08:04 / 29.06.2015
6021

"InterSPORT": Samvel Babayan MTJ ustozi - «plyus» va «minus»lar

"InterSPORT" gazetasida O‘zbekiston milliy terma jamoasida murabbiylar tarkibi o‘zgarganiga munosabat sifatida tahliliy maqola chop etildi. Maqola matni uff.uz saytiga ham joylashtirilgan.

Quyida ushbu maqola bilan tanishish mumkin.

"23 iyun kuni o‘zbek futbolida tarixiy o‘zgarishlar ro‘y berdi: shu paytgacha milliy terma jamoani boshqarib kelgan Mirjalol Qosimov O‘FFdagi navbatdagi yig‘ilishdan so‘ng lavozimini boshqa bir mutaxassis - Samvel Babayanga topshirdi.

Shu munosabat bilan biz muhim voqelikka ikki tomonlama nazar soldik. Ya'ni, Samvel Vyachevlavovichning MTJ bosh murabbiyligiga tayinlanishi qanday ijobiy va salbiy natijalarga olib kelishi mumkinligi haqida taxminlar qilib ko‘rdik.

«Plyus»lar

Samvel Babayanning terma jamoa bosh murabbiyligi vazifasiga tayinlanishining ijobiy jihatlari bisyor. Jumladan, u yosh iqtidorlarni o‘z vaqtida aniqlab, ulardan nafaqat raqobatbardosh, balki yetakchi jamoa tuza olishi mumkinligini «Paxtakor» misolida namoyish eta oldi. Babayan tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan klub tarkibini asosan yosh iqtidorlar evaziga shakllantirish siyosati dastlab tanqidlarga yuz tutdi. Ammo «sherlar» qisqa muddat ichida mamlakat chempionligini qo‘lga kiritib, bu boradagi shubhalar o‘rinsiz ekanini isbotlashdi.

Samvel Vyacheslavovich talabchan va mehnatkash murabbiy bo‘lgani holda qo‘l ostidagi futbolchilardan ham aynan shu sifatlarni talab qila oladi. Asosiysi, Babayan - haqiqiy ruhshunos. Zarur pallada har bir futbolchi bilan individual tarzda shug‘ullanib, uning ruhiy holatiga ijobiy ta'sir o‘tkazadigan kerakli so‘zni topa oladi. Bu sa'y-harakatlar «Paxtakor»ning so‘nggi mavsumlardagi muvaffaqiyatlarida muhim omil vazifasini o‘tadi. «Sherlar» kurashuvchanlik hissi, g‘ayrat-shijoat, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq borasida ham oliy ligada yetakchilardan hisoblanishadi.

Hozirda «sherlar»dan Jamshid Iskanderov, Igor Sergeyev, Yegor Krimets singari terma jamoa safiga nomzod futbolchilar mazkur xabardan quvonishgani tabiiy. Mabodo termamizning keyingi bahslarida bosh murabbiy ularni tarkibda ko‘rishni xohlab qolsa, o‘yindan avval berilgan ko‘rsatmalarni o‘zgacha ishtiyoq bilan bajarishlari turgan gap. «Paxtakor» klubida doimiy tartib va hamjihatlik hukmron. Murabbiy va futbolchilar bir-birlarini nigohlari orqali tushunishadi. Ushbu o‘zgarishlarda esa Samvel Vyacheslavovichning xizmatlari beqiyos. Umid qilamizki, mazkur uslub terma jamoamizga ham qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, har bir o‘yinga raqibning imkoniyatlarini to‘g‘ri chamalagan holda o‘ziga xos tarzda yondoshish, strategik nuqtai nazardan to‘g‘ri taktika tanlay olish, o‘yin vaqtida zarur o‘zgarishlarni kiritish evaziga jamoa o‘yinini kuchaytira olish xususiyatlari Samvel Vyacheslavovichda mujassam. O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, Babayanning hozirgacha to‘plagan tajribasi milliy terma jamoaning kelgusidagi g‘alabalari uchun zamin yaratishi ehtimoli yuqori.

Hozirgacha bosh jamoamizda ishlagan boshqa mutaxassislardan farqli tomoni, dangasa, tartib-qoidani mensimaydigan, ma'lum sababga ko‘ra formasini yo‘qotgan futbolchilar to mazkur nuqson-kamchiliklarni bartaraf etishmaguncha Babayan jamoa­si tarkibidan joy olisholmaydi. Aniqrog‘i, bir-ikkita uchrashuvda o‘z o‘yinini topa olmayotganlarga navbatdagi bir imkon berib, tavakkal qilish Samvel Vyacheslavovichga mutlaqo begona. U asosan yuqori sport formasiga ega futbolchilar xizmatidan foydalanadi. Bir so‘z bilan aytganda, termada faqat natija ko‘rsata oladiganlar o‘ynaydi. Mamlakat sharafini himoya qiladigan jamoa uchun esa bu omil g‘oyat muhim.

Yaxshi ma'noda tajovuzkor, bir nima talab qildimi, o‘sha niyati amalga oshmagunicha o‘zi ham tinmaydi, boshqalarni ham tinch qo‘ymaydi. Mazkur jihat milliy terma jamoaning o‘rtoqlik o‘yinlarini tashkil etish vaqtida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimiz bosh jamoasidagi mavjud muammoni hal qilishda yana bir bor mahalliy, ayniqsa, Babayan singari yuksak salohiyatga ega murabbiy xizmatiga tayanilayotgani bir jihatdan to‘g‘ri. Mundial va Osiyo kubogiga saralash bahslari o‘zining qizg‘in pallasiga kirib ulgurgan bir pallada xorijdan mutaxassis jalb etish maqsadga muvofiq emas. Binobarin, uning to o‘zbek futboliga ko‘nikib, terma jamoa libosini kiyishga munosib o‘yinchilarni saralaguniga qadar ko‘p vaqt yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin.

Shu jihatdan ham, futbolimiz yutuq va kamchiliklaridan yaxshi xabardor bo‘lgan Samvel Babayanning terma jamoa bosh murabbiyi lavozimiga loyiq ko‘rilishini to‘g‘ri qaror sifatida qabul qilsak, o‘rinli bo‘ladi.

«Minus»lar

Biz yuqorida Samvel Babayanning terma jamoa bosh­qaruvidagi taxminiy «plyus»lari haqida fikr yuritdik. Endi esa ro‘y berishi mumkin bo‘lgan «minus»lar borasida ham to‘xtalamiz.

Ochig‘ini aytish lozim, KXDRga qarshi o‘yindan, aniqrog‘i, kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng Mirjalol Qosimovning iste'foga chiqishini talab qiluvchilar soni keskin ko‘paydi. Ko‘pchilik hamkasblarimiz va muxlislarning keng jamoatchiligi terma jamoamizga xorijlik murabbiy olib kelinishini istashdi. Ammo O‘FF bu gal ham chet ellik mutaxassisga ehtiyoj sezmadi. Vaholanki, butun dunyo futboli tezlik va aqlli futbolga tayanib rivojlanayotgan bir vaqtda boshqalardan ortda qolmaslik uchun termamizni mahalliy emas, yevropalik biror-bir kuchli taktik salohiyatga ega murabbiy qo‘liga topshirganimiz ma'qul edi.

Ana, Yaponiya termasiga bir qarang! Yaponlar shundoq ham Osiyo­da yaqqol favoritlar biri va ular bizga o‘xshab, JCh-2018ga qanday chiqish mumkinligi haqida bosh qotirishmaydi. Ular uchun futbollarini jahon darajasiga olib chiqish muhimroq. Ana shunda jamoa o‘z-o‘zidan qit'ada yetakchilarning biri bo‘lib qolaveradi. Yaponlar shu maqsad yo‘lida nima qilishdi? Uzoq muhokamalardan so‘ng yevrofutbol havosida toblangan Vohid Xalilxojichni bosh jamoa murabbiyi qilib saylashdi. Tasodifni qarangki, yangi murabbiyning ilk o‘yini aynan termamizga qarshi o‘tdi va unda qanday natija qayd etilganini barchamiz yaxshi bilamiz. Lekin kuni kecha yaponlar Iroq termasiga qarshi maydonga tushishdi va shunday o‘yin ko‘rsatishdiki, bunday sifatli futbol bilan JCh-2018ga nafaqat chiqish, balki medallar uchun ham bemalol da'vo qilsa bo‘ladi. O‘sha o‘rtoqlik o‘yinida yapon futbolchilari birtepar uslubda xuddi robotlardek mukammal harakat qilishdi. Bu - murabbiyning ish samarasi bo‘lmay, nima?! Shunday ekan, biz ham yaponlardan o‘rnak olsak, bo‘lmasmidi?

Samvel Vyachevlavovichga hurmatni to‘la saqlagan holda aytamizki, murabbiy almashgani bilan terma jamoamiz o‘yinida va tarkibida keskin o‘zgarishlarni ko‘ra olmasak kerak. Ayniqsa, hujumlar va ularni samarali yakunlash borasida jiddiy rivojlanishdan umid qilish qiyin (terma jamoamiz esa aynan shu tomondan oqsayotgani hammaga ayon). Negaki, yangi bosh murabbiy ham hujum borasida aytarli maqtana olmaydi. Agar buning aksi bo‘lganida, «Paxtakor» OChL­da munosib ishtirok etgan bo‘lardi. Axir, poytaxtliklar ham vaziyatlardan unumli foydalanish borasida muammolarga uchraganini barimiz ko‘rdik, his qildik.

O‘yga toldiradigan sabablarning yana biri - yangi murabbiyning xalqaro maydonlardagi tajribasizligi. Zero, u «Paxtakor» murabbiyligini, boshqacha aytganda, jamoadagi barcha mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olganiga hali ko‘p bo‘lmadi va bu yilgi OChL bahslarida tajriba to‘pladi, xolos. Ming afsuski, ilk xalqaro turnirdagi natijalar maqtanishga arzimaydigan darajada.

Qolaversa, uning yangi vazifaga o‘tishi terma jamoaga nomzod «Paxtakor» futbolchilariga ham ijobiy, ham salbiy ta'sir qilishi ham mumkin. Chunonchi, qaysidir futbolchilar murabbiy ulardan nima istayotgani tezda ilg‘ab olishlari, yana ba'zi futbolchilar esa terma jamoadagi o‘rin kafolatlangandek o‘z ustlarida ortiqcha ishlamay qo‘yishlari ham ehtimoldan xoli emas.

Xulosa

Albatta, yuqoridagi fikrlar hozircha faqat taxminlar, xolos. O‘zgarishlardan so‘ng barchamiz uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lgan MTJning natijalari qanday bo‘lishini oliy hakam - vaqt ko‘rsatadi.

Umid qilamizki, ular bizni faqat quvontiradi. Aks holda, yangilanish va o‘zgarishlarning sodir bo‘lishidan ma'no qolmaydi. Bizga esa ana shu ma'no juda-juda ham kerak edi...

Top