08:57 / 08.07.2015
4089

Agueroning otasi Chilida Messining oilasiga mahalliy muxlislar hujum qilgani voqeasini hikoya qilib berdi

Serxio Agueroning otasi Leonel Aguero 4 iyul kuni Santyago shahridagi "Nasonal Xulio Martines Pradano" o‘yingohida o‘tkazilgan Argentina va Chili o‘rtasidagi Kopa Amerika finali vaqtida tribunadagi chililik muxlislar Messining oila a'zolariga hujum qilishgani haqidagi xabarni tasdiqladi.

Uning guvohlik berishicha, o‘sha sektordagi argentinalik muxlislarning hech biri o‘yinni tinch o‘tirib, tomosha qila olishmagan.

"Men ularning yonida edim va biz butun o‘yin davomida xavotirda o‘tirdik. Leoning otasini bayroq bilan urishdi, onasini esa chililiklar tilidagi barcha yomon so‘zlar bilan haqoratlashdi va ularga javob qaytara olmadik. Keyin stadiondagi politsiya xodimlari bizni bexavotir boshqa joyga ko‘chirdi, lekin u joydan o‘yinni kuzatishning imkoni yo‘q edi. Ikkinchi taymni televizorda ko‘rdim. Messining oilasidagilarni har qadamda haqoratlashdi. Biz bundan juda xafa bo‘ldik", deb ma'lum qiladi katta Aguero Argentinadagi radiolardan biriga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, ushbu o‘yinda asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda hisob ochilmagach, penaltilar seriyasida mezbonlar 4:1 hisobida g‘alaba qozonishgan.

Top