12:32 / 11.07.2015
2322

Malayziya bosh vaziri MH17 halokati aybdorlari topilishini aytdi

Donetsk osmonida halokatga uchragan "Boing" bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda 11 iyul kuni Malayziya bosh vaziri Najib Razzoq o‘sha halokat qurbonlarini xotirlash marosimi vaqtida bu fojia aybdorlari topilishini ma'lum qildi. Bu haqda TASS nashri xabar bergan.

"Biz barmog‘imiz bilan ko‘rsatmaymiz. Lekin, biz bu fojianing asl aybdorlari kimligini aniqlashga yaqin kelib qoldik. Malayziya bu halokatni sodir etganlarning vahshiyligini, shafqatsiz va qoloqligini qattiq qoralaydi", deydi bosh vazir.

Uning qayd etishicha, aybdorlarni aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar shu yilning oxiriga qadar davom ettiriladi.

Najib Razzoq marhumlarni xotirlash marosimiga yig‘ilganlarga o‘z hukumati bu ishni ochiq qoldirmasligiga ishontirgan.
"Biz bu jarayonda yordam berishi mumkin bo‘lgan barcha bilan hamkorlik qilishga tayyormiz", deydi u.

Hodisa bo‘yicha tekshiruv ishlariga Niderlandiya rahbarlik qilmoqda. Bu jarayonga Malayziya bilan birgalikda Ukraina, Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya va Avstraliya tomonlari ham jalb etilgan. Niderlandiya Xavfsizlik Kengashi o‘z tekshiruvlarini yakunlagan hamda xulosalarni hamkor tomonlarga yuborgan. Bu hisobot shu yilning oktabrida e'lon qilinishi rejalashtirilgan.

Ma'lumot uchun, MH17 reysi bo‘yicha Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan samolyot Ukrainaning Donetsk viloyatida 2014 yilning 17 iyulida falokatga uchragan. Samolyotda 298 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan ko‘pchiligini Niderlandiya fuqarolari tashkil qilgan. Kiyev ushbu falokatda ayirmachilarni ayblagan, biroq ular samolyotni bunday balandlikda urib tushiradigan vositalarga ega emasliklarini aytib, bu ayblovni inkor etishgan. Niderlandiyada 2014 yilning sentabrida samolyot “ko‘p sondagi yuqori energetik obektlarning tashqi ta'siridan olingan shikastlanishlar” oqibatida qulaganini tasdiqlovchi dastlabki hisobot chop etilgan edi. Biroq bu obektlarning manbasini aniqlashga muvaffaq bo‘linmagan.

Top