07:06 / 23.07.2015
2732

Qirg‘iziston TIV: AQShning harakatlari tenghuquqli hamkorlikni shubha ostiga qo‘ymoqda

AQSh Davlat departamentining qirg‘izistonlik Azimjon Asqarovga “Inson huquqlari himoyachisi” mukofotini berish haqidagi qarori Bishkekda amerikalik hamkorlar harakatlarining o‘zaro hurmat asosida qurilganiga shubha uyg‘otdi. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi bergan bayonotda ma'lum qilinmoqda.

“Qirg‘izistonning barcha sud instansiyalari tomonidan 2010 yildagi fojiali voqealarda millatlararo adovatni yoqish, ommaviy betartibliklar tashkil etish, huquq-tartibot muassasalari xodimini o‘ldirishda ishtirok etish uchun sudlangan Asqarovning mukofotlanishi Qirg‘iziston va AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning mantiqqa asoslangani va teng huquqliligini shubha ostiga qo‘ydi”, deb aytilmoqda AQSh bilan hamkorlikning bekor qilinishi haqida Qirg‘iziston tomonidan qabul qilingan qaror bo‘yicha berilgan izohda.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Asqarovning mukofotlanishini “xalqning birligi va mamlakatda tinch-totuvlikni mustahkamlash jarayoniga rahna solishga qaratilgan omil” sifatida baholadi. “Ikki tomonlama munosabatlarga jiddiy ziyon Qirg‘iziston tomonidan solinmadi”, deyilmoqda izohda. Shu bilan birga, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi AQSh bilan kelgusidagi hamkorlik “o‘zaro hurmat va mantiqiylik asosida” rivojlanishiga umid bildirib qoldi.

Top