00:05 / 23.07.2015
2172

Shvetsiyalik siyosatchining yonidan yarim tonna dinamit topildi

Shvetsiyaning janubida joylashgan Falkenberg shahrida politsiya ikki kishini 550 kg dinamit va portlatgich to‘plamini saqlashda gumon qilib qo‘lga oldi, deb xabar berdi The Local nashri.

Qo‘lga olinganlardan biri Shvetsiyada immigratsiyaning cheklanishi uchun faol kurashuvchi va millatchilik doiralarida aloqalarga ega bo‘lgan, “Shved demokratlari” partiyasining mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish idorasi a'zosi bo‘lgan. Gumonlanuvchi qo‘lga olingandan keyin partiya safidan chiqarib yuborildi.

Ushbu shaxs dinamitni xarid qilganini rad etmoqda. Uning advokatining aytishicha, himoyasi ostidagi gumonlanuvchi dinamitga ish paytida duch kelgan. Ikkinchi gumonlanuvchi dinamitni tanishidan sotib olganini tan oldi.

Politsiyaning xabar berishicha, 4 avgustda gumonlanuvchilarga nisbatan ayblov qo‘yiladi. Ular dinamitni nima maqsadda ishlatmoqchi bo‘lganlari hozircha noma'lum qolmoqda.

Top