19:01 / 26.07.2015
4495

Saakashvili qo‘shiqchi Timatining Odessaga kelishiga qarshiligini bildirdi

Odessa viloyati gubernatori Mixail Saakashvili Odessa shahridagi "Ibitsa" klubi Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning yaqin do‘sti bo‘lmish rossiyalik reper Timatini konsert o‘tkazish uchun taklif etganini tushunmasligini bildirdi.

U Timatining shaharga kelishiga qarshiligini bildirdi.

"Ukraina ozodligini giyohvandlik bilan tenglashtirganlarga Ukraina sahnalarida joy bo‘lmasligi kerak. Men "Ibitsa"ni yaxshi klublardan biri sifatida bilaman. Timatini esa Rossiyaning agressiyasini to‘la qo‘llab-quvvatlaydigan, qolaversa Donbassda qo‘lini qonga botirgan Ramzan Qodirovning hamtovoqlaridan biri sifatida bilaman. Uni nega taklif qilganingizga tushunmayapman", deb yozadi Saakashvili o‘z feysbukida.

U qo‘shimcha sifatida, Odessaga Zemfira, "DDT" va Makarevich kabilar kelsa, ularni xursandchilik bilan kutishini ta'kidlab o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, biroz oldinroq Zemfira Tbilisidagi konserti vaqtida muxlislardan biri uzatgan Ukraina bayrog‘ini hilpiratgan holda qo‘shiq kuylagandi.

Top