13:13 / 05.07.2015
40848

O‘zbek olimi dunyodagi eng katta masjidning imomiga aylandi

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon ibn Abdulaziz al-Saud butun dunyo musulmonlarining eng muqaddas ziyoratgohi hisoblangan Ka'batulloh – Masjid Al-Xaramning imomlari qo‘mitasi a'zosi, doktor shayh Hasan ibn Abdulhamid Buxoriyni Ramazon oyida Masjid Al-Haramda taravveh namozlariga imom qilib tayinladi.

Saudiya Arabistoni o‘zbek diasporasining atoqli vakili Buhoriy bir nechta tadqiqotlar va ilmiy kitoblar muallifi hisoblanadi. 2010-2011 yillarda Senegal, Gambiya va Nigeriyada arab tilidan saboq bergan. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, hozirda Saudiya Arabistonida 50 mingga yaqin o‘zbek yashaydi.

Masjid Al-Haram Makkada joylashgan bo‘lib, barcha musulmonlarning eng muqaddas ibodatxonasi hisoblanadi. Masjidning ichki hovlisida Ka'ba joylashgan. Ka'ba atrofida birinchi masjidning qurilishi 638 yilda amalga oshirilgan. O‘shandan beri masjid bir necha marta qayta qurilgan. Al-Haram masjidi bizning kunlardagi ko‘rinishida 1570 yilda qurilgan. Dastlab masjid 6 ta minoraga ega bo‘lgan, biroq Istanbulda Ko‘k masjidda ham 6 ta minora qurilgandan keyin, Makka imomi hech qaysi bir masjid musulmonlarning bosh masjidi Al-Haram bilan tenglasha olmasligi uchun buni shakkoklik deb atagan. O‘shanda sulton Ahmad masjidning 7-minorasini qurishga buyruq bergan.

Haj amalini ado etuvchilar soni yildan-yilga ortib borgani sababli, 1980 yilda masjidning janubi-g‘arbiy tomonida yana ikkita minoraga ega korpus barpo etilgan, yondosh hududlar kengaytirilgan.

Bugungi kunda Al-Haram 309 ming kv metr maydonga ega katta inshoot bo‘lib, 9 ta minora ega. Ularning har birining balandligi 95 metrni tashkil qiladi. Masjid ichiga 4 ta katta darvoza orqali kiriladi, ulardan tashkari yana 44 ta kichik eshiklar mavjud. Masjidda 7 ta eskalator ishlab turadi, havo esa yuzlab konditsionerlar yordamida yangilab turiladi. Masjid o‘z ichiga 700 ming kishini sig‘dira oladi.

Top