12:15 / 17.07.2015
16976

Ramazon hayiti kunini belgilash masalasida izoh berib o‘tildi

O‘zbekiston musulmonlar idorasining matbuot xizmatida Muhammad Sharif Juman muallifligida yozilgan maqolada ayni vaqtda o‘zbekistonlik musulmonlar tomonidan Ramazon oyining qachon tugashi bo‘yicha boshlangan muhokamalarga javoban izoh berib o‘tildi.

"Qachon ramazon ro‘zasining boshlanishi va tugashining, haj tayin etilishining shartlari bor. Ramazon ro‘zasining boshlanishini aniqlash ramazondan bir oy oldin boshlanadi. Chunki oldin sha'bon oyining birinchi kuni aniqlanishi lozim. Sha'bonning yigirma to‘qqizinchi kuni shomdan oldin ramazon hilolini ko‘rishga chiqish vojib bo‘ladi. Agar shu kuni hilolni hamma ko‘rsa, ertasi kuni ramazon ro‘zasi tutiladi.

Ramazon hilolini hamma ko‘rishi juda kam bo‘ladigan holat. Havo bulutli yo chang bo‘lganidan hech kim ramazon hilolini ko‘rmasa, muftiy sha'bonni o‘ttiz kunga to‘ldirilishini va keyingi kun ramazon ro‘zasi boshlanishini e'lon qiladi. Ya'ni, bu holda ramazon ro‘zasi boshlanishini faqat muftiy e'lon qiladi.

Kuraybdan rivoyat qilinadi: “Ummu Fazl bint Horis meni Shomga Muoviyaning oldiga jo‘natdi. Shomga kelib, uning ishini bitirdim. Men hali Shomdaligimda Ramazon hiloli ko‘rinib qoldi. Biz uni juma kechasi ko‘rdik. So‘ng Madinaga keldim. Ibn Abbos mendan “Hilolni qachon ko‘rdinglar?” deb so‘radi. Men: “Juma kechasi ko‘rdik”, dedim. U: “Sen hilolni juma kechasi ko‘rdingmi?” dedi. Men: “Odamlar ko‘rishdi va ro‘za tutishdi. Muoviya ham tutdi”, dedim. U: “Biz esa shanba kechasi ko‘rdik. Endi o‘ttiz bo‘lguncha yoki hilolni ko‘rguncha tutamiz”, dedi. Men: “Sizga Muoviyaning ko‘rgani va ro‘za tutgani yetarli emasmi?” dedim. U: “Yo‘q, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga shunday buyurganlar”, dedi” (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).

Havo bulutli yo chang bo‘lganida bir kishi, shavvol hilolini ko‘rdim deb, ertangi kuni og‘zini ochmasligi lozim. Agar og‘zini ochsa, bir kun qazo tutib berishi vojib bo‘ladi. Agar bir qancha kishilar falon yurtda bugun ro‘zaning o‘ttizinchi kuni, ertaga hayit, ular bizdan bir kun oldin oyni ko‘rib, ro‘za tutishgan ekan, desalar, ertangi kuni og‘iz ochilmaydi, taroveh namozi ham qoldirilmaydi. Chunki ular, o‘zlari yo boshqalarning shavvol oyi hilolini ko‘rishgani haqida guvohlik berishmagan.

Ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e'lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.

Shayx Yusuf Qarazoviy aytadi: “... Bir yurt yoki bir shahar fuqarolarining bir-biridan ajralib, bir guruhi bugun ramazon deb ro‘za tutishi, boshqasi uni sha'bondan deb tutmasligi, oy oxirida esa, bir guruhi ro‘za tutib, bir guruhi hayit qilishi qabul qilinmaydigan bir holat.

Ulamolarning bu masaladagi ittifoqi shuki, hokimning hukmi yoki boshliqning qarori ixtilofli masalalarda ixtilofni to‘xtatadi. Agar bir musulmon yurtda yangi oy chiqishini aniqlashga mas'ul idora: oliy mahkama yoki fatvo hay'ati yoki diniy ishlar boshqarmasi yoki boshqasi ro‘za tutish yoki ro‘zani ochish bo‘yicha qaror chiqarsa, o‘sha yurt musulmonlari bunga itoat qilishlari, bo‘ysunishlari kerak. Chunki bu yaxshilik yo‘lidagi itoatdir. Garchi bu boshqa yurtda tasdiqlangan ishga xilof bo‘lsa ham. Chunki bu hukm “Har bir yurt ahli o‘zlari yangi oyni ko‘radilar”, degan qarashga asoslangan bo‘ladi”, deyiladi maqolada.

Top