15:12 / 05.07.2015
2465

Anatoliy Timoshchuk "Qayrat" jamoasiga o‘tdi

"Zenit"ning ukrainalik yarim himoyachisi Anatoliy Timoshchuk o‘z futbolchilik faoliyatini Qozog‘iston chempionatida davom ettiradigan bo‘ldi. U "Qayrat" jamoasi bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagan. Bu haqda Sport.kz xabar berdi.

"Qozog‘istonning eng yetakchi jamoalaridan biri bilan bitim imzolaganimdan xursandman. Menda bir qancha yaxshi takliflar bo‘lgandi, lekin men Olma-otada o‘ynashni tanladim. Bu shahar menga yoqadi. Qolaversa, bu shaharda futbol infrastrukturasi ham rivojlangan. Jamoa o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘ygan hamda men bu madsadlarning amalga oshirilishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman", deb bu qarorini izohlaydi Timoshchuk.

Ma'lumot uchun, Timoshchuk dastlab "Shaxtyor" jamoasida o‘zini ko‘rsatgan, 2007 yilda "Zenit"ga, 2009 yilda "Bavariya"ga o‘tgandi. 2013 yilda yana "Zenit"ga qaytgan ushbu futbolchi asosiy tarkibdan muqim o‘rin olmagach, piterliklar bilan shartnomasini uzaytirmadi.

36 yoshli ushbu futbolchi Ukraina terma jamoasida 140 marta maydonga tushgan, "Zenit" bilan ikki marta Rossiya chempioni bo‘lib, bir marta UYeFA Kubogini qo‘lga kiritgan.

Top