16:39 / 18.07.2015
20217

Mashhur insonlarning oddiy xobbisi

Hayotda yuksak pog‘onalarga erishgan insonlarning qiziqishlari kishi e'tiborini tortishi aniq. Bugun sizga ana shunday mashhur insonlarning oddiy qiziqishlari haqida ma'lumot bermoqchimiz. Ishonchimiz komilki, beradigan ma'lumotlarimizdan olam-olam zavq olasiz.

Ilon Mask — Jyeyms Bondning ashaddiy muxlisi 

SpaceX, Tesla Motors va PayPal kompaniyalarining egasi, mashhur muhandis, ixtirochi Ilon Mask Jyeyms Bond bilan bog‘liq barcha turdagi buyumlarni yig‘ishga qiziqadi. Masalan, Ilon ushbu kino qaxramonining nilufar mashina-qayig‘i (Lotus Esprit 1977 yilgi)ga egalik qiladi. 

Uorren Baffett — gitarachi

Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng badavlat insonlari qatorida Uorren ikkinchi o‘rinda turadi. Uorren Baffett gitara cholg‘u asboblari to‘plamlarini yig‘ishni yaxshi ko‘radi. Bundan tashqari u gitarani juda yaxshi chaladi va jamoat oldida qobiliyatini namoyon etishdan tortinmaydi. 

Bill Geyts — kitobxon 

Microsoft kompaniyasi xo‘jayini o‘zining bergan intervyularidan birida tennisni yaxshi ko‘rishini aytib o‘tgan. Ammo uning kitob va kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbati barcha qiziqishlaridan ustun turadi. 

Billning shaxsiy kutubxonasi bo‘lib, unda faoliyat olib boradigan xizmatchi tez-tez kutubxonani nodir kitoblar bilan to‘ldirib turadi. Hattoki 1994 yilda qaxramonimiz 30,8 million dollarga Leonardo da Vinchining XV asrga oid qo‘lyozma asarini ham sotib olgan.   

Tomas Edison — parhezshunos

XX  asrda texnik ixtirolarning birortasi ham bu buyuk insonning kashfiyotlaridek ijobiy yutuqlar olib kelmagan. Edison telegraf, telefon, kinoapparat, fonograf kabi bir necha moslamalarni yaratib, ularni birmuncha mukammallashtirgan. Hattoki telefon go‘shagini ko‘targanda “Allo” deb so‘z boshlashni aynan Edisonning o‘zi taklif etgan. 

Tomas Edison bo‘sh vaqtlarida yana ovqatlanish tartibi, parhez va uning inson organizmiga foydali tomonlari haqida bir necha tavsiyalarni o‘qib o‘rgangan. 1930 yilda Edisonning o‘limiga qadar uning rafiqasi o‘z intervyusida “To‘g‘ri ovqatlanish, umr yo‘ldoshimning eng yaxshi xobbisidir”, deya takidlagan. 

Genri Ford — texnika muzeyi asoschisi 

Qaxramonimiz amerikaning afsonaviy avtomashinalar sanoati asoschisi hisoblanadi.  Genri Ford bir joyda mashhur binolar, mashina va haykallarning juda katta hajmdagi maketini to‘plash uchun katta miqdordagi pul tikadi. 1929 yilda hattoki u ochiq osmon ostida Greenfield Village nomi bilan tanilgan, hozirda esa Henry Ford Museum deya atalayotgan muzeyni tashkil etdi. 

Uolt Disney — temiryo‘lchi 

Uolt Disney poyezdni juda yaxshi ko‘rgan. Poyezdlarga bo‘lgan qiziqishi shunchalar kuchli bo‘lganki, Uolt Disneyning barcha o‘yin maydonlarida poyezd yo‘laklari bo‘lgan va qaxramonimizning ish joyida yirik paravozning maketi qad ko‘targan.  

Bundan tashqari Disneyning uyi atrofida ko‘prikka tutashgan temir yo‘l ham qurilgan va qahramonimiz uyiga tashrif buyurgan mehmonlarni aynan mana shu poyezda aylantirgan. 

Nikola Tesla — kaptarboz 

O‘z so‘zimiz bilan aytganda, “XX asr ixitrochisi”, radio, texnik robot va elektr quvvati uchun generator yaratgan ixtirochi Nikola Tesla kabutarlarni juda yaxshi ko‘rgan. U ertalabki sayr paytida yovvoyi kabutarlarga qaragan, bemor yotgan chog‘larida esa, ularga qaraydigan maxsus xizmatchi yollagan. Xizmatchilar kabutar va qushlarni boqib, ularga g‘amxo‘rlik qilgan. 

Mark Tsukerberg — har yili qiziqishlarini o‘zgartiradi 

Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Tsukerbergning qiziqishlari juda antiqa. Qahramonimiz har yili o‘z xobbisini o‘zgartiradi. Bu borada u shunday deydi: “Men har yili o‘z-o‘zimga tanaffus e'lon qilaman va o‘zim uchun yangilik yarataman. Dunyoning yana bir o‘zgarishlarini o‘zimda sinab ko‘rish istagi paydo bo‘ladi.  Masalan, men o‘tgan yili xitoy tilini o‘rgandim, bu esa menga ko‘p sohalarda o‘zining ijobiy samarasini berdi”.         

Kimgadir bu mashhur insonlarning qiziqishlari o‘z ishlaridan chalg‘ituvchi vositadek tuyulishi mumkin. Ammo bu fikr xato. Xatto eng shaxsiy vazifa va mas'uliyat ham vaqti-vaqti bilan o‘zgarishi, kuch va yangi g‘oyalar to‘plash uchun tanaffusga muhtojdir. Siz uchun kulgili va arzimas bo‘lib tuyulgan xobbilar ham aslida jiddiy yutuqlar va maroqli hordiq chiqarishga sabab bo‘ladi. Xo‘sh, sizning sevimli mashg‘ulotingiz bormi?

Top