19:27 / 04.08.2015
4377

O‘zbekiston Ozarboyjonga bug‘doy yetkazib berishni boshlashi mumkin

O‘zbekiston joriy yilning o‘zida Ozarboyjonga bug‘doy mahsulotini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Bu haqda O‘zbekistonning Bokudagi elchisi maslahatchisi Jahongir Aminov ma'lum qilgan.

U jurnalistlarning savollariga javob berish chog‘ida O‘zbekiston va Ozarboyjon tomonlari qariyb 200 turdagi mahsulotlar savdosi bo‘yicha hamkorlik qilish masalasini muhokama qilishgani haqida aytgan.

Elchi maslahatchisining qayd etishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston Ozarboyjonga avtomobil qismlari, qishloq xo‘jalik buyumlari, rangli metallar, farmatsevtik vositalar va o‘g‘itlash vositalarini eksport qiladi.

O‘z navbatida Ozarboyjon O‘zbekistonga neft va kimyo mahsulotlari, mexanik buyumlar hamda qandolatchilik mahsulotlarini yetkazib beradi.

Jahongir Aminovning aytishicha, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘zaro ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish borasida katta istiqbolga ega hisoblanadi. Ozarboyjondan

O‘zbekistonga gilam va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilinishi mumkinligi aytilgan.

Qayd etilishicha, 2015 yilning oxirigacha ushbu mahsulotlar o‘zaro eksport va import qilinishi boshlanishi mumkin.

Top