01:18 / 26.07.2015
13463

Minor masjidi oldida kelin-kuyovlarning sayr qilishlari ba'zi muammolarni keltirib chiqarmoqda

Toshkentda 2014 yilda serhasham Minor masjidi qad ko‘tardi. Masjid, uning yon-atrofida barpo etilgan mo‘'jaz bog‘ning go‘zalligi dilni yayratadi. Hozirda yana urfga kirayotgan nikoh to‘yidan keyin kelin-kuyovlarning shahrimizdagi go‘zal maskanlarga tashrif buyurib, sayr qilib, fotosuratlarga tushishi bu yerni ham chetlab o‘tmadi. Albatta, butun umrga esda qoladigan shunday kunda yoshlarimiz bu go‘shani uning guzalligi tufayli bejizga tanlashmayapti. Biroq ularning shu tashriflari oqibatida bu yerda yuz berayotgan muammolar ko‘ngilxiraliklarga sabab bo‘lmoqda.

Hammamizga ma'lumki masjid ochilgan 2014 yil oktabrdan beri masjid ziyoratiga mamlakatimizning turli burchaklaridan turli-tuman insonlar kelib-ketishayapti. Va bu holat hanuzgacha davom etayapti.

Yana bir holat esa bahorning issiq kunlaridan boshlab bu muqaddas dargohga kelin-kuyovlarning kechki payt ziyoratga kelishlari bo‘layapti. Albatta kechki payt xufton namozidan keyin masjid qo‘riqchilari tomonidan masjid eshiklari, masjid hovlisiga kiradigan eshiklar va avtoturargoh yopib qo‘yiladi va kelayotgan kelin-kuyovlar mashinalarini ko‘chaning chetida qo‘yib, masjid atrofini aylanishadi. Ammo shu aylanishlarini o‘zi ham masjid xizmatchilarining ishlarini ancha qiyinlashtirmoqda. Chunki kelin-kuyovlar bilan birga bu yerga har xil insonlar tashrif buyurishmoqda. Hatto ichlarida mast qiluvchi ichimliklarni ichib olgan sarxushlari ham bor.

Masjid atrofidagi ko‘zni quvontirib turgan ko‘kalamzor hudud va yam-yashil daraxtlarni parvarish qilish masjid xodimlariga oson bo‘layotgani yo‘q va bu ancha mehnat talab qilayapti. Kechki payt kelin-kuyovlarga qo‘shilib kelayotgan insonlar (ayniqsa yigitlar) bu ko‘kalamzor hududlarni toptash, ifloslantirish holatlari va ko‘chada shovqin-suron qilish, mashinalarni signallarini chalib, shovqin ko‘tarib haydash kabi holatlar har kun bo‘lmasada, kunora yuz berib turibdi. Ochig‘i kelin-kuyovlarni bu yerga ziyoratga kelishdan qaytarishni iloji yo‘q. (Har holda bu huquq masjid xizmatchi va qo‘riqchilarga berilmagan, ammo umid qilamiz bu masalani huquqni himoya qilish organlari va hokimiyatdagilar ko‘rib chiqishadi va nimadir chora ko‘rishadi.) Ammo biz iltimos qilardik o‘sha to‘y sohiblaridan, bu yerga ziyoratga kelayotgan kelin-kuyovlarga qo‘shib yoshi kattaroq va yoshlarga gapi o‘tadigan bir insonni qo‘shib jo‘natishsa va o‘sha inson kelin-kuyov bilan birga keladigan yosh-yalanglarni tartib bilan olib kelib, olib ketsa. Shunda masjid xizmatchilarini yumushlari va asabbuzarliklari biroz kamayarmidi. Chunki ba'zi kunlar hatto 15-20tagacha kelin kuyovlar kelishmoqda. Har bir kelin-kuyovning yonida kamida 10-15 odam qo‘shilib kelishini hisobini olsak, har kuni kechki payt oddiy ziyoratchilardan tashqari kelin-kuyovlar bilan umumiy qancha odam kelishi oydinlashadi.

Shuni ta'kidlashni xohlardikki, shu kungacha masjid xodimlari bu yerga ziyoratga keladiganlarga o‘zaro hurmat-izzat bilan murojaat qilib namuna ko‘rsatishayapti, ammo bu hurmat-izzatni boshqacha tushunib, Xudoni tanimaslik oqibatida bu xodimlarni so‘kib, haqorat qilib ketayotgan insonlar ham ming afsuslar bo‘lsinki, uchrab turibdi.

Quyida masjid atrofini aylanib yurgan kelin-kuyovlarning rasmlarini ularning haq-huquqlarini poymol qilmagan holda, hech kim tanimaydigan holatda uzoqdan tushirib qo‘ydik. E'tibor bersangiz bir kadrda 2-3talab kelin kuyovlar tushib qolishgan. Hali bu bir kadrda tushgani va o‘sha paytda masjid atrofida kamida 5-7ta kelin-kuyov oz odamlari bilan aylanib yurgan bo‘lishadi. Biz yuqoridagi taklifimizni iltimos tariqasida so‘raymiz.

Hurmatli kattalar va to‘y sohiblari!
Bu yer Allohning bayti hisoblanadi va iloji bo‘lsa turmush qurayotgan arzandalaringizni bu yerga "aylanishga" kelishdan qaytaring, chunki bu yerga ular bilan har xil odamlar ham qo‘shilib kelishmoqda. Agar buning iloji bo‘lmasa hech bo‘lmaganda ularga yoshi kattaroq bir insonni hamroh qilib jo‘nating va o‘sha odam kelin-kuyov va ular bilan qo‘shilib kelayotgan yoshlarning hatti-harakatlarini nazorat qilib, ularni tartib bilan kelib-ketishlarini, ko‘chada yurishlarini nazorat qilishsin. Keyin bu yerga kelishda mast qiluvchi ichimliklarni ichib mast va sarxush bo‘lgan insonlarni bu yerga kelishdan qaytarishsin. Bu bizni sizga iltimos bilan qilgan omonat murojaatimizdir.

Agar shu iltimosimizni inobatga olib, ijrosiga kirishar ekansiz, biz bundan xursand bo‘lamiz va siz haqingizda g‘oyibona duodamiz.
(O‘quvchilarimizdan ham iltimosimiz bu postni ko‘pchilik bilan baham ko‘rishlaringni hohlardik. Insha Alloh buni savobini sizlar ham olasizlar!)

Manba: www.facebook.com/pages/Minoruz

Top