17:56 / 02.08.2015
2295

Turkiya armiyasi aviahujumlar Qandilda tinch aholiga zarar yetkazmaganini aytdi

Turkiya harbiy havo kuchlari shanba kuni Qandilda Kurdiston ishchi partiyasining jangarilari bazasiga zarba berdi, bunda tinch aholiga zarar yetkazilmadi. Bu haqda Turkiya qurolli kuchlari bosh shtabi bayonot berdi.
1 avgust kuni Firat axborot agentligi aviahujum paytida Iroqning tog‘li Qandil tumanidagi Zarkala qishlog‘ida 10 kishi halok bo‘lganini ma'lum qildi. Aytilishicha, yana 15 kishi jarohat olgan. Ammo axborot Turkiya armiyasi tomonidan inkor qilinmoqda.
“Matbuotda paydo bo‘lgan axborot o‘rganib chiqildi. Zarba berilgan obekt qishloq bo‘lmay, ayirmachi terrorchi tashkilotining bazasi edi. Zarba zonasi ichida va uning yaqinida fuqarolik obektlari yo‘q edi”, – deyiladi bayonotda.
Bosh shtabning ta'kidlashicha, KIPning mamlakat ichidagi va tashqarisidagi qarorgohlari foto va videomateriallar yordamida sinchiklab o‘rganiladi.
29 iyul kuni Iroq vakillik kengashi Turkiyadan mamlakat hududida aviahujumlar uyushtirishni to‘xtatishni talab qildi. Bu “respublika suverenitetini qo‘pol tarzda buzish” deb baholandi. “Turkiya harbiy havo kuchlarining Iroqning chegara tumanlaridagi hujumlari mamlakat mulkiga ziyon keltirdi, tinch aholining o‘limiga sabab bo‘ldi”, – deyiladi kengash notasida.

Top