08:06 / 31.07.2015
2714

Lexus katta sportkupeni sinovdan o‘tkazmoqda

Lexus kompaniyasi BMW 6-Series va Mercedes-Benz S-Class modellariga raqobat tashkil qila oladigan katta o‘lchamdagi sportkupeni yo‘l sinovlaridan o‘tkazishni boshladi.
Ushbu LF-LC deb nomlanuvchi kontsept-karning ilk josuslik suratlarini Instagram’da The Smoking Tire loyihasining bosh prodyuseri Mett Fara chop etdi.

Ikki eshikli yangi model haqidagi rasmiy ma'lumotlar hozircha sir saqlanmoqda. Yangi model Tokio avtosalonida kuzda ilk bor namoyish qilinadigan keyingi avlod LS sedani shassisida qurilishi taxmin qilinmoqda.

2014 yilning noyabrida “Leksus” AQSh, Kanada va Avstraliyada yangi sportkarga berilishi kerak bo‘lgan LC 500 va LC 500h nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu belgilashlar model an'anaviy benzinli dvigatel va gibridli dvigatel bilan ishlab chiqarilishini anglatadi.

Taxmin qilinishicha, modelning birinchi modifikatsiyasi 480 ot kuchiga ega 5 litrli 8 silindrli dvigatel bilan jihozlanadi. Modelning benzin-elektr dvigatelli varianti haqida aniq ma'lumotlar berilmagan. Bu gibrid kuch qurilmasining quvvati 500 ot kuchidan oshishi taxmin qilinmoqda.

Lexus LF-LC kontseptual kupesi 2012 yilda Detroyt avtosalonida namoyish qilingan. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu prototip 506 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan.

Top