15:51 / 30.07.2015
3927

O‘zbekiston fuqarosi Boshqirdistonda narkobiznes tashkil qildi

O‘zbekiston fuqarosi Boshqirdistonda narkobiznes tashkil qildi. Bu haqda ToDay News Ufa nashri mintaqa tergov xizmati matbuot bo‘limiga tayangan holda ma'lumot bermoqda.
Aytilishicha, bir guruh shaxslar Ishimboy tumanida sintetik giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi va 27 yoshli mahalliy tadbirkor ushbu guruhga asos solib, yana uch nafar Rossiya fuqarosi ko‘magida giyohvand moddalar savdosini tashkil qilgani aniqlandi.
Dispetcherlik vazifasini o‘zbekistonlikning rafiqasi amalga oshirgan. U internet orqali giyohvandlar bilan muloqot qilib, ularga mobil va elektron hamyonlar raqamini aytgan, hamyonlarga pul tushgach, mahsulotni qanday olish mumkinligini tushuntirgan.
Ijaraga olingan garaj binosida moddalar qadoqlanib, saqlangan. Ular saqlanadigan bir qancha yashirin omborlar bo‘lgan.
Garajda o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida xavfsizlik xodimlari jinoiy guruh a'zolarini qo‘lga oldi. U yerdan 140 g sintetik modda, shuningdek, qadoqlash uskunasi topildi.
Voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Top