11:48 / 28.07.2015
3954

Kurd jangarilari Turkiya sharqidagi jandarmeriya bo‘limini o‘qqa tutdi

Turkiya jandarmlari Arzirum viloyatidagi bo‘linmaga hujum uyushtirgan uch nafar jangarini yo‘q qildi. Ularning Kurdiston ishchi partiyasiga aloqadorligi aytilmoqda. Mahalliy televideniye orqali xabar berilishicha, kelib chiqqan otishmada uchala jangari ham o‘ldirilgan.
Hujumdan so‘ng voqea joyiga qo‘shimcha kuchlar yuborilgan. Havo kuchlari ham ishga jalb qilingan.
Shu bilan birga, mamlakat janubi-sharqidagi Mush viloyatida jangarilar jandarmeriya garnizoni komandirining mashinasini o‘qqa tutgan. Mashinada uning rafiqasi va bolasi bo‘lgan. Ularga ziyon yetmagan, ammo zobitning o‘zi olingan jarohatlardan vafot etgan.
Bundan tashqari, dushanba kuni Van viloyatidagi avtotrassada jandarmlar va jangarilar o‘rtasida otishma yuzaga keldi. Ekstremistlar yo‘lni to‘sib qo‘yib, haydovchilarning hujjatlarini tekshirib, “shubhali”larni o‘tkazishmagan. Ular bitta yuk mashinasiga o‘t qo‘ygan. Voqea joyiga yetib kelgan jandarmlarga qarata avtomatik qurol va granatomyotlardan o‘q uzilgan. Jinoyatchilar yaqin atrofdagi tog‘larga berkinishga ulgurgan, ularni qidirish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlab yuborilgan.

Top