuning uchun klubda qolib xalqaro maydondagi ishtirokiga yordam berishni xohladim. Jamoa ham keyingi taqdirimni birinchi davradan keyin hal qilishini aytdi. Mana, endi o‘ylagan rejalarimiz amalga oshadi deb o‘ylayman”, – uning so‘zlarini keltiradi nashr.
Bundan tashqari, Rashidov Qatar orqali Yevropa jamoalaridan biriga o‘tish niyati borligini aytdi:
“Yevropada o‘ynash niyatim borligini aytganman. U yerdan ham bir qator jamoalar qiziqish bildirishdi. Aytishim kerakki, Qatardan juda yaxshi taklif kelib tushdi. Bilasiz-ku, 2022 yili bu mamlakatda jahon chempionati o‘tkaziladi. Shuning uchun hozirdanoq juda jiddiy ravishda tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Buning uchun milliy chempionatini yanada kuchaytirish uchun yangi loyihalarni ishlab chiqishyapti. Yaqinda “Barselona”dan Xavini taklif qilishda va u “Al Sadd” bilan shartnoma imzoladi. Bundan tashqari yana boshqa yulduz o‘yinchilar Qatar chempionatiga oshiqishyapti. Menga taklif bilan chiqqan “Al Jayish” klubi ham katta salohiyatga ega. Bu jamoa men uchun notanish emas. Ilgari chempionlar ligasi bahslarida “Al Jayish”ga qarshi o‘ynaganmiz. Qatar futboli oxirgi yillarda keskin darajada o‘sib boryapti. Ushbu chempionatda to‘p surish orqali keyinchalik Yevropaga yo‘l olishim mumkin”.
Shuningdek, u jamoasining oxirgi o‘yinlari haqida fikr bildirib o‘tdi.
“ E'tibor bergan bo‘lsangiz, biz asosan jamoaviy o‘yin ko‘rsatdik. Futbolda hamjihatlikda gap ko‘p. G‘alaba qozonishimizda himoyachilarimiz va darvozabonimizning yaxshi o‘yin ko‘rsatganini ham alohida aytishni istardim. Bir so‘z bilan aytganda, butun jamoa bo‘lib yaxshi harakat qildik deb o‘ylayman”, – dedi u.

Top