09:38 / 30.07.2015
6068

Meksika shimolida bir oilaning sakkiz a'zosi o‘ldirib ketildi

Meksikaning shimolidagi Chiuaua shtatida bir oilaning sakkiz a'zosi noma'lum qurolli jinoyatchilar tomonidan o‘ldirib ketildi. Shtat rasmiylarining xabar qilishicha, halok bo‘lganlarning ikki nafari bolalar bo‘lgan.

Prokuratura bergan ma'lumotlarga qaraganda, Martineslar oilasining to‘qqiz a'zosi yakshanba kuni kechasi Kasa Kemada tumanida o‘g‘irlab ketilgan. Bu hudud “Oltin uchburchak” deb atalib, unda Meksika mafiyasi nasha plantatsiyalarini tashkil qilgan.

O‘g‘irlanganlardan bir qochib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng keng miqyosli operatsiya o‘tkazilib, qidiruv ishlari boshlab yuborilgan, ammo olib qochilganlarning jasadlarigina topilgan. Seshanba kuni beshta, chorshanba kuni esa yana uchta tana topilgan. Ularning boshlari tanalaridan judo qilingan edi. Halok bo‘lganlarning ikki nafari 15ga to‘lmagan o‘smirlardir.

Chiuaua shtati jinoiy guruhlar o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilik nuqtasi hisoblanadi, negaki AQSh chegarasida joylashgan ushbu hudud giyohvand moddalari tranzitida muhim o‘rin tutadi. Shtatning eng yirik shahri – Syudad-Xuares 2006-2012 yillarda dunyoning eng xavfli shaharlaridan biri hisoblangan. 2009 yilning o‘zida u yerda 3 ming kishi o‘ldirilgan edi.

Ayni kunlarda shtatda vaziyat biroz yaxshilangani aytilmoqda. Shunga qaramay, shu yilning iyul oyi boshida AQSh chegarasidagi Gvadelupa munitsipalitetida jinoiy guruh a'zolari mahalliy politsiyaning oxirgi vakili Xoakin Ernandesni o‘ldirib ketishdi. 14 yoshli o‘g‘li bilan patruldan qaytayotganida u tuzoqqa tushib, o‘qqa tutildi, natijada o‘zi ham, o‘g‘li ham o‘ldirildi.

Top